Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/06 03:00 Panama 2-1 AQSh
28/06 06:00 Urugvay 5-0 Boliviya
28/06 20:00 So‘g‘diyona 4-2 Dinamo
28/06 20:00 Qizilqum 1-0 OKMK
29/06 03:00 Kolumbiya 3-0 Kosta-Rika
29/06 06:00 Paragvay - Braziliya
29/06 21:00 Shveysariya - Italiya
30/06 00:00 Germaniya - Daniya
30/06 05:00 Kanada - Chili
30/06 05:00 Argentina - Peru
30/06 21:00 Angliya - Slovakiya
01/07 00:00 Ispaniya - Gruziya

«Ayaks» - o‘sha zo‘r «shamol yoxud g‘ayratli yigitchalar haqida

«Ayaks» - o‘sha zo‘r «shamol yoxud g‘ayratli yigitchalar haqida

Baho:
+ | -

Gollandiya futbolining eng sovrindor va dongdor klublaridan biri - «Ayaks» yakunlangan mavsum avvalida bir esankiragandi: ko‘plab asosiy futbolchilar ketishgach, asosan yoshlarga tayangan klub «Rostov»dan uchralgan mag‘lubiyat tufayli Yevropa Chempionlar Ligasi guruh bosqichiga chiqolmadi.

Qishda esa bosh murabbiy Peter Bosh yangilanish vaqti kelganini tushunib yetdi va eng qimmatbaho o‘yinchilar - Anvar al G‘o-zi va Rishedli Bazurni transferga qo‘ydi.  Savdodan tushgan mablag‘ esa bir qator yosh, ammo juda iqtidorli yigitlarni sotib olishga yo‘naltirildi.

Muhimi, o‘sha qaror o‘zini mutlaqo oqladi. Har holda, «Ayaks» hozirga kelib, har qanday kuchli raqibdan cho‘chimaydigan, ishtiyoqqa to‘la yoshlar jamoasiga aylandi. Diqqat qiling, bugungi «Ayaks» futbolchilarining o‘rtacha yoshi 22,1 (!)ga teng, xolos.

Deylik, jamoa asosiy tarkibida endi 17-bahorni qarshi olgan  Jastin Klyuyvert va Matteys de Ligt kabi futbolchilar bemalol to‘p surishmoqda. Shuni nazarda tutsak, Stokgolmda kechgan YEL finalini boy bergan «Ayaks»ni ayblash noo‘rin. Muhimi, jamoa avvalgi mavqeini tiklamoqda, boshqacha aytganda, Amsterdamda o‘sha zo‘r «shamol» turmoqda. Klub tarkibidagi g‘ayratli yigitchalarga qarab, barchasiga o‘zingiz baho berishingiz mumkin.

Andre ONANA - 21 yosh

Xabaringiz bo‘lsa, «Ayaks» o‘tgan yoz birinchi raqamli darvozaboni Yasper Sillessenni «Barselona»ga sotib yubordi. Gollandiyalik golkiper o‘rniga esa kamerunlik Andre Onana olib kelindi. E’tiborlisi, yosh kiper Tim Kruldek tajribali raqobatchidan qo‘rqmay, jamoaga dadillik bilan kirishib ketdi. E’tiborli fakt shuki, u bir urinishda «quruq» o‘yinlar soni bo‘yicha klub rekordini takrorladi. Eng muhimi boshqa - «Ayaks» asli «Barselona» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblangan Onanani o‘z safiga chorlash yo‘lida atigi 150 ming yevro sarfladi, xolos.

Deyli SINKGRAVEN - 21 yosh

Gollandlar futbolchi iqtidorini ochish bobida nechog‘li tajribaga ega ekanliklarini aynan Deyli Sinkgraven misolida yaqqol bilib olish mumkin. Chunonchi, Deyli 2 yilcha oldin kelajagi porloq qanot yarim himoyachisi sanalardi. Biroq futbolchi «Xerenven»dan «Ayaks»ga o‘tib, o‘zi o‘rgangan pozisiyada ko‘ngildagidek harakat qilolmadi. Shundan so‘ng klub murabbiylari uni chap qanot himoyasida sinab ko‘rishdi. Samarani qarang, Sinkgraven bugunga kelib, WhoScored talqini bo‘yicha golland futbolidagi eng yaxshi lateralga aylandi-qo‘ydi.

Matteys de LIGT - 17 yosh

Endigina 17 yoshga to‘lgan futbolchining qandaydir yarim yil ichida asosiy tarkibdan muqim joy olganiyu, debyut golini nishonlaganiga nima deysiz?! Yana o‘ynaydigan pozisiyasiga e’tibor qarating - markaziy himoya! Qolaversa, Matteys Gollandiya terma jamoasida debyut qilishga ham ulgurdi. To‘g‘ri, o‘sha o‘yinda «lolaranglilar» bolgarlardan yengilishdi. Ammo Matteys uchun 17 yoshda milliy jamoa libosini kiyishning o‘zi ham hozircha katta yutuq, albatta.

Davinson SANCHES - 20 yosh

Davinson o‘tgan yoz «Barselona»dan rasman taklif olgandi. Biroq ko‘proq o‘ynash xohishi ta’sirida «Ayaks»­ni tanladi va darhol jamoaning yetakchilaridan biriga aylandi. Serharakat markaziy himoyachi nafaqat orqa chiziqda, balki raqib jamoa jarima maydoniga yaqin hududda ham samarali o‘ynash salohiyatiga ega. Deylik, kolumbiyalik futbolchi mavsum davomida «Gol}pas» tizimi bo‘yicha 7 ochko to‘pladi. Tan olaylik, bu markaziy himoyada to‘p suruvchi yigitcha uchun fantastik natija sanaladi. Davinsonning himoyadagi ishonchli harakatlar bilan grandlar oromini buzganiga esa ancha bo‘ldi.

Che NUNNELI - 18 yosh

To‘g‘risi, Che Nunneli hali klub asosiy tarkibida to‘p surishga ulgurganicha yo‘q. Ammo futbol mutaxassislari va ekspertlarning undan umidlari katta. «Ayaks» murabbiylari keyingi mavsum Cheni ham bemalol boshlang‘ich tarkibga kiritsalar kerak.

Abdulhaq NURI - 20 yosh

Abdulhaq haqidagi ilk ijobiy fikrlar bundan 2 yilcha muqaddam yangragandi. U ham aksariyat tengdosh do‘stlari qatori asosiy tarkibda o‘ynash mazasini totib ko‘rib bo‘ldi. Umuman, «Ayaks»ning ashaddiy muxlislari Nurini xuddi Vaslav Cherni kabi klub akademiyasining eng sara tarbiyalanuvchilaridan biri sifatida maqtashadi.

Vaslav CHERNI - 19 yosh

Ekspertlardan «Ayaks» bosh murabbiyiga maslahat: «Vaslavga ko‘proq o‘yin amaliyoti taqdim eting va 3 yildan so‘ng uni biror top-klubga o‘zingiz istagan narxda soting!» Boshqa gapga hojat yo‘q.

Hakim ZIYESH - 24 yosh

Bugungi «Ayaks»ning eng yaxshi futbolchisi. Hakim YEL yarim finalida «Lion» darvozasiga 3ta gol urdi. Aslida taxmin bo‘yicha olganda, Hakim bundan 2 yil avval Gollandiya termasida Uesli Sneyder o‘rnini egallashi lozim edi. Biroq Danni Blind qandaydir noma’lum sabablarga ko‘ra, Ziyeshni e’tibordan chetda qoldirdi. Oxir-oqibat, umidlari chippakka chiqqan yosh futbolchi Marokash terma jamoasini tanladi. Aytgancha, Hakim ayni payt marokashliklar safida Rossiya-2018 mundiali yo‘llanmasini yutish imkoniyatiga ega bo‘lib turibdi. Gollandiya termasi esa bo‘lajak JCHdan ancha uzoqda...

David NERES - 20 yosh

«Ayaks» tarkibiga qishda qo‘shilgan braziliyalik David Neres o‘yinga tezda moslashib, «Lill»ga o‘tib ketgan Anvar al G‘ozi o‘rnini bosdi va hozirda uning safda yo‘qligini bilintirmayapti. Aksincha, al G‘oziga nisbatan ham yaxshiroq harakatlanyapti. Qizig‘i shundaki, braziliyalik yigitcha boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan aksariyat o‘yinlarda «Ayaks» uchun gol urishni uddaladi. Amsterdamliklar bunday omadli seriya so‘nggi marta Luis Suares bilan kuzatilganini yaxshi bilishadi.

Jastin KLYUYVERT - 17 yosh

IYE, bu Klyuyvertning nusxasimi yoki qarindoshi? Yo‘q, Jastin shunchaki, yaqin o‘tmish afsonasining sevimli farzandi, iste’dodli o‘g‘li! Kichik Klyuyvert kurashlardan charchamaydigan, yengilishni sira yoqtirmaydigan chinakam jangchi. Qolaversa, o‘smir yigitcha omadli ham: «Ayaks» u qatnashgan o‘yinlarda asosan ijobiy natijaga erishdi - 12ta g‘alaba.

Kasper DOLBERG - 19 yosh

«Ayaks»dagi debyutini 2016 yilning avgustida nishonlagan Kasper shundan buyon Peter Bosh jamoasida chamasi 50ta o‘yin o‘tkazdi, 20tacha gol urdi va 8ta samarali «pas» berdi. Darvoqe, «Ayaks» YEL nimchorak finalida «Kopengagen» bilan to‘qnash kelgan va aynan daniyalik futbolchining goli evaziga keyingi raundga yo‘l olgandi.

Amin YUNES - 23 yosh

«Borussiya» (Menxengladbax)dan 2,5 million yevroga xarid qilingan vinger yuksak texnik qobiliyati bilan boshqalardan yaqqol ajralib turadi. U yakunlangan mavsum 10tacha gol urdi. Hisobidagi samarali uzatmalar soni yanada ko‘proq - 12ta. Ajdodlari livanliklarga borib taqaladigan yarim himoyachi Germaniyaning turli yosh toifasidagi terma jamoalarida o‘ynashga ulgurdi, ammo Yoaxim Lyov e’tiboriga tushishi uchun boshqa chempionatga ko‘chib o‘tishi lozim, shekilli.

Bertran TRAORE - 21 yosh

«Lion» darvozasiga urilgan 2ta golga mualliflik qilgan futbolchi «Chelsi»ga tegishli va «Ayaks»da ijara kelishuvi bo‘yicha o‘ynadi. U qanot yarim himoyasida ham, hujumda ham birdek samara keltirish salohiyatiga ega. Ammo Burkina-Faso vakili orada jarohat tufayli 3 oy maydonga tusholmadi. Aprel oyida safga qaytib esa AZ va NEK klublarining tor-mor etilishiga katta hissa qo‘shdi. Traore shuningdek, «Ayaks»ning YEL finaliga chiqishida ham jonbozlik ko‘rsatdi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:54, 11.06.2017.
O'qildi: 4165 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.