"Bavariya" yarim himoyachisi Tom Bishof Germaniya terma jamoasi safidagi ilk golidan keyingi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
21 yoshli futbolchi Millatlar ligasida Serbiyaga qarshi uy uchrashuvida Germaniyaning 2:0 hisobidagi g‘alabasiga hissa qo‘shdi. Yosh yarim himoyachi 39-daqiqada hisobni ochdi.
"Bu hissiyotni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Bugun stadion shunchaki yonib ketgandek edi. Biz oxirigacha yuqori konsentrasiyani saqladik va yana bir-ikkita gol urishimiz ham mumkin edi.
Juda yaxshi o‘yin bo‘ldi, ko‘plab vaziyatlar yaratdik. Golimdan keyin nihoyatda xursand bo‘ldim, ammo uni sirpanib nishonlaganim uchun hozir tizzalarim og‘riyapti", — deya Bishofning so‘zlarini Bayern & Germany keltirdi.
Serbiyaga qarshi uchrashuv "Bavariya"ning iqtidorli futbolchisi uchun Germaniya terma jamoasi safidagi atigi ikkinchi o‘yin bo‘ldi. U milliy jamoada o‘tgan yilning iyun oyida debyut qilgan edi.













