«La-primera: yosh ispan belgilari» blogi (Bombardir.ru sayti) tomonidan tuzilgan eng mohir driblingchilar reytingini hali keng darajada tanilmagan Adama Traore boshqarib boryapti.
«Barselona» vakili Neymar esa elit ro‘yxatning 2-qatoridan joy oldi. Eng diqqatga sazovor tomoni, kuchli beshlikda na Krishtianu Ronaldu va na Lionel Messi bor. Avvalo, qayd etish kerak, dribling - bu effektli aldab etish va jozibali fintlar. Muxlislar yosh Ronalduning «Manchester Yunayted»da nechog‘li fintlar ishlatganini hamon yaxshi eslashadi. Lionel Messi haqida so‘z ochilganida esa, ular «To‘p uning oyoqlariga yelimlab qo‘yilgandek» qabilida o‘z hayratlarini yashirmaydilar. Shuningdek, Neymar yoshlik payti Braziliyada nafis fintlar yordamida to‘pni ne ko‘ylarga solgani ham ko‘pchilikka ma’lum. Xullas, alohida reyting tuzilishiga oddiy va odatiy savol sababdir: «Dribling bo‘yicha kim kuchli - Messimi yoki Ronaldu?» Ijodkorlar aslida shunchaki, statistikaga nazar solib, 5 daqiqada barchasiga oydinlik kiritishni o‘ylagandilar. Biroq hammasi ancha murakkablik kasb etdi. Yakunda 1-o‘rinni ispaniyalik futbolchi egalladi, keyingi pog‘ona «Barselona» a’zosiga nasib etdi. Ammo «Real»dan top-5ga hech kim kirgani yo‘q.
5-o‘rin - Vilfred ZAXA
Kuchli beshlikni «Kristal Pelas» vakili yakunlab berdi. Ivuarlik legioner «burgutlar» tarkibida kamol topib, «Manchester Yunayted» e’tiboriga tushdi va uning safiga qo‘shildi. Biroq grand darajasiga muvofiq o‘ynay olmadi. Natijada ma’lum vaqt ijara kelishuvlarini o‘tagach, 2015 yili qadrdon «uyi»ga qaytdi. Zaxa joriy mavsum 4ta gol urish barobarida 6 marta assistentlik vazifasini qoyillatdi. Ko‘rib turibmizki, mahsuldorligi baland emas. Ammo Vilfred bitta o‘yindagi o‘rtacha aldab o‘tish soni bo‘yicha APLda yuqori uchlik, Yevropada esa kuchli beshlikda boryapti. U har 90 daqiqada 4,1 marta (o‘rtacha hisobda) muvaffaqiyatli urinishni amalga oshiryapti.
4-o‘rin - Eden Azar
Yana APL vakili. Eden Azar oradagi xira mavsumdan so‘ng o‘z holiga qaytdi va avvalgidek hayratlanarli darajada to‘p surmoqda. Ha, belgiyalik yarim himoyachi avvalgi chempionat davomida mutlaqo tushunarsiz to‘p surgandi: gol masalasida «qurg‘oqchilik» va atigi 116ta omadli aldab o‘tish harakati. Uning qisqa vaqt ichida naqadar o‘zgarganini joriy mavsumdagi statistikasi shundoq ko‘rsatib turibdi. E’tibor bering, Azar 25ta tur yakuniga ko‘ra, 101 marta aldab o‘tishni amalga oshirib ulgurdi! Muhimi, avvalgi mavsum turnir jadvalining ikkinchi yarmida o‘ralashib yurgan «Chelsi» hozirda APLda yaqqol peshqadamlik qilmoqda. Har holda, eng yaqin ta’qibchisi - «Manchester Siti»dan naq 8 ochko oldinlab ketgani ko‘p narsadan dalolat. Azar shu tetiklikka London klubining 20 foiz goliga mualliflik qilgancha katta hissa qo‘shdi. Qolaversa, uning hisobida 3ta samarali uzatma ham bor.
3-o‘rin - Allan Sen-Maksimen
Reytingda faxrli 3-o‘rinni kutilmaganda, Fransiya chempionati turnir jadvalida o‘zini sira o‘nglolmayotgan «Bastiya» klubining 19 yoshli o‘smir yigiti egalladi. Uning raqibni aldab o‘tish bobidagi ko‘rsatkichi 4,8ga teng (bitta o‘yin uchun o‘rtacha hisobda). Shundan kelib chiqib, Sen-Maksimenni oldinda yorqin kelajak kutayotganini taxmin qilish mumkin. Aslida bu yigit transfer huquqi bo‘yicha «Monako»ga tegishli. Alanning Fransiya yoshlar terma jamoasida o‘ynashini ham aytish o‘rinli. Tushunarliki, «Monako» uni tezda ortga qaytarsa kerak. Ammo o‘z safida olib qolishi qiyin masala, baribir. Zero, Allan Ispaniya va Angliyaning boy klublari e’tiborini o‘z tomoniga burib ulgurdi.
2-o‘rin - Neymar
2-o‘rin sohibi birovni ortiqcha hayratlantirmasa kerak. Axir Neymar aynan dribling mahoratiyu, ajib fintlari bilan mashhur. Faqat shunisi borki, braziliyalik texnika ustasi avvalgi mavsum «aldoqchilar» reytingida peshqadamlik qilgandi. U bitta o‘yinda o‘rtacha hisobda 4,39 marta aldab o‘tish harakatini amalga oshirgan va omadli urinishlari 57 foizni tashkil etgandi. Statistikaga qarab , yana bir muhim faktni osongina ilg‘ash mumkin - Junior o‘yin davomida tavakkalga haddan ortiq ko‘p qo‘l uradi. Axir uning omadli aldab o‘tishlari foizi nisbatan past. Shunga qaramay, Neymar avvalgi ko‘rsatkichini yaxshilashga erishdi, garchi hozir 2-o‘rinda bo‘lsada.
1-o‘rin - Adama Traore
Yuqorida ta’kidlandi, peshqadam sifatida ispaniyalik Adama Traore gavdalandi. Bu yigit Ospitaletda tug‘ilgan va mahalliy akademiyada tarbilangan. Keyinchalik Traorening transfer huquqi «Barselona» ixtiyoriga o‘tdi va futbolchi ikki mavsum Kataloniya klubi kanterasida to‘p surdi. Biroq o‘z harakatlari bilan «blaugrana» rahbarlarini hayratga sololmadi, shekilli, uni avvaliga «Aston Villa», keyin esa «Midlsbro»ga jo‘natishdi. Ayni payt Adama bu jamoada hamyurti Alvaro Negredo bilan birga o‘ynamoqda. Dribling bo‘yicha ko‘rsatkichi 5,4 (o‘rtacha hisobda, albatta)ga teng va bu chindan ham, ajoyib. Vaholanki, Traore doim ham asosiy tarkibda maydonga tushmaydi. Ispan yigiti agar shu ruhda ishlashda davom etsa, «Barselona» yozdayoq uni ortga qaytarishi hech gap emas. Angliya grandlarining allaqachon unga «ko‘z olaytira» boshlaganlarini ham unutmaslik kerak.
Ronaldu va Messi qani?
Mutlaqo o‘rinli savol - Ronaldu va Messi nechanchi o‘rinda? Ochig‘i, bu boradagi statistika aynan ular tufayli o‘rganib chiqildi. Yaxlit reyting vujudga kelishiga ham ular sababchilar. Biroq har ikki yulduzning dribling masalasidagi ko‘rsatkichi biroz o‘xshovsiz ekanligi oydinlashdi, ayniqsa, Yevropaning amaldagi eng yaxshi futbolchisi sanalgan portugaliyalikniki. Statistika bo‘yicha aytsak, Krishtianu chempionat doirasidagi 15ta o‘yinda atigi 13 marta omadli aldab o‘tish harakatini amalga oshirgan. Tabiiyki, bunday past ko‘rsatkich aqlga sig‘maydi. To‘g‘ri, Ronalduning tahlil uchun olingan davrdagi shu 15ta o‘yinda 13ta gol urishdan tashqari, yana 3tasiga assistent bo‘lganini alohida qayd etish o‘rinli. Shubhasiz, bu «qichqiradigan» natija va driblingdan samaradorlikning ahamiyati katta ekanligi ham tayin. Ehtimol, hammasi futbolchining yoshiga bog‘liqdir. Axir Ronalduning tezligi avvalgidek emas, shunday ekan, yosh, baquvvat himoyachilarni aldab o‘tishi qiyin. Gollar esa yillar davomida orttirilgan beqiyos tajriba va tabiiy mahorat mahsulidir.
Lionel Messiga kelsak, argentinalik futbolchi o‘tgan mavsum eng yaxshi driblingchilar reytingida 8-o‘rinni band etgandi. Uning bu boradagi o‘rtacha ko‘rsatkichi 3,77ni tashkil etgandi. «Barsa» yetakchisi joriy chempionatda ham deyarli shunday statistikaga ega. Lekin bu argentinalikning kuchli beshlikka kirishi uchun kam...