Krishtianu Ronaldu Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Jorje Jezush bilan bo‘lgan mojaroga nima sabab bo‘lgani haqida gapirdi. Bu qandaydir insayd ma’lumot yoki taxmin emas: bu voqea ishtirokchisining ochiq bayonoti.
Bayonot matni katta bo‘lib, qisqacha mazmuni quyidagicha:
“2026 yilgi Jahon chempionatidan so‘ng, men terma jamoadan ketishni rejalashtirgan edim, ammo federasiya prezidenti mendan qolishimni so‘radi. Men Jezushning Portugaliya bosh murabbiyi etib tayinlanishini qo‘llab-quvvatladim. Murabbiy menga umid qilayotganini aytdi va mashg‘ulotlar rejamni oldindan bayon qildi.Norvegiyaga qarshi o‘yindan oldin murabbiy kutilmaganda mendan 30 daqiqa o‘ynashimni so‘radi. Men rozi bo‘ldim, tanaffusdan keyin qizib olish mashqlarini boshladim, lekin maydonga tushmadim. U menga bergan va’dasini buzdi.Ikki kundan keyin biz Jezush gaplashib, kelishib oldik: u yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha omma oldida tushuntirish berishi va maydonga tushishni mendan aynan u so‘raganini aytishi kerak edi. Hatto ommaga aytiladigan gaplarning matni bo‘yicha ham kelishib oldik. Ammo matbuot anjumanida Jezush butunlay boshqacha gap aytdi. Bu uning va’dasini ikkinchi marta buzishi edi.SHundan so‘ng men terma jamoa yig‘inini tark etdim. Men bunday qilmasligim kerakligini tushunaman va jamoadoshlarim hamda muxlislardan uzr so‘rayman. Men sardorman va federasiyaning har qanday jazosini qabul qilishga tayyorman.Ammo men terma jamoadagi faoliyatimga chek qo‘ymayman. Agar sog‘lom bo‘lsam, klubimda o‘ynashda davom esam, ehtimoliy diskvalifikasiyani o‘tab bo‘lganimdan keyin terma jamoa chaqiruvi uchun ochiq bo‘laman. Xayrlashuv o‘yini bo‘ladi, ammo hozircha men terma jamoada o‘ynashda va g‘alaba qozonishda davom etmoqchiman”.
Krishtianu, shuningdek, Jezush bilan kelishib olgan matnini ham e’lon qildi. Krishtianuning so‘zlariga ko‘ra, Jorje bularning barchasini Daniyaga qarshi o‘yindan oldingi matbuot anjumanida aytishi kerak edi.
1.“Men Krishtianuga bu mavsumda terma jamoa o‘yinlarida ishtirok etish rejasini taklif qilganman. Bu uzoq va juda yaxshi suhbat bo‘ldi”.
2. “Men uning terma jamoani qanchalik sevishini va ketma-ket 24 yil davomida unga qanday ta’sir ko‘rsatganini bilaman”.
3. “Krishtianu men taklif qilgan rejani qabul qildi”.
4. “U hech qachon mening qarorlarim bo‘yicha bahslashmagan. U o‘zini namunali, fidoiy va professional kabi tutdi”.
5. “Norvegiyaga qarshi o‘yinda aslida uni maydonga tushirmoqchi emasdim, lekin men Krishtianuning jismoniy holati yaxshi ekanini ko‘rdim va uni maydonga tushirishim mumkinligi haqida ogohlantirdim. U rozi bo‘ldi”.
6.“Men Pele yoki Maradona darajasidagi o‘yinchini qizib olish mashqlarini bajarishga yuborib, keyin uni maydonga tushirmaganimda xato qildim. Hozir bunday qilmasdim”.
7. “Men Krishtianuni terma jamoada ko‘rishni istayman. Nafaqat xohlayman, balki chin dildan shuni istayman. U ham menga ishonadi”.
8. “Muxlislarni olqishlashga bormagani haqida biz allaqachon gaplashib olganmiz. Milliy terma jamoada 230 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan futbolchi Portugaliyani qanday yaxshi ko‘rish kerakligi haqidagi mening saboqlarimga muhtoj emas. U shunchaki xafa bo‘lgandi, bu holat uning mehnatlariga soya sola olmaydi”.
Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi yuqoridagi gaplarni matbuot anjumanida aytmadi. Buning o‘rniga u shunday dedi: “Men bugun mashg‘ulot o‘tkazaman va agar hamma narsa reja bo‘yicha ketsa, Gonsalo Ramos o‘ynaydi. o‘yin davomida nima bo‘lishini bilmayman. Hech kim bilmaydi. Agar bizga Ronaldu kerak bo‘lsa, u o‘ynaydi. Agar kerak bo‘lmasa, u o‘ynamaydi”.
Mojaro qachon yuzaga keldi va voqealar qanday rivojlandi
Ronaldu va Jezush Uelsga qarshi o‘yingacha bir-birlaridan juda mamnun edilar. Keyin Jezush Krishtianu Norvegiyaga qarshi, albatta, o‘ynashini aytdi: “U asosiy tarkibda maydonga tushmasa ham, albatta o‘ynaydi”. Ammo Krishtianu zaxiradan ham maydonga tushirilmadi.
Shundan so‘ng Ronaldu ikkita mashg‘ulotni o‘tkazib yubordi va ikkinchisidan keyin mojaro haqida xabarlar paydo bo‘ladi boshladi. Federasiya prezidenti Pedro Proensa murabbiy va futbolchi o‘rtasida vositachilik qilish uchun terma jamoa lageriga yetib keldi. Mojaro hal qilingani haqida xabar tarqaldi. Ko‘rinishidan, Jezushning matbuot anjumanida aytishi kerak bo‘lgan gaplar aynan mana shu paytda kelishib olingan bo‘lsa kerak.
Ammo matbuot anjumanida bosh murabbiy Ronaldu faqat kerak bo‘lganda maydonga tushishi haqidagi iborani aytdi.
“Mening bu yerda bo‘lishimning asosiy sababi Ronaldu emas. Asosiysi Daniya va milliy terma jamoaning bosh murabbiyi ekanligim”, dedi Jezush.
Shundan so‘ng Ronaldu jamoani tark etdi. Keyin Krishtianu Portugaliya terma jamoasidagi faoliyatini yakunlagani, Rafael Leao yettinchi raqamli futbolkani olgani haqida mish-mishlar tarqaldi. Agar Jezush Portugaliyani boshqarishda davom etsa, Krishtianu hech qachon qaytib kelmasligi haqidagi gaplar ham paydo bo‘ldi.
Ammo Ronalduning bayonoti hammasiga nuqta qo‘ydi.













