Angliya Premyer-ligasida sentyabr oyining eng yaxshi futbolchisi aniqlandi. Sovrin «Brayton» yarim himoyachisi Paskal Grossga nasib etdi.
35 yoshli Gross ushbu mukofotni qo‘lga kiritgan eng katta yoshli futbolchilar orasida oltinchi o‘rinni egalladi. Undan kattaroq yoshda bu sovrinni Pol Skoulz, Janfranko Dzola, Krishtianu Ronaldu, Teddi Sheringem va Styuart Pirs qo‘lga kiritgan. Bu haqda APL matbuot xizmati xabar berdi.
Paskal Gross sentyabr oyida «Brayton» safida Angliya chempionati doirasida uchta o‘yinda maydonga tushdi. U ushbu uchrashuvlarda ikkita gol urdi va uchta golli uzatmani amalga oshirdi.
«Brayton» beshta turdan so‘ng 10 ochko to‘plab, Premyer-liga turnir jadvalida uchinchi o‘rinni egallab turibdi.













