"Atletiko" bosh murabbiyi Diyego Simeone argentinalik ikki afsonaviy futbolchi — Lionel Messi va Diyego Maradonadan qaysi biriga murabbiylik qilishni afzal ko‘rishi haqidagi savolga javob berishdan bosh tortdi.
"Men ulardan birini tanlab, bunday oddiy va populistik o‘yinda ishtirok etmoqchi emasman.
Maradona bilan birga o‘ynash baxtiga muyassar bo‘lganman, ammo Messi bilan bir jamoada maydonga tushish nasib etmagan.
Biz, argentinaliklar, futbol tarixidagi eng buyuk ikki futbolchiga ega bo‘lganimiz uchun baxtlimiz.
Statistik ko‘rsatkichlar bo‘yicha Messiga teng keladigan futbolchi yo‘q.
Uning inson va sportchi sifatidagi rivojlanishi barcha kutilmalardan oshib ketdi.
Messi doimo atrofdagilarga hurmat bilan munosabatda bo‘lib, o‘zini munosib tutgan. Bunday fazilatlarni 20–25 yil davomida saqlab qolish esa nihoyatda qiyin", — deya Simeonening so‘zlarini keltiradi AS nashri.
Diyego Simeone Argentina terma jamoasida Maradona bilan birga to‘p surgan. Jumladan, ular 1994 yilgi jahon chempionatida ham bir jamoada harakat qilgan.
Lionel Messi esa 2022 yilda Argentina terma jamoasini jahon chempionligi sari yetaklagan.
Bir necha kun avval Messi milliy terma jamoadagi faoliyatini yakunlagan edi.













