Angliya futbolida fojiali xabar — "Manchester Siti"ning sobiq iqtidorli futbolchisi Kortni Meppen-Uolters 32 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.
O‘tgan o‘n yillik boshlarida u katta umid bildirgan futbolchilardan biri edi. Meppen-Uolters Angliya yoshlar terma jamoasiga ham chaqirilgan va hatto jamoa sardori bo‘lgan.
Biroq 2012 yil sentyabrida sodir bo‘lgan og‘ir avtohalokat uning hayoti va faoliyatini keskin o‘zgartirib yubordi. Ikki kishi halok bo‘lgan avariya vaqtida u endigina 18 yoshga to‘lgan edi. Meppen-Uolters 16 oyga ozodlikdan mahrum qilindi.
Shundan so‘ng "Manchester Siti" u bilan shartnomani uzaytirmadi va yosh futbolchi faoliyatini deyarli boshidan boshlashga majbur bo‘ldi.
Keyingi yillarda u asosan quyi ligalarda o‘ynab, faoliyatini tiklashga harakat qildi. Meppen-Uolters bir qator klublarda, jumladan "Karlayl Yunayted" va "Stokport" safida to‘p surdi. So‘nggi vaqtlarda esa o‘zining tug‘ilgan shahri jamoasi "Beri" sharafini himoya qilayotgan edi.
Futbolchining o‘lim sababi hozircha ma’lum qilinmagan.













