Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

O‘tmishda qolgan stadionlar, ularni qo‘msamaslikning umuman iloji yo‘q

O‘tmishda qolgan stadionlar, ularni qo‘msamaslikning umuman iloji yo‘q

Baho:
+ | -

«Tottenxem» mashhur «Uayt Xart Leyn» arenasi bilan xayrlashdi, «Atletiko» esa butun tarixidan gapiruvchi «Visente Kalderon»dan ketmoqda. Soccer.ru sayti ijodkorlari mavsum-2016|2017 finishidagi bu voqealar sabab, o‘tmish sahifalariga muhrlangan yana bir qator afsona misoli stadionlarni esga solishdi.

Futbol o‘tmishiga aylangan arenalar

Eski «Uembli» yoki «Empayr Stedium» (1923-2000)

Nafaqat London, Angliya yoki Buyuk Britaniya, balki butun jahon futbolida alohida o‘rin tutgan stadion. Yaxshi hamki, eski «Uembli»da vorisi bor. To‘g‘ri, aynan o‘sha joyda qad rostlagan va aynan «Uembli» nomini olgan yangi arena o‘tmishdoshi erishgan mashhurlikning o‘ndan bir qismiga ham yetganicha yo‘q. Vaholanki, 2007 yili ochilgan bu arena avvalgisidan uncha farq qilmaydi. Boz ustiga, u hozirda alohida belgiga ega: balandligi 134 metrga teng po‘lat arka. Biroq ushbu me’morchilik mo‘’jizasining eski «Uembli»dagi ikki mashhur oq minoraga tenglashishi uchun ko‘p yillar kerak, chog‘i. Qolaversa, «Empayr Stedium» uncha-muncha voqealarga o‘z bag‘rini ochgandi: Yevropa Chempionlar kubogining 5ta finali, eng sara yulduzlar konsertlari, Olimpiada o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlari... Angliya terma jamoasi o‘z tarixidagi ilk va yagona jahon kubogini aynan eski «Uembli»da qo‘lga kiritganining o‘zi salmoqli tosh bosishi tayin. Ha, yangi arenaning bunday voqealarga guvoh bo‘lish-bo‘lmasligini vaqt ko‘rsatadi.

«Dinamo» (1928-2008)

Sobiq ittifoq davrida shaxsiy stadioni bilan maqtana oladigan klublar ko‘p emasdi. Moskvaning «Dinamo» jamoasi esa naq 80 yil davomida raqiblarini o‘ziga nomdosh arenada qabul qilgan. Aytish joiz, uy arenasi joylashgan Petrovskiy xiyoboni hali-hamon barcha «oq-moviylar» uchun muqaddas manzil sanaladi. Umuman olganda, «Lujniki» qad ko‘targuncha deyarli 30 yil oralig‘ida aynan «Dinamo» ulkan mamlakatning bosh stadioni hisoblangan. Mana, vaqti yetib, «qariya» o‘z o‘rnini «yosh»ga bo‘shatib berdi. Aniqrog‘i, uning joyida zamonaviy «VTB Arena Park» qurilmoqda. «Dinamo» endi Ximkidagi 10 yillik sarsonlikdan so‘ng shu yangi arenaga ko‘chib o‘tadi.

«Xayberi» (1913-2006)

Inson ijodi. Shotlandiyalik arxitektor Archibald Litch loyihasi bo‘yicha qurilgan bu arena tashqi qiyofasida go‘yoki, Angliya futbolining XX asrdagi holati tasvirlangandek. «Xayberi» 1913-2006 yillar oralig‘ida «Arsenal»ga uy stadioni sifatida xizmat qilib, behisob yorqin damlarga guvoh bo‘ldi. «Kanorirlar» xususan, «engilmaslar» tarixini shu arena maydonidan qo‘shimcha kuch olgan holda yozishdi. «Faxriy» o‘rnini egallagan «Emireyts» esa hozircha «Arsenal»ni shuhratga ko‘mish missiyasini bajarolmayapti, garchi klub tarkibi va imkoniyati chakki ko‘rinmayotgan bo‘lsada. «Xayberi»dan bo‘shagan hududga kelsak, u yerda shu nomdagi turar-joy majmuasi barpo etildiki, uncha arzon bo‘lmagan kvartiralar xuddiki, issiqqina pishiriq kabi tezda sotildi.

«Delle Alpi» (1990-2006)

«Yuventus» bu arenada atigi 16 yil o‘ynagan, xolos. E’tiborlisi, ko‘plab futbolchilar, murabbiylar va muxlislar «Delle Alpi»ni futbol o‘ynash va tomosha qilish nuqtai nazaridan qaltis inshoot sifatida «ta’riflashardi». Lekin fakt shuki, «keksa sinyora» uchun aynan shu qaltis makondagi davr o‘ta  sermahsul kelgan. Axir jamoa 90-yillarda UYEFA kubogini yutdi, Chempionlar Ligasida g‘olib chiqdi, skudetto esa uning doimiy mulkiga aylandi. Bu orada turinliklarni Marchello Lippi boshqardi, «Delle Alpi» maydonida Alessandro Del Pyero, Zayniddin Zidan, David Trezege va Pavel Nedved kabi aslar o‘zgacha javlon urishdi. Ushbu stadion o‘rnida qad rostlagan «Yuventus Stedium» ham chakki emas. U «Yuve» uchun jonajon shinam uyga aylanib ulgurdi. Biroq avvalgi stadionga bog‘liq ehtiros va xotiralar shu qadar ko‘pki, ularni unutish shunchaki, ilojsizdir.

«Ali Sami Yen» (1945-2011)

Futboldan ozgina xabari bor har qanday inson Turkiyadagi bu stadionning alohida jihatini bilsa kerak, albatta. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Zero, uning kiraverish joyiga dahshatli yozuv ilib qo‘yilgandi: «Do‘zaxga xush kelibsiz!» Ha, «Ali Sami Yen» darhaqiqat, qandaydir mo‘’jizaviy qudratga ega ediki, «Galatarasoy» bundan foydalanib, uning bag‘rida eng xavfli raqiblar bilan ham tengma-teng kurashgan, hattoki, ko‘plariga esdan chiqmaydigan saboq bergan. Vaholanki, «Ali Sami Yen» bor-yo‘g‘i 23 ming muxlisni sig‘dirardi, xolos. Shunga qaramay, arena «Galatasaroy» futbolchilarini sherdek o‘ynashlarini ta’minlardi. Shu ma’noda aytsak, yangi «Turk Telekom Arena» hali ko‘p narsalarni o‘rganishi kerak.

«Jerlan» (1926-2016, futbol arenasi sifatida)

«Jerlan»ning tarixi juda uzun va u hali uzilgan ham emas. Shunchaki, «Lion» klubi yangigina «Lyumyer»ga ko‘chib o‘tgach, tarixiy sport inshooti biroz soyaga chekindi. Aytish o‘rinli, «Jerlan» naq 34 yil davomida futbol bobidagi xo‘jayinini kutgan. Zero, «Olimpik Lion» jamoasiga 1950 yilga kelibgina asos solingan. Shu tariqa «to‘quvchilar» yarim asrdan ko‘p vaqt davomida sig‘imi 40 mingli arenada tarix yozishdi. «Stad de Jerlan»ning hozirgi holatiga kelsak, u hamon faoliyatini davom ettirmoqda. Ya’ni arena to‘liq boshqa sport turiga ixtisoslashtirildi. Aniqrog‘i, endilikda «Lion» regbi jamoasi o‘z raqiblarini futbol olamida dong taratgan stadionda qarshi olmoqda.

«Eshtadiu Dash Antash» (1952-2004)

«Portu» odatda «Dragau»da o‘ynaydi, ammo bu stadionning ochilganiga atigi 14 yil bo‘ldi. Xullas, «ajdarlar» eng yorqin g‘alabalarini eskigina arenada nishonlashgan. Raqamlarda ifoda etsak, jamoa Portugaliya ichki musobaqalarida deyarli 20ta sovrin yutishdan tashqari, 1987 yili o‘z tarixida birinchi marta Chempionlar kubogida zafar quchgan. Ha, Joze Mourinyo ham o‘zining g‘olibona yurishini aynan «Dash Antash»da boshlagan: «Portu» UYEFA kubogida g‘alaba qozongan mavsum to‘liq shu arenadan foydalangan va keyingisini ham «Dragau» maydoniga bog‘liq muammolar sabab, unda boshlagandi. Bilsangiz kerak, «ajdarlar» o‘sha mavsum finishida Chempionlar Ligasi bosh sovrini sohibiga aylanishdi. 2004 yilga kelib, «Dash Antash» buzib yuborildi va uning o‘rnida yangi kvartal qurildi. To‘g‘ri, arenadan faqat yorqin g‘alabalar xotirasigina qolmadi. Chunonchi, shahar ma’muriyati qaroriga ko‘ra, 4ta ulkan yoritish projektoridan biri olib tashlanmadi va unga «Dash Antash» yodgorligi sifatida qarashmoqda.

«San-Mames» (1913-2013)

Ispaniyadagi eng qadimiy stadionlardan biri 100 yil davomida «Atletik» (Bilbao) jamoasiga xizmat qildi. Yangigina «San-Mames» esa unga yaqin hudud, deyarli o‘sha joyda qad ko‘tardi. «Atletik» to‘rt tomonda qurilish ishlari davom etayotgan vaqt ham tarixi bir asrlik arenada o‘ynayverdi. Fakt shuki, stadion mutlaqo yangi ko‘rinish oldi. Xususan, «Nuyevo San-Mames»ga kenglik bag‘ishlash maqsadida eski arena tribunalarini olib tashlashga to‘g‘ri keldi.

Futbol o‘tmishiga aylanayotgan arenalar

«Visente Kalderon» (1966-2017)

«Visente Kalderon» 50 yildan ziyod vaqt davomida Madrid «Atletiko»siga sadoqat bilan xizmat qildi. Biroq shahar ma’muriyati klubning arena sig‘imini oshirish uchun navbatdagi rekonstruksiya ishlarini boshlashiga qarshi chiqdi. Natijada «matraschilar» nochor holda 73 ming muxlisga mo‘ljallangan «La-Peynet»ga ko‘chib o‘tadigan bo‘lishdi, garchi fanatlar armiyasi tarixiy joyda qolishni yoqlab, bunga kuchli e’tiroz bildirgan bo‘lsada. Endi «Visente Kalderon» buzib tashlanadi va uning joyida «Park Atletiko Madrid» dam olish maskani barpo etiladi.

«Uayt Xart Leyn» (1899-2017)

«Tottenxem» XIX asrning oxirida qurilgan tarixiy arenasi bilan xayrlashishga ulgurdi. E’tiborlisi, «Uayt Xart Leyn» ham yetuk me’mor Archibald Litch ishi mahsulidir. To‘g‘ri, qadimiy inshoot oxirgi vaqtlarda zamonaviy talablarga muvofiq kelmay qo‘ygandi. Endi stadion qayta tiklanadi va «Tottenxem»ga yangi qo‘nimgoh sifatida topshiriladi. E’tiborlisi, u Londonda eng katta klub stadioni bo‘ladi.

«Uayt Xart Leyn» bilan xayrlashuv

«Shporlar» 118 yillik tarixga ega «Uayt Xart Leyn» bilan xayrlashuv oqshomi «Manchester Yunayted»ni 2:1 hisobida dog‘da qoldirishdi. Aytgancha, portugaliyalik mutaxassis Joze Mourinyoning jamoalari bu stadionda «Tottenxem»ni 2005 yildan buyon mag‘lubiyatga uchratolmayotgandi (APL doirasida). Yana bir tomoni, «Tottenxem» uzoq 1965 yildan buyon davom etib kelgan yoqimsiz an’anasiga chek qo‘ydi. Chunonchi, jamoa shu vaqt orasida mavsumning oxirgi uy uchrashuvida g‘alaba qozonmagandi. Darvoqe, «MYU» uchun yupanch golini urgan Ueyn Runi ham tarixga kirdi. U endilikda «Uayt Xart Leyn»da urilgan oxirgi gol muallifi sifatida tilga olinadi.

Fakt. «Tottenxem» «Uayt Xart Leyn»dagi debyut o‘yinini «Notts Kaunti»ga qarshi o‘tkazgan (o‘rtoqliq maqomida) va chamasi 5000 muxlis guvohligida 4:1 hisobida g‘alaba qozongan. Jamoaning oxirgi o‘yinini esa stadionda 31848 kishi kuzatib bordi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 13:20, 30.05.2017.
O'qildi: 8151 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.