Hozir butun futbol olami Kilian Mbappe haqida gapirmoqda. Axir «Monako»ning 18 yoshli yigitchasi Fransiya chempionati chegaralaridan oshib, Chempionlar Ligasini ham «istilo» qila boshladi. Endi savol: jahon futbolining so‘nggi yillardagi 6 nafar buyuk hujumchisi 18 yoshda qanday karomat ko‘rsatgan? Demak, Bombardir.ru sayti ma’lumotlari asosida Krishtianu Ronaldu, Lionel Messi, Neymar, Zlatan Ibragimovich, Tyerri Anri va Ronaldoning yoshligiga nazar solamiz.
Neymar
Braziliyalik vunderkind Mbappe yoshiga teng bo‘lgan payti o‘z vatanida chin yulduz darajasiga chiqqandi. Aniqrog‘i, 21 yoshida «Barselona» safiga qo‘shilguniga qadar 5 yil davomida «Santos» raqiblari ko‘ngliga g‘ulg‘ula solishdan charchamadi. Bu oraliqda jami 136 goldan xirmon yasagani barchasini ko‘rsatib turibdi. Misol uchun, Neymar 2010 yili 18 yoshini qarshilagan va o‘sha mavsum naq 42ta gol urishdan tashqari, Janubiy Amerikaning eng yaxshi 3 nafar futbolchisi qatoriga kirgan. Aniqrog‘i, Veron va D~Alessandro bilan bir safga joylashgandi.
Aytgancha, «Santos» ayni o‘sha damda «Chelsi» va «Vest Xem» klublarining braziliyalik iste’dod transferi yuzasidan yuborgan takliflarini rad etgan. Ha, klub vakillari adashmagan ekanlar. Mana, Neymar 4-mavsumki, «Barselona»da javlon urmoqda. To‘g‘ri, haligacha barqarorlik masalasida eng yuqori nuqtaga ko‘tarilgani yo‘q. Ya’ni Kataloniyadagi ikkinchi va uchinchi mavsumini a’lo darajada o‘tkazgan bo‘lsa, birinchisida bo‘lgani kabi hozirgisida ham ba’zan omadsizlikka yuz tutmoqda. Ikkinchi tomondan, braziliyalik superforvard milliy jamoa safida doimo zo‘r o‘ynagan va o‘ynamoqda. Endi 25 yoshini qarshilagan Neymarning Braziliya termasida 52ta gol urishga ulgurganini hisobga olsak, u hali milliy jamoa tarixidagi eng sara afsonalar ro‘yxatiga kirsa, ajabmas.
Zlatan Ibragimovich
Bo‘ydor hujumchi katta futboldagi katta karomatlarini nisbatan kech ko‘rsatishga tushdi. Harqalay, bir-biridan ajib gollari ham, mahsuldorligi ham asosan yaqin o‘tmishi va hozirgi davriga to‘g‘ri keladi. Xullas, shved futbolining tirik afsonasi 18 yoshli payti endi-endi «Malme» uchun gol urishni o‘zlashtira boshlagandi. Xususan, «Ayaks»ga transferi ham yana 2 yildan keyin amalga oshgan. Aytgancha, Arsen Vengerning vaqtida Ibragimovichni o‘z jamoasi safida ko‘rishni xohlagani va hattoki, unga «Arsenal»ning 9-raqamli futbolkasini ajratib qo‘ygani haqidagi tarix ko‘pchilikka ma’lum. Fransuz mutaxassisi shved yigitini sinovga chaqirgan, ammo u o‘shandayoq mag‘rurligini ko‘rsatib, bundan bosh tortgan.
Ibraning o‘zi keyinchalik voqeani quyidagicha eslagandi: «Venger mashg‘ulotga taklif qildi va avvalo, qanday futbolchi ekanligimni amalda ko‘rmoqchiligini bildirdi. Uning gaplaridan «shok» holatiga tushib qolgandim. Keyin darhol qaror chiqardim - yo‘q, bunaqasi ketmaydi, ko‘rik uchun boradigan bo‘lsam, shu yerda qolganim ma’qul. Bu to‘g‘ri tanlov edi». Ha, g‘ururi bo‘yidan ham baland Ibraning faoliyati davomida juda ko‘p marta jamoa almashtirgani ayni haqiqat.
Shuning barobarida yetarlidan ortiq darajada turli-tuman sovrinlar yutgani ham rost. Ammo «Arsenal» aynan 2004 yildan keyingi davrda bu borada sira maqtanolmaydi. Demakki, Zlatan jamoa tanlashda adashmagan. Darvoqe, u joriy mavsumdagina APLda ko‘rinish berdi va hozir 34 yoshda bo‘lishiga qaramay, asosiy vazifasi - gol urishni uddalayapti.
Tyerri Anri
Mbappeni fransiyalik ayni shu superforvardga qiyoslamoqdalar. Anri 18 yoshida endigina ko‘zga tashlana boshlagandi. To‘g‘ri, bunda o‘sha vaqt kommunikasiya va ijtimoiy tarmoqlarning hozirgidek keng taraqqiy etmagani ta’siri ham bor, albatta. Chunonchi, Anri avvaliga Arsen Venger qo‘l ostida «Monako»ning qanot futbolchisi sifatida to‘p surgan va shuning uchun bo‘lsa kerak, uncha ko‘p gol urmagan.
Lekin 18 yoshida klubining mamlakat chempionatida zafar quchishiga salmoqli hissa qo‘shib, buning samarasi o‘laroq, Fransiyaning eng yosh futbolchisi maqomini olgan. Anri yana ikki yildan so‘ng jahon chempioni ham bo‘ldi, xuddi «Monako»dagi sherigi - David Trezege kabi. Shundan so‘ng esa «Arsenal» va «Barselona»da shuhratga ko‘mildi. Ha, betakror faoliyat, ammo Anri ham 18 yoshligida Yevropada Mbappechalik shov-shuv ko‘targan emasdi.
Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi