Madridning «Real» jamoasi yarim himoyachisi Toni Kroos UYEFA rasmiy saytiga intervyu berdi. Mazkur suhbat ispaniyaliklarning «Bavariya»ga qarshi o‘yinidan oldin uyushtirildi. Xabaringiz bor, Kroos «Qirollik klubi» a’zosiga aylanishdan oldin aynan myunxenliklar sharafini himoya qilgan.
- Chempionlar Ligasi chorak finalida «Bavariya»ga qarshi o‘ynaysizlar. Siz uchun bu o‘yin qanday ahamiyatga ega?
- Myunxenda uzoq yillar faoliyat olib bordim va jamoadagi futbolchilarning ko‘pchiligini yaxshi bilaman. Shu bois ham mazkur bahs arafasida alohida hissiyotlar yo‘q. Umuman olganda, «Bavariya»ning o‘yinlarini kuzatib boraman, ammo o‘zimizning taqvim tig‘iz bo‘lgani uchun bunga har doim ham imkon topish qiyin. YECHL chorak finalidagi muhim bahslarni intizorlik bilan kutyapmiz. Oldinda bizni ikkita fantastik o‘yin kutib turibdi.
- «Bavariya»ning qaysi futbolchilari bilan yaqin munosabatdasiz?
- Germaniya termasidagi sheriklarim Manu (Manuel Noyer) va Tomas (Myuller) bilan ko‘proq muloqot qilaman.
- «Real»ga o‘tganingizdan so‘ng futbolchi va shaxs sifatida qanchalik o‘sdingiz?
- Menga yangi chaqiruvlar yoqadi. Myunxendagi to‘rt-besh yillik faoliyatimdan so‘ng «Real»ga o‘tish haqiqiy sinov bo‘ldi. Professionallik va ichki muhit nuqtai nazaridan bu yerda talab o‘ta yuqori. «Real»ga o‘tganimga deyarli uch yil bo‘ldi. O‘ylaymanki, o‘shanda jamoa taklifini qabul qilib adashmaganman.
- O‘sishingizda Zidanning o‘rni qanday? Uning murabbiylik faoliyatiga baho bersangiz...
- Munosabatlarimiz juda yaxshi. Murabbiylar futbolchilar uchun hamisha muhim o‘rin tutishadi. Uning jamoaga ta’siri katta bo‘ldi. Boshqaruvni qabul qilib olganidan so‘ng bizni to‘g‘ri yo‘lga soldi. Avvalgidan kuchliroq o‘yin ko‘rsata boshladik. Buning samarasi o‘laroq, o‘tgan mavsum Chempionlar Ligasida zafar quchdik. Ayni payt har ikki frontda ishlarimiz ko‘ngildagidek ketmoqda. Ushbu muvaffaqiyatlarda Zidanning hissasi bor. U bilan ishlash yoqadi. Qarashlarimiz bir-biriga mos, hozirgi murabbiyimiz qo‘l ostida o‘zimni jamoaning muhim o‘yinchilaridan biri hisoblamoqdaman.
- Zidan ham yarim himoyada o‘ynagan. U sizga ampluangiz borasida qanday maslahatlar beradi?
- O‘z tajribasidan kelib chiqib, tavsiyalarini ayamaydi. Uchrashuv paytida qiyin vaziyatdan chiqib ketishimiz uchun unda bir nechta g‘oyalar bo‘ladi. Zidan hamisha insonlarga yordam berishni istaydi. U kabi buyuk professionallarning maslahatlarini tinglash foydali, deb hisoblayman.
- Sizningcha, «Real»dagi bosim «Bavariya»dagidan ko‘proqmi?
- Ikkisida ham bir xil: har qanday vaziyatda g‘alaba kutishadi. Siz shunga yarasha harakat qilasiz. Bevosita «Real»dagi holat haqida gapiradigan bo‘lsam, boshqa klublar yuqori saviyada o‘ynashgan paytlari bosim Myunxendagidan ham kuchayib ketadi. Ispaniyada muxlislar jamoaga ancha yaqinlar. Mening pozisiyam klubnikiga mos tushadi: barcha turnirlarda g‘olib chiqishni xohlayman. Bu istak esa futbolchi tushadigan bosimdan ham kuchliroq.
- Chempionlar Ligasi nimasi bilan qiziq?
- Bu turnirda g‘olib chiqish juda qiyin. Futbol borasida Yevropaga teng keladigani yo‘q. Musobaqada qit’aning eng yaxshi klublari ishtirok etishadi. Men uchun ular jahonning tengsiz jamoalaridir.