Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Andrey Fyodorov: «Neftchi» legionerlari Turkiya yig‘inida qo‘shiladi

Andrey Fyodorov: «Neftchi» legionerlari Turkiya yig‘inida qo‘shiladi

Baho:
+ | -

“Neftchi” futbol klubi reja asosida Oliy liga-2017ga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Yaqinda Toshkent yig‘inini yakunlab Farg‘onaga qaytib kelgan “Neftchi” vakillari ko‘p o‘tmay “Hokim Kubogi-2017” musobaqasiga kirishib ketishdi.  Dastlabki turda Farg‘ona shahrining “Istiqlol” jamoasiga qarshi bellashgan “Neftchi” jamoasi durang natija qayd etdi. O‘yindan keyin esa yaqindagi Moskva safaridan qaytib kelgan Andrey Fyodorovdan intervyu oldik. Murabbiy suhbat davomida Toshkent yig‘ini, leogionerlar masalasi, Murod Bobojonovning “Lokomotiv” safiga o‘tishi hamda Turkiya safari kabi mavzularga to‘xtalib o‘tdi.

TOSHKENT YIG‘INI

– Toshkent yig‘inidan ko‘nglim to‘ldi. Biroq ob-havo biroz noqulay kelgani sababli mashg‘ulotlarni sun’iy maydonlarda o‘tkazishga majbur bo‘ldik. Oqibatda sun’iy qoplamali maydondagi mashg‘ulotlarda barcha futbolchilar ishtirok eta olishmadi. Chunki yengil jarohat olgan futbolchilarga bunday maydonlarda shug‘ullanishga umuman mumkin emas. Qo‘shimchasiga, sog‘lom o‘yinchilarni ham jarohat olish imkoniyati mavjud bo‘ladi. Men xar qanday sharoitda ham mashg‘ulotlar tabiiy chimli maydonlarda bo‘lib o‘tish tarafdoriman. Yigitlarning jismoniy holatidan ko‘nglim to‘q. Lekin taktik va o‘yin amaliyoti jihatidan ba’zi bir futbolchilarni asragan holda ular bilan yakka guruhda mashg‘ulot o‘tkazdik.  O‘rtoqlik bahslariga to‘xtaladigan bo‘lsam, ushbu bellashuvlarga jiddiy yondoshgan holda garchi nazorat o‘yini maqomiga ega bo‘lsada yigitlardan g‘alaba talab qildim. Asosiy maqsad chempionatning ilk turiga jarohatlarsiz va optimal tarkib bilan yetib borishdir.

YANGI FUTBOLCHILAR

– “Neftchi” yig‘iniga yetib kelgan yangi futbolchilardan Hamza Karimov haqida fikr bildiradigan bo‘lsam, Karimovni nazorat bahslarida to‘liq maydonga tushirmadik. Chunki tajribali futbolchi endigina jarohatdan qutulib chiqqandi. Hozirda uning saviyasi yomon emas. Faqat jismoniy holatini yanada yaxshilashi lozim. Toshkentda asosan dekabr va yanvar oyida jamoa safiga kelib qo‘shilganlar bilan shug‘ullandik. Yig‘in so‘nggida esa Mo‘ydin Mamazulumovni jamoaga jalb etdik.   Mo‘ydinni ham anchadan beri kuzatib kelardim. Uning tajribasiga shubham yo‘q. Umid qilamanki, tajribali hujumchi tez orada jamoaga kirishib ketadi. Bunga biroz vaqt kerak. O‘ylaymanki, Mo‘ydin jamoamizga hali ko‘p foydasi tegadi.

MUROD BOBOJONOVNING “LOKOMOTIV”GA O‘TISHI

Mo‘ydin Mamazulumovni jamoamizga bejizga taklif qilmadik. Sababi jamoamiz Murod Bobojonovdek asosiy hujumchimizni “Lokomotiv” jamoasiga ijaraga berdi. Shu sababli zudlik bilan uning o‘rnini to‘ldirishni amalga oshirdik.  Bobojonovga avvaldan yetakchi klublar qiziqib kelardi.  Lekin biz Murodni “Lokomotiv”ga faqat ijaraga berdik xolos. U hali rasman “Neftchi” futbolchisi hisoblanadi. Murod Bobojonovning Toshkent klubiga o‘tishi futbolchi uchun ham biz uchun ham foydali bo‘ldi deb aytishim mumkin. Birinchi navbatda bizdan yetishib chiqqan umidli hujumchimizda OCHL doirasidagi 6 ta bahsda to‘liq ishtirok etish imkoniyati paydo bo‘ladi. Shuningdek xalqaro musobaqada Osiyoning kuchli jamoalariga qarshi o‘yinda katta tajriba yig‘adi va futbolchi sifatida o‘sishiga ulkan ko‘mak bo‘ladi. Undan tashqari  amaldagi chempiondan har doim ham mana shunday taklif bo‘lavermaydi. Agar Murod Bobojonovning “Loko”dagi faoliyati omadli chiqsa biz uni Toshkent jamoasiga transfer qilishimiz ham mumkin. Yuqori saviyali futbolchilarni “Neftchi”dan yetishib chiqishi jamoamiz nufuzini yanada oshirishiga shubham yo‘q.

MOSKVA SAFARI

Avval aytib o‘tganimdek,  jamoamizning xar bir chizig‘iga yuqori saviyadagi o‘yinchilarni jalb qilishni niyat qilganmiz. Moskva safarida legioner futbolchilar bilan muzokaralar o‘tkazildi va bu jarayon hali hamon davom etmoqda. Yana bir  yangilik. Biz xorijlik futbolchilarimiz bilan og‘zaki kelishuvga erishganimizni muxlislarga ma’lum qilsam bo‘ladi. Muxlislardan bu masalada biroz sabr qilib turishlarini so‘rardim. Legionerlar kimlar, qaysi mamlakatdan va qaysi chiziq vakillari singari ma’lumotlarni futbolchilar bilan rasman kelishuvga erishganimizdan so‘ng e’lon qilmoqchimiz. Legionerlar Turkiyada bo‘lib o‘tadigan yig‘inda “Neftchi” safiga qo‘shilishi kutilmoqda. Hali muxlislarda mavsum oldi tanishtiruv marosimida ular bilan yuzma-yuz ko‘rishish imkoniyati ham bo‘ladi. Eng muhimi xorijlik futbolchilarimizning “Neftchi”ga foydasi tegishi kerak.  Ular bilan suhbatda O‘zbekiston chempionati oliy ligasi va Farg‘onadagi qarorgohimiz, jamoamiz haqidagi ma’lumotlarni aytib o‘tdim. Umuman olganda, legionerlar O‘zbekiston chempionatida faoliyat olib borgan vatandoshlaridan bizdagi muhit haqida oz bo‘lsada ma’lumotlar bilib olishgan ekan. Bizga 2 ta chiziqqa legioner kerak.

“HOKIM KUBOGI-2017”

“Istiqlol” jamoasiga qarshi o‘yin bilan turnirni boshladik. Albatta natijadan ko‘nglim to‘lmadi. Biroq o‘yin borasida yigitlar yomon harakat qilishmadi. Toshkentdagi og‘ir jismoniy mashqlardan so‘ng futbolchilarda xordiq olish uchun vaqt kam bo‘ldi. Toshkent safaridan keyinoq “Hokim Kubogi”ga kirishib ketdik. Shu sababli oz bo‘lsada yigitlarda charchoq alomatlari bilindi. Jamoa o‘yindan o‘yinga kuchayib boradi. Xozir davom ettirayotgan har bir yig‘inimiz va o‘yinlar yangi mavsumga tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi.

TURKIYA YIG‘INI

Yangi mavsumga tayyorgarlik bosqichining so‘nggisi xorijda bo‘ladi.  Turkiyadagi yig‘inda 5 yoki 6 ta jamoalarga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazishni reja qilib turibmiz. Raqiblar nomi esa tez orada ma’lum qilinadi. Xorij safaridan asosiy maqsad Turkiyada kuchli raqiblarga qarshi o‘yinda yigitlarning mahorati va o‘yin amalyotini yanada oshirish hisoblanadi. Ruhiy jihatdan o‘ziga bo‘lgan ishonchini ortirish rejamiz tarkibiga kirgan. Aytish kerakki, Turkiya yig‘ini jamoamiz uchun juda muhim axamiyatga ega hisoblanadi. Chet elga 5 fevral kuni yo‘l olamiz, –dedi Andrey Fyodorov “Neftchi” matbuot xizmatiga bergan intervyusida.  

Manba: fcneftchi.uz
Kiritildi: 14:49, 29.01.2017.
O'qildi: 8180 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.