Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Xayrulla Hamidov maqolasi: Sadoqat

Xayrulla Hamidov maqolasi: Sadoqat

Baho:
+3 | -

Kunimning yarmi janozada o‘tdi va kechga kelib shu maqolani yozyapman. Ramazonning shukuhli kunlarida dadamning tog‘asiga umr yo‘ldoshi bo‘lgan 79 yoshli onaxonni tuproqqa topshirib keldik. Sadoqat munosib mukofotlandi. Odam tumonat bo‘ldi. Tanigan-tanimagan ko‘tardi tobutni. Yig‘lamagan qolmadi.

Uyga qaytayotganimizda vafot topgan inson haqida bir ta’rif yangradi: “Shu hovliga kelin bo‘lib tushgandi, shu hovlidan chiqardik”.

Mana shu oddiy yangragan so‘zlar zamirida katta mashaqqat, bosib o‘tilgan og‘ir yo‘l va zahmatli umr yashaydi. Yarim asrlik sabrni ko‘rgandek bo‘ldim. Mashoyihlar aytishgan ekan, insonning asl bahosini tobuti ko‘tarilgan kuni tashrif buyurgan odam belgilab beradi.

Hayotiy ibratlarni futbol maydoniga ko‘chiradigan bo‘lsak, futbolchining kimligini va mavqeini xayrlashuv kechasi, oxirgi o‘yini belgilab beradi, deb bemalol ayta olamiz. Men ana shunaqa oxirgi o‘yinlarni boshqacha bir hissiyot bilan tomosha qilaman. Oddiygina futbol o‘yinidan drama yasagim keladi. Qisqacha aytganda, ko‘zyoshi qilgim keladi. Shu bois bo‘lsa kerak, Franchesko Tottining xayrlashuv kechasiga aylangan “Jenua” – “Roma” o‘yinini ruscha sharh ostida ko‘rdim va… Tottiga qo‘shilib yig‘ladim. Negaligini tushuna olmadim avvaliga. Keyin tushunib qoldim va seskanib ketdim.

O‘zi Italiya futbolida ikki siymo bor men uchun. Biri Franchesko Totti, ikkinchisi Roberto Badjo. Ikkisining Italiya futboliga singgan mehnati zalvorlidir.

Sadoqatli futbolchilar, biroq ikkisining sadoqati farqlidir. Totti bir klub sha’nini umrbod saqlagan holda, “Roma” libosining emblemasini o‘pib yashadi. Badjo esa, “skuadro adzurra” libosidagi davlat gerbini o‘pish uchun umrini jamoa almashtirish bilan o‘tkazib yubordi. Moviy gvardiya ro‘yxatiga tushish uchun A Seriyaning deyarli hamma klubida o‘ynab chiqdi.

Qaysi futbolchi sadoqatliroq? Menimcha, ikkisining maqsadi bitta bo‘lgan, ularning ikkovi Italiya futbolining fidoyi xodimlari bo‘lib qolishadi. Hech birini pastroq ko‘rib bo‘lmaydi. Ya’nikim, ular bir uyga qarama-qarshi ikki eshikdan kirgan kishilarga o‘xshaydi. Eshiklar boshqa bo‘lsa ham, uy bitta!

Mavzudan uzoqlashmayin-a?! Yaqinda “Bavariya”ning umuman keraksiz o‘yinini ham ko‘rgandim. Jamoa mamlakat chempioni bo‘lib ulgurgan, stadionga oqib kelgan muxlislar faqat Filipp Lam bilan xayrlashgani tashrif buyurishgandi. Myunxenliklarning sadoqatli vakili butun stadionni yig‘latgandi o‘shanda ham.

Aytishingiz mumkin, bunaqa hodisalar doim bo‘lib kelgan va bunga ko‘nikish kerak. To‘g‘ri, inson yashab borar ekanki, uning hayotida bu kabi ayriliqlar davom etgusi. Lekin ayni mening futbolga qiziqqan davrlarimda to‘p tepgan va men tanigan yulduzlar ichida eng oxirgilardan bo‘lib ketayotganlari baribir ta’sirli chiqar ekan. (O‘ylab qarasam, bittagina yigit qolibdi bu gvardiyadan – Buffon!) Tottining xayrlashuvi yurakni o‘pirib yubordi. Tengdoshim bilan oinai jahon orqali bo‘lsa ham xayrlashdim. Totti, senga rahmat, dedim.

Franchesko hodisasi Lamdan biroz mushkulroq aslida. Totti Lamdan farqli ravishda o‘z saviyasiga loyiq jamoada o‘ynamadi. Tan olish kerak. U gullagan davrlarida bemalol “Yuventus” yo “Milan”da, “Real” yo “Barselona”da o‘ynasa bo‘lardi. Takliflar ham bo‘lgan. Asr avvalida madridliklarga deyarli o‘tgandi ham. Biroq, “Roma” libosini yechmay qolib ketgan. O‘sha paytlari A seriya o‘yinlarini sharhlab boradigan Vladimir Maslachenko Totti haqida bir gap aytgandi: “Agar bu bola ozgina bo‘lsa ham mashg‘ulot qilganida, bemalol Pele bo‘lardi. Ustida ishlamaydi deyarli”.

Ha, Xudo bergan qobiliyatning o‘zi bilan shu darajada yashay olgandi u. O‘z saviyasidagi jamoaga ketmay, o‘z tug‘ilib o‘sgan shahri uchun ramz bo‘lib qoldi. U tug‘ilgan shahar har qanday davlatdan ham qadimiyroq va kattaroqligini e’tiborga olsak, Tottini bemalol shu shahar imperatoriga mengzasak bo‘laveradi.

“Roma” bu yil ham chempionlik uchun kurasha olmadi. Lekin unda YECHLga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma beruvchi 2-o‘rinni qo‘lga kiritish imkoni bor edi. Buning uchun oxirgi turda Genuada uch ochko egasiga aylanishi shart edi.

O‘yinning ikkinchi bo‘lim boshlari. Jamoa 1:1 durang o‘ynab turibdi. Qaltis holat. Tottini oxirgi o‘yinida maydonga tushirmasa bo‘lmaydi. Tushirsa, qarib qolgan yulduz jamoa zarariga o‘ynashi mumkin. Stadionga tashrif buyurgan minglab muxlislarga bu daqiqalarda YECHL yo‘llanmasidan ko‘ra o‘z qahramonlarini maydonda ko‘rish qiziqroq edi negadir. Nega tushirmayapti Tottini, deb ikki-uch marta aytdi sharhlovchi ham.

Va… u tushib keldi. “Roma” uchun Totti shu qadar muhimki, uni so‘nggi o‘yinida maydonga tushirib (durang payti, qaltis holat) YECHLda saralashdan o‘ynashga ham rozi ekanligini ma’lum qildi. Majbur bo‘ldi. Totti Rim jamoasining maqsadlaridan-da ustunroq faktorga aylandi. Uning tushib kelishi “Gladiator” filmidagi manzarani yodga solib yubordi. Imperator!

Va yanada qizig‘i shuki, rimlik futbolchilar Imperatorning oxirgi kechasida qahramonlik ko‘rsatib, so‘nggi daqiqalarda g‘alabani yulqib olishdi. YECHL guruh yo‘llanmasi qo‘lga kiritildi. Totti uchun o‘ynadi hamma!!! Ular “jamoa tarixiga aylangan yulduzning oxirgi o‘yinida yenga olmagandik” degan og‘ir tamg‘adan qo‘rqib ketishdi chamamda.

Xayrulla HAMIDOV, Erudit Sport gazetasi.

Manba: erudit-sport.uz
Kiritildi: 16:08, 02.06.2017.
O'qildi: 8695 marta.
Fikrlar: 7 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.