Ispaniya terma jamoasi Millatlar ligasi A divizioni pley-off bosqichiga yo‘l oldi.
Bugun Luis de la Fuente shogirdlari guruh bosqichining 4-turida Xorvatiyani 2:1 hisobida mag‘lub etib, musobaqaning keyingi bosqichida ishtirok etishni kafolatladi.
Ispaniya to‘rtta o‘yinda maksimal 12 ochko to‘plab, guruhda yetakchilik qilmoqda. Uchinchi o‘rinda borayotgan Xorvatiya ispanlardan 9 ochko ortda va qolgan ikki turda ularga yetib ola olmaydi.
B divizionida ishtirok etayotgan Shveysariya terma jamoasi esa Shimoliy Makedoniyani 3:0 hisobida mag‘lub etib, yuqori divizionga ko‘tarilishni kafolatladi.
Murat Yakin jamoasi 12 ochko to‘pladi va guruhda uchinchi o‘rindagi Shotlandiyadan ikki tur qolganida 8 ochko oldinda bormoqda.
Slovakiya terma jamoasi ham Moldovani 4:0 hisobida yengib, B divizioniga ko‘tarildi. Slovakiyaliklar hisobida 10 ochko bor va ular Farer orollari hamda Moldovadan 6 ochko oldinda.
Moldova o‘zaro bahsda Slovakiyaga yutqazgani uchun endi uni ortda qoldira olmaydi. Bundan tashqari, Farer orollari va Moldova o‘zaro uchrashuv o‘tkazadi va bu bahsda jamoalardan kamida biri ochko yo‘qotishi aniq.













