Myunxenning «Bavariya» klubi hujumchisi Garri Keyn yaqin kunlarda jamoa bilan yangi uzoq muddatli shartnoma imzolashi kutilmoqda.
Bu haqda italiyalik insayder Nikolo Skira ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berdi.
Manbaning ma’lum qilishicha, Angliya terma jamoasining 33 yoshli sardori bilan tuziladigan yangi kelishuv 2030 yil yoziga qadar amal qiladi. Tomonlar shartnomaning barcha asosiy shartlari bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Qayd etilishicha, o‘tgan yozgi transferlar oynasida Keynga Yevropaning bir qator yetakchi klublari, shuningdek, Saudiya Arabistoni chempionati vakillari jiddiy qiziqish bildirgan.
Biroq angliyalik hujumchining asosiy maqsadi hamisha «Bavariya»dagi faoliyatini davom ettirish bo‘lgan.
Shu tariqa, Keynning Myunxen klubida yana bir necha yil qolishi kutilmoqda.













