Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

“Bunyodkor” rahbarlari matbuot vakillariga tanishtirildi (+video)

“Bunyodkor” rahbarlari matbuot vakillariga tanishtirildi (+video)

Baho:
+ | -

May oyining birinchi haftasida “Bunyodkor” FK rahbariyati va murabbiylar shtabida o‘zgarish yuz berdi.

Bugun klub bosh direktori Murodjon Aliyev va bosh murabbiy Mirjalol Qosimov OAV vakillari bilan uchrashdi.

- Mavsum startida qayd etilgan qoniqarsiz natijalar o‘zgarishlarni amalga oshirishga undadi. Sergey Lushchan iste’fo haqida ariza yozdi. U keyingi faoliyatini “Bunyodkor” futbol maktabida davom ettiradigan bo‘lib turibdi. Bu klub boy tarixga va yorqin an’analarga ega. “Bunyodkor” har qanday musobaqada ishtirok etmasin, o‘z oldiga doimo yuksak marralarni vazifa etib qo‘ygan va qator g‘alabalari bilan muxlislar qalbida o‘chmas xotiralar bilan qolgan. Klubning avvalgi mavqeini tiklash maqsadida jamoaga Mirjalol Qo‘shoqovich Qosimovni taklif etdik. Uni qanday iqtidorli futbolchi bo‘lganligi yoki murabbiy sifatida o‘z qarashlariga va aniq maqsad sari intiluvchanligi haqida ortiqcha gapirib o‘tirish shart emas. Qolaversa, “Bunyodkor”ning eng yorqin damlari aynan Mirjalol Qosimov bilan bog‘liq. Jamoa oldiga yana avvalgi mavqeiga qaytish va futbolimiz rivoji yo‘lida raqobatni oshirish vazifasi qo‘yilgan. Homiylarimiz jamoani qo‘llab-quvvatlashda davom etishadi. Bosh murabbiy hamda seleksiya xizmati vakillari jamoani g‘alabalarga unday oladigan hamda tarkibdagi yosh futbolchilar tajribalarini orttirishda foydasi tegadigan yangi mahalliy va xorijlik futbolchilarni izlashadi. Afsuski, O‘zbekiston jamoalariga taklif etilayotgan legioner futbolchilarning hammasi xam mahalliylardan kuchli emas. Shu bilan birgalikda futbol maktabimizdagi ishni yanada kuchaytirgan holda davom ettiramiz. Faoliyat yuritayotgan har bir murabbiy va mutaxassisning ishini chuqur tahlil qilamiz. Zarur bo‘lgan bo‘g‘inlarga yangi mutaxassislarni taklif etamiz. Fursatdan foydalanib, klub rahbariyati nomidan iltimos qilib qolardimki, jamoamiz ishtirokidagi uchrashuvlarga kelib, bizlarni qo‘llab-quvvatlang. O‘z navbatida biz ham ishonchni oqlashga harakat qilamiz, - deydi Murodjon Aliyev.

- Barchangizga ma’lumki, “Bunyodkor” men uchun begona jamoa emas. Bungacha jamoaga ustozlik qilgan Sergey Lushchanga yoshlarni tarbiyalashda ko‘rsatgan mehnatlari uchun minnatdorchilik bildirib o‘tmoqchi edim. Uning keyingi faoliyatiga omad tilayman. Murabbiylarning qismati shunday bo‘ladi: futbolda g‘alaba va mag‘lubiyat yonma-yon yuradi. Ortda qolgan ikki yil davomida sog‘ligimni tiklab oldim, klublarimiz va terma jamoalarimiz ishtirokidagi uchrashuvlarni kuzatdim. Hozirgi qiyin holatda OAV vakillaridan jamoamiz futbolchilariga dalda bo‘lib, ularni qo‘llab-quvvatlashlarini iltimos qilib qolardim. Sir emaski, bugungi kunda deyarli hamma internet saytlari va gazetalarni o‘qishadi, televizor ko‘rishadi yoki radio eshitishadi. Kelayotgan dushanba kuni jamoamiz Osiyo Chempionlar ligasi 6-tur uchrashuvini o‘tkazadi. Shundan so‘ng, bor e’tiborimizni ichki musobaqalarga qaratamiz. To‘g‘risini aytganda, jamoa ichidagi holatdan xabardor emasman. Shak-shubhasiz, tarkibimizda iqtidorli yoshlar ko‘p va ular futbol o‘ynashni bilishadi. Biroq har bir chiziqda yoshlarni o‘zlari bilan ergashtira oladigan va g‘alabalar sari yetaklaydigan mahoratli futbolchilarga ehtiyojimiz bor. Tanaffusgacha hozirgi tarkib bilan ishlashga majburmiz. Keyin esa tarkib albatta kuchaytiriladi. Esimda, 2012 yilda mavsum yakunlanishiga 5-6 tur qolganida ta’qibchilarimizdan yetti ochko oldinda edik. Biroq yakunda g‘oliblikni “Paxtakor” klubi qo‘lga kiritgan edi. Shu boisdan ham ayta olamanki, futbolda kutilmagan natijalar bo‘lib turadi. Chempionlar ligasiga beriladigan yo‘llanmalarning birini qo‘lga kiritish uchun harakat qilamiz - deydi Mirjalol Qosimov.

Qayd etish kerakki, “Bunyodkor”ning yangi murabbiylar shtabi ishga to‘liq holatda keyingi haftadan kirishadilar. Mirjalol Qosimov va uning yordamchilariga “Al-Ayn” bilan bo‘ladigan safar o‘yiniga bir kunning o‘zidayoq xorijga chiqish vizasini rasmiylashtirishning imkoni bo‘lmadi. Ertaga “Bunyodkor” BAAga uchib ketadi.

Manba: fcbunyodkor.com
Kiritildi: 12:34, 06.05.2017.
O'qildi: 4417 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.