Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Sanjar Shoahmedov: «Lokomotiv» rahbarlari va’dalarida turishdi

Sanjar Shoahmedov: «Lokomotiv» rahbarlari va’dalarida turishdi

Baho:
+ | -

«Lokomotiv»ning sobiq yarim himoyachisi Sanjar Shoahmedov hozirda Qatarning «Al-Sayliya» jamoasi sharafini himoya qilyapti. Xabaringiz bor, ushbu klubda Temurxo‘ja Abduxoliqov ham o‘ynayapti.

Shoahmedov o‘tgan yili oliy liganing barcha 30ta uchrashuvida maydonga tushib, raqiblar darvozasiga 7ta to‘p kiritgandi. Shuningdek, O‘zbekiston kubogi bahslarida ham bitta golga mualliflik qilgandi. FIFA kunlari sabab yuzaga kelgan tanaffus paytida iste’dodli yarim himoyachi Toshkentga keldi. Biz Sanjar bilan uchrashib, undan intervyu oldik.

- Sanjar, dam olish kunlari qanday o‘tdi?

- Asosan oilam davrasida bo‘ldim. Birinchi marta legioner sifatida xorijda o‘ynayotganim sababli uyni sog‘inib qolgan ekanman. Shu sababli ko‘chaga ham kam chiqdim. Sobiq jamoam «Lokomotiv»ning mashg‘ulotlariga bordim. U yerda do‘stlarim bilan uchrashib, uzoq suhbatlashdik.

- Umuman, Qatar chempionati, xususan, «Al-Sayliya» varianti qanday yuzaga kelgandi?

- Mavsumlar oralig‘ida bir nechta klublardan takliflar olgandim. Ular orasida xorij jamoalari ham bor edi. «Lokomotiv» bilan Dubayda yig‘in o‘tkazayotgan paytimizda esa «Al-Sayliya»dan qiziqish bo‘ldi. Ular aniq va jiddiy taklif bilan chiqishdi. O‘ylab ko‘rdim, yaqinlarim bilan maslahatlashgach, shartnoma imzoladim.

- Transferingiz agentlar orqali amalga oshdimi yoki klublar o‘zaro kelishib olishdimi?

- «Al-Sayliya» rahbariyati agentlar orqali menga murojaat qildi.

- O‘sha payt «Lokomotiv» bilan shartnomangiz bormidi? «Temir-yo‘lchilar» rahbariyati bu transferga qanday munosabat bildirdi?

- Haqiqatan ham, amaldagi kelishuv muddati yakunlanmagandi. Lekin «Lokomotiv» rahbarlari xorij klublaridan taklif tushsa, har qanday vaziyatda qo‘yib yuborishlarini aytishgandi. Klub mutasaddilari va’dani bajarishdi va Temurxo‘ja bilan «Al-Sayliya»ga ko‘chib o‘tdik.

- Taklif tushgan payt Abduxoliqov bilan maslahatlashib ko‘rdinglarmi?

- Albatta. Har tomonlama o‘yladik. Har bir futbolchi o‘zini xorij chempionatida sinab ko‘rishni xohlaydi. Temurxo‘janing bu borada tajribasi katta edi. Menda esa ilk marotaba shunday imkoniyat yuzaga kelgandi.

- Shartnomani uzaytirish variantlari ko‘rib chiqilmayaptimi?

- Ikkimiz ham «Al-Sayliya» bilan bir yarim yillik bitim imzolaganmiz. May oyida Qatar yulduzlar ligasi yakunlanadi. Mavsum tugagach, yana bir yillik muddat qoladi. Lekin legionerlarning shartnomasi boshqa futbolchilarnikidan biroz farqlanadi. Agar klub rahbariyati va murabbiylarga o‘yinimiz ma’qul kelsa, kelishuvni yana uzaytirishimiz mumkin.

- Ilk bor legioner sifatida o‘ynayapsiz. Taassurotlar qanday?

- Hech qanday muammo yo‘q, hammasi yaxshi. O‘sishga erishib, yanada kuchliroq jamoalarda to‘p surish niyatim bor.

- Qatar va O‘zbekiston chempionatlari o‘rtasida qanday farq sezdingiz?

- Ikkala chempionatning ham o‘ziga yarasha qiyinchiligi bor. O‘zbekiston oliy ligasini kuchsizroq demagan bo‘lardim. Lekin har qanday holatda ham legionerlarga hamisha qiyin kechgan.

- Mashg‘ulotlarda asosiy e’tibor jismoniy tayyorgarlikka qaratilyaptimi?

- Qatarning boshqa klublarini bilmadim-u, lekin «Al-Sayliya» misolida aytadigan bo‘lsam, bizda to‘p bilan muomala qilish va jismoniy tayyorgarlikka bir xil e’tibor qaratilyapti. Jamoa safiga ikkinchi davradan qo‘shildik. Menimcha, oldin ham shunday bo‘lgan.

- Yangi muhit va chempionatga moslashish qiyin kechmadimi?

- Qatarga kelganimizda hali O‘zbekiston chempionati boshlanmagandi. Tabiiyki, sport formamiz talab darajasida emasdi. Bugunga kelib hammasi iziga tushib ketdi. Qatar futboliga ko‘nikdik, yangi muhitga moslashdik. Temurxo‘ja bilan bir jamoada ekanligimiz ikkimizga ham foyda keltiryapti.

- Abduxoliqov bilan gaplashganimizda, ozmi-ko‘pmi ingliz tilidan xabardor ekanini aytgandi. Siz bu masalada qiyinchilik sezmayapsizmi?

- Ochig‘i, inglizchani bilmayman. Sekin-asta o‘rganyapman. Temurxo‘ja esa bemalol gaplasha oladi. Xorvatiyada o‘ynagan kezlari o‘rgangan bo‘lsa kerak.

- Hozir qayerda yashayapsizlar?

- Ikkimizga alohida-alohida 3 xonali kvartira berishgan.

- Oldinda milliy jamoamizni Qatar termasiga qarshi JCH-2018 saralash bosqichi doirasidagi o‘yin kutib turibdi. Ushbu yurt futboli bilan ozmi-ko‘pmi tanishdingiz. Raqibning imkoniyatlari, umuman, bo‘lajak bahs haqida fikringiz qanday?

- Ishonchim komil, Toshkentdagi o‘yinda termamiz 3 ochkoni qo‘lga kiritadi. Biz qatarliklardan avval ham kuchli bo‘lganmiz, hozir ham shunday.

- Oliy liga o‘yinlarini kuzatib boryapsizmi?

- Albatta. Har bir uchrashuvni internet orqali ko‘ryapman. Boshlanishi chakki emas. «Dinamo» mavsumni shov-shuv bilan boshladi. «Obod» mehmonda «Buxoro»ni mag‘lubiyatga uchratdi. Chempionat yakuniga qadar shunday kutilmagan hisoblar ko‘p bo‘lsa, stadionga tashrif buyuradigan muxlislar soni ham yanada oshadi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 17:30, 01.04.2017.
O'qildi: 10690 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.