Fransiya terma jamoasining ikki hujumchisi — Usmon Dembele va Kilian Mbappe o‘rtasidagi taranglik hamon saqlanib turibdi.
Avvalroq Dembele bu mavzu OAV tomonidan ortiqcha bo‘rttirilayotganini va u bu haqda gapirishni istamasligini aytgan edi. Biroq L'Équipe ma’lumotiga ko‘ra, futbolchilar o‘rtasidagi munosabatlar hanuz murakkabligicha qolmoqda.
Manbaning ta’kidlashicha, Mbappe ular o‘zaro gaplashib, barcha masalalarni hal qilib olganini aytganidan keyin Dembelening atrofidagilar hayratda qolgan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, aslida futbolchilar o‘rtasida hech qanday suhbat bo‘lmagan.
Shunga qaramay, «PSJ» hujumchisi mojaroni yanada kuchaytirishni istamagan va matbuot anjumanida vaziyatni yumshatishga harakat qilgan.
2 oktyabr kuni Fransiya terma jamoasi Millatlar ligasi uchinchi turi doirasida o‘z maydonida Italiyani qabul qiladi. Uchrashuv soat 23:45 da boshlanishi rejalashtirilgan.













