Londonning «Fulxem» klubi hujumchisi Gonsalo Garsiya Angliya Premyer-ligasining boshqa jamoalari qiziqish doirasiga tushgan. Bu haqda 442 portali xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, 22 yoshli ispaniyalik futbolchiga «Arsenal» va «Aston Villa» qiziqish bildirmoqda. Biroq «Fulxem» hujumchini yanvar oyida sotish variantini butunlay istisno qilmoqda, chunki klub unga uzoq muddatli istiqbolda ishonch bildirmoqda.
Shuningdek, kelajakda Madridning «Real» klubi o‘z tarbiyalanuvchisini qaytarib olishi mumkin. «Qirollik klubi» Garsiyani qayta sotib olish huquqiga ega. Bundan tashqari, agar «Fulxem» futbolchini boshqa klubga sotsa, transfer summasining 30 foizi «Real»ga tegadi.
Garsiya o‘tgan yozda «Real»dan «Fulxem»ga o‘tgan va 2031 yilga qadar shartnoma imzolagan. U London klubi safida yettita uchrashuvda maydonga tushib, ikkita gol urdi.













