Germaniya terma jamoasining sobiq futbolchisi Tomas Myuller 2014 yilgi jahon chempionati yarim finalida Braziliya ustidan 7:1 hisobida qozonilgan tarixiy g‘alabani esladi.
«Tanaffusda kiyinish xonasida bir-birimizga qarab: «Nima bo‘lyapti?!» deb o‘yladik. Yoaxim Lyov bizga hech qanday ahmoqona harakatlarni ko‘rishni istamasligini aytdi. Hech qanday fintlar, tovon bilan uzatmalar bo‘lmasligi va Braziliya terma jamoasini o‘yin oxirigacha hurmat qilishimiz kerakligini ta’kidladi», — deya Myullerning so‘zlarini The Touchline keltirmoqda.
O‘sha uchrashuv taqdiri amalda birinchi bo‘limdayoq hal bo‘lgan edi — Germaniya tanaffusga 5:0 hisobida ustunlik bilan chiqqan. E’tiborlisi, jahon chempionati aynan Braziliyada o‘tkazilayotgan edi.
O‘sha kuni Germaniya safida Tomas Myuller, Miroslav Kloze, Toni Kroos ikki marta, Sami Xedira va Andre Shyurrle ikki marta gol urgan. Braziliyaning yagona goliga esa Oskar mualliflik qilgan.













