Bu mavsum boshida o‘z qadrdon klubiga qaytgan Mario Gyotse haligacha o‘zining oldingi darajasiga erisha olmadi. Goal.com Marioning “Bavariya”dagi faoliyati va uning “sinib qolishi”ga sabab bo‘lgan omillar haqida to‘xtalib o‘tdi.
“Butun dunyoga Messidan yaxshi ekanligingni ko‘rsat, bu o‘yinda aynan sen hal qiluvchi bo‘lishing mumkin.” Bu gaplar 2014 yilgi Mundialda Germaniya termasi tarkibida Argentinaga qarshi final bahsida g‘alaba to‘pini kiritgan Mario Gyotse haqida Yoaxim Lyovning finaldan oldin bildirgan fikri edi. O‘sha finaldan 2 yarim yildan oshiq vaqt o‘tdi. Butun dunyoga “Barselona” yulduzidan kuchli ekanligini isbotlashi kerak bo‘lgan Gyotse bunga erisha olmadi. “Bavariya” tarkibida 2013-2016 yillarda omadsiz ishtirok etgach, o‘tgan yili yana qadrdon jamoasi “Borussiya” Dortmundga qaytdi.
Myunxenliklar safiga o‘tish arafasida iqtidorli futbolchi nemis futbolining yorqin kelajagi sifatida ko‘rilayotgan edi. Endigina 20 yoshda bo‘lishiga qaramay, dortmundliklar safida ikki marotaba Germaniya chempionati va bir marta Germaniya kubogini qo‘lga kiritgandi. 37 million yevro bilan Bundesliga tarixidagi ikkinchi yirik transferga aylandi. Biroq hammasi ko‘zlangan natijani bermadi.
Qanday qilib Gvardiola Gyotseni sindirdi?
Bild nashri tomonidan “Gyotsinyo” deb atalgan futbolchi “Bavariya”da o‘z o‘rnini topa olmadi. Eng muhimi, bosh murabbiy Gvardiola tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi. Ispaniyalik murabbiy yangi jamoasiga Neymarni olib kelishni juda-juda istagan, biroq klub bor e’tiborini Gyotsega qaratgandi. “Bavariya”ning afsonalaridan biri Klaus Augentaler Gyotse haqida quyidagi fikrlarini bildirdi: “Gyotse “Bavariya”da rivojlana olmadi. Dortmundliklar safida esa u o‘sishga erishgandi. Balki, ular bir-biriga mos emasdir. Balki, akulalarga to‘la “Bavariya”da yo‘qolib qolgandir.” Agarda 24 yoshli futbolchining jamoaga moslashuvi silliq kechmagan bo‘lsa, avvalambor bunga sabab Gyotsening taktik tarafdan jamoadagi o‘rnini topa olmaganidir.
Nazariy jihatdan, germaniyalik futbolchi Gvardiolaning taktik sxemalariga ajoyib tarzda tushadigandek edi. O‘yinni o‘z zimmasiga ola bilishi va aldamchi to‘qqizlikda ajoyib harakat qila olishi, “Bavariya”ning Messisi bo‘lishi mumkin edi. Buning o‘rniga, dastlab hujumda Mario Manjukich va Klaudio Pisarrolar bilan asosiy hujumchi o‘rni uchun kurashdi. Buni boy bergach, yarim himoyaning turli pozisiyalarida o‘z omadini sinab ko‘ra boshladi. Taktik jihatdan o‘z o‘rnini topa olmagan Mario shu tariqa Gvardiolaning ham ishonchini yo‘qota bordi.
Marioning myunxenliklar safidagi ilk mavsumi ko‘ngildagidek chiqdi. Bundesligada 20 uchrashuvda maydonga tushgan futbolchi 10 gol va 8 golli uzatmani amalga oshirdi. Mundialda Germaniya tarkibida esa chempionlikni olib bergan g‘alaba to‘pini kiritdi. 2014-2015 yilgi mavsumda Gvardiola tomonidan maydonga eng ko‘p tushirilgan futbolchilar orasida Tomas Myuller, Robert Levandovski va Xuan Bernatlardan keyin to‘rtinchi bo‘ldi. Mavsum davomida esa Mario Bundesliganing 28 uchrashuvida ishtirok etib, 9 gol va 2 golli uzatmani amalga oshirdi. Shunga qaramay, Frans Bekkenbauer tomonidan tanqid ostiga olindi: “Ba’zan Mario ikki duelni boy bergan futbolchiga o‘xshaydi. Bunday holat “Bavariya”ga mos emas. O‘yinini kuchaytirish payti keldi.”
Jarohatlar va umidsizlikka tushish
Jarohatlar girdobida qolib ketgan Mario Gyotse jamoaning asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qota boshladi. 2014-2015 yilgi mavsum yakunida esa futbolchining agenti barchasida jamoa ustozi Gvardiolani aybladi: “Aynan Gvardiola Gyotseni sindirdi. Mario murabbiy unga ishonch bildirmayotganini his qilmoqda. U oson bahslarda ishtirok etmoqda. Gvardiola uni Germaniya kubogi yoki Chempionlar Ligasi yarim finali bahslarida uni maydonga tushirmayotganidan hayratdaman.”
Jamoaga yangi murabbiy Karlo Anchelottining kelishi ham vaziyatni o‘zgartirmadi. Italiyalik murabbiy futbolchiga asosiy rolni bera olmasligini telefon orqali bildirdi. Bu orada bir qancha grand jamoalar uni o‘z tarkiblariga qo‘shib olish payiga tushdilar. Ayniqsa, “Liverpul” va “Tottenxem” jamoalari futbolchiga jiddiy qiziqish bildirishdi. Mario esa yangi chaqiriqlarni qabul qilmasdan, qadrdon klubiga qaytishni afzal bildi.
Dortmundga qaytish : g‘olib yoki mag‘lub sifatida?
26 million yevro evaziga qadrdon jamoasi «Borussiya»ga qaytgan futbolchi klub bilan hayotini yangidan boshlashi oson emasdi. Bundan oldin, klub ishqibozlari Marioning azaliy raqiblari safiga o‘tib ketishini kechirishmagan edi. 24 yoshli futbolchi qadrdon jamoasi bilan shartnoma imzolarkan, quyidagi fikrlarni aytib o‘tdi: “Qaytishim haqidagi reaksiyalar asosan pozitivdir. Men bu haqida batafsil o‘ylab chiqdim. Yaxshi o‘yinim bilan tanqidchilarni tinchlantirishga harakat qilaman. Umid qilamanki, bu muammolarni bartaraf qiladi. “Bavariya”ga o‘tishdan oldin qarorimni yaxshilab o‘ylab olgan edim va buni yashirmayman. Uch yil o‘tib esa, bu qarorni boshqacha tarzda ko‘ryapman. Muxlislar o‘sha paytda qarorimni tushunishmaganini bilaman. Endi barchaga o‘zimning salohiyatimni ko‘rsatishga harakat qilaman. Maqsadim – o‘zimning eng yaxshi o‘yinlarimni klubga va muxlislarga ko‘rsatishdir.”
Hozirga kelib, Bundesligada bor-yo‘g‘i 9 uchrashuvda maydonga tushgan Mario atigi bitta gol va bir golli uzatma amalga oshirdi. Ko‘rinib turibdiki, Mario Tomas Tuxelning jamoasida asosiy futbolchi emas. Jamoadagi raqobat esa oldingidan-da yuqori darajada. Roys, Obameyang, Dembele, Kagava, Shyurlle, Pulishichlarning barchasi ajoyib sport formasida va kuchli raqobatni hosil qilishgan. Gyotse ham o‘z o‘yinini kuchaytirishi kerakligini tushunib yetgan. Aynan bu haqida Kicker nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi : «Statistika bo‘yicha gapiradigam bo‘lsam, o‘yinimni kuchaytirishim kerak. Men endigina 15 match o‘tkazdim va ikki gol urdim. Biroq hali hammasi oldinda. Men to‘g‘ri yo‘ldaman. Ko‘p o‘yinlar o‘tkazgan va ko‘plab sovrinlar yutganimga qaramay, men hali yoshman. Agar kimnidir men bilan shaxsiy adovati bo‘lsa, sababini menga tushuntirgani ma’qul.»
Ko‘rinib turibdiki, Mario Gyotse o‘z o‘yinini kuchaytirishni va muxlislarning haloskoriga qayta aylanishni juda-juda istamoqda.