Edin Jeko Bosniya va Gersegovina terma jamoasi safidagi so‘nggi uchrashuvini o‘tkazadi. 40 yoshli hujumchi 2 oktyabr kuni Zenisada Shvesiyaga qarshi Millatlar ligasi 3-tur bahsida maydonga tushadi.
Qariyb 20 yillik terma jamoadagi faoliyati davomida Jeko 151 ta uchrashuvda qatnashib, jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purar, sardor va Bosniya futbolining asosiy timsollaridan biriga aylandi.
"2 oktyabr kuni Shvesiyaga qarshi uchrashuvda milliy terma jamoamiz safidagi so‘nggi o‘yinimni o‘tkazaman. Faoliyatimda hech narsa har safar ushbu futbolkani kiyganimda his qilgan faxr tuyg‘usi bilan tenglasha olmaydi", — deb yozdi Jeko ijtimoiy tarmoqlarda.
Uchrashuvning 11-daqiqasida BH Fanaticos muxlislar guruhi xalqaro faoliyati davomida 11-raqamda to‘p tepgan futbolchi sharafiga maxsus aksiya o‘tkazadi.
Final hushtagidan so‘ng Jeko bilan xayrlashuv marosimi bo‘lib o‘tadi. Unda faxriy yo‘lak tashkil qilinadi va futbolchiga esdalik sovg‘alari topshiriladi.
Shuningdek, muxlislar uchrashuvga yumshoq o‘yinchoqlar olib kelishga chaqirildi. O‘yindan keyin ular Bosniya va Gersegovina bo‘ylab bolalar uylariga tarqatiladi.













