Kilian Mbappe Fransiya terma jamoasi qarorgohida olgan jarohatidan tiklanayotgan edi. Yulduz futbolchi Parijdagi tungi klublardan birida sevgilisi bilan birga ko‘rinib qoldi.
Avvalroq matbuotda «Real» Mbappega vatanida dam olishga ruxsat bergani haqida xabarlar tarqalgan edi. Bunga sabab futbolchiga ayni paytda tinchlik va dam olish kerakligi, uning klub bazasida bo‘lishi esa shart emasligi bilan izohlangan.
Shunga qaramay, Mbappe tanqidlarga duch keldi. Muxlislar va jurnalistlar fransiyalik futbolchining professionalligi masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi.
Marca jurnalisti David Sanches Mbappeni tanqid qilganlardan biri bo‘ldi. Uning fikricha, Kilian «Real» bazasiga qaytib, tiklanish dasturi bo‘yicha ishlaganida muxlislarning hurmatini qozonishi mumkin edi. Biroq hujumchi ko‘ngilochar maskanlarda ilk bor ko‘rinayotgani yo‘q va bu uning imijiga salbiy ta’sir qilmoqda.
Cope radiosida chiqish qilgan Xuanma Kastanyo ham shu fikrni qo‘llab-quvvatladi. Uning aytishicha, Mbappe «Real»ga qaytib, muxlislarga klubga sadoqatini ko‘rsatuvchi muhim ishora berishi kerak edi.
«Real» navbatdagi uchrashuvini 10 oktyabr kuni «Vilyarreal»ga qarshi o‘tkazadi.













