«Endigina jarohatidan forig‘ bo‘lgan Garet Beylning yana safdan chiqishi mumkinligini kim ham o‘ylabdi deysiz?». Bu alamli so‘zlar jurnalist Richard Martinning tvitterida yozib qoldirildi. Mazkur bitik ostidagi izohlarni mutolaa qilsangiz, Beyl umuman jarohatlardan qutulmaydigan omadsiz futbolchidek tasavvur uyg‘otadi. Rost-da, axir dunyoning sobiq eng qimmat futbolchisi zamonamizning eng murosasiz «Klasiko»sida bor-yo‘g‘i 38 daqiqaga yarasa, Zidanga alam qiladi-da...
Oddiygina raqamlar
ESPN kompaniyasining hisob-kitoblariga ko‘ra, Beyl Madriddagi to‘rt mavsum davomida 17-bor jarohatga yo‘liqmoqda.
Jarohatlar tufayli u «Real»ning 79ta o‘yinini o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi.
Muammolardan ko‘z yumishning iloji yo‘q. Hattoki, sizning ismingiz Florentino Peres bo‘lsa ham.
17 jarohat? Bu axir, juda ko‘p-ku!
Darhaqiqat, so‘nggi vaqtlarda Beyl va jarohat bir-biridan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydigan tushunchalarga aylanib qoldi. Lekin keling, masalaga yondashishdan oldin tarixga bir nazar solaylik.
«Atigi besh yil avval «Totten-xem»ning zaxiradagi himoyachisi sanalgan Garet Beyl kecha «Real»ning afsonasiga aylandi», - deb yozgandi Daily Mirror muxbiri Deyv Kidd CHL-2014 finalidan keyin. Yaxshi bilasiz, bu o‘yinda Garet madridliklarning g‘alaba to‘pini kiritgan. «Beylning «Real»dagi ilk mavsumi ajo-yib o‘tmoqda. Albatta, kim uchundir bu boshqacha tuyulishi ham mumkin, lekin Garet qiyinchiliklarni bir zumda yengib o‘tmoqda», - deb yozgandi The Telegraph xodimi Pol Xeyuord. Agar o‘sha davrlar yodingizda bo‘lsa, Beyl Polning fikri aytilishidan bir oycha muqaddam, Ispaniya kubogi finalida Mark Bartrani yosh boladek laqillatdi va bu bilan britaniyalik jurnalistlarning maqtanishlariga yo‘l ochib berdi. Zero haqiqatan ham, «Santyago Bernabeu»dagi 2013|2014 yillar mavsumi Beyl uchun ko‘ngildagidek o‘tgandi.
Ammo yanvar oyiga kelib, Garetning jarohatlarga moyilligi borligi barchaga ma’lub bo‘lib qoldi va shu bois, ispan matbuotida Beylni Jonatan Vudgeytga o‘xshata boshlashdi. Vudgeytning mashhurligiga sabab shuki, u turli jarohatlar va kulguli falokatlar tufayli «Real» libosida bor-yo‘g‘i 14 marta maydonga tushgan, xolos. Tabiiyki, bu o‘xshatishda mahobat biroz ko‘proq, lekin Garet mavsum davomida ancha-muncha, ya’ni 17ta o‘yinni o‘tkazib yuborgandi. Boz ustiga, bu vaqtga kelib «Tottenem»dan o‘ta yuqori narxda sotib olingan vingerning umurtqasida muammolar borligi barchaga oshkor bo‘lib qolgandi.
Lekin nafsilamrini aytganda, 2014|2015 yillar mavsumi - Ispaniyadagi birinchi yil Beyl uchun yomon o‘tmadi. U 48 o‘yinda 4200 daqiqa harakat qildi. O‘tgan mavsumda esa ko‘rsatkich ikki barobar pasayib ketdi. Joriy mavsumda esa holat qanday ekanini barcha yaxshi biladi...
Bizningcha, Beyl faoliyatidagi eng yoqimsiz jarohatlarni yaqinda orttirib oldi. Deylik, «Sporting» (Xixon, yanvar-2016)ga qarshi o‘yin chog‘ida uning son mushaklari uzildi. Lissabonning shu nomdagi klubiga qarshi bahsda esa (noyabr-2016) boldir paylaridagi cho‘zilish sabab uch oy havoga ketdi.
Xullas, Beylning asosiy muammolari quyidagilar: son va boldir mushaklari, bel, oyoq kafti va paylar.
Beyl doim shunaqamidi?