1997 yildan oliy ligada ishtirok etib kelayotgan Qarshining “Nasaf” klubi kecha, o‘zining oliy ligadagi 600-uchrashuvini o‘tkazdi.
Bu uchrashuv "Nasaf"ning g‘alabasi bilan yakunlandi. Bu g‘alaba “ajdarlar”ning barcha chempionatlardagi 337-g‘alabasi sifatida qayd etildi.
Keling, shu yerda qisqacha klub tarixiga nazar tashlaymiz. “Nasaf” oliy ligadagi debyut ishtirokida 6-o‘rin bilan chegaralangan. 1998 yili 5-o‘rin, 1999 yili esa 11-o‘rin bilan qanoatlangan. Bu ko‘rsatkich, jamoa tarxidagi eng yomon ko‘rsatkich sifatida tarixda qolgan. Shu yili “Nasaf”ni Viktor Makarov boshqargan.
2000 yilgi chempionat boshida klubda katta o‘zgarishlarga qo‘l uriladi. “Nasaf”ga Bahrom Hakimov bosh murabbiy sifatida taklif etiladi va shu yili qarshiliklar o‘z tarixida birinchi marta bronza medaliga sazovor bo‘ladi. Bahrom Hakimov yilning eng yaxshi murabbiyi sifatida e’tirof etiladi. Jamoa to‘purari – Zafar Xolmurodov esa “Hujum qiroli” sovriniga muyassar bo‘ladi. Zafar Xolmurodov shu yilgi mavsumda raqiblar darvozasini 30 marta ishg‘ol qilgan. Bu natijani hanuzgacha "Nasaf"ning boshqa futbolchisi takrorlay olgan emas.
2007 va 2008 yillar ham klub uchun juda omadsiz kechgan. 2007 yili “Nasaf” chempionatni 9-o‘rin bilan yakunlaydi. Shu yili jamoa chempionatni Bahrom Hakimov qo‘l ostida boshlaydi. Bahrom Hakimov istefosidan so‘ng, “Nasaf”ni vaqtincha Vitaliy Ni boshqaradi. Keyin esa Vladimir Fomichev jamoaga taklif etiladi. Natija esa 6-o‘rin. Yakunda Vladimir Fomichevga ham chiqish eshiklari ko‘rsatiladi.
“Nasaf” 2008 yilgi chempionatni 9-o‘rin bilan yakunlagan. Shu yili qarshiliklar chempionatni Viktor Borisov qo‘l ostida boshlagan bo‘lsa, undan “Nasaf”ni Edgar Gess qabul qilib oladi. Bu murabbiy ham jamoada o‘zgarish qila olmagach, jamoaga Usmon Toshev bosh murabbiy sifatida taklif etiladi. Natija esa 9-o‘rin. Bu natija hech kimni qoniqtirmas edi.
Shu yili klubga “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” bosh homiy sifatida biriktiriladi. Endi “Nasaf” klubi tarixida yangi sahifa ochiladi.
2009 yilgi chempionat boshida klub rahbarlari misli ko‘rilmagan, katta o‘zgarishlarga qo‘l urishadi. Jamoaga rossiyalik mutaxasis Viktor Kumikov taklif etiladi. Ikkinchi davrada esa klubga bosh murabbiy sifatida Anotoliy Demyanenko tayinlanadi. Natija 3-o‘rin. Shu yili klub qoshida futbol maktabi tashkil etilib, o‘z faoliyatini boshlaydi.
O‘zingizga ma’lum, Anotoliy Demyanenko boshchiligidagi jamoamiz 2011 yili chempionatda kumush medalga sazovor bo‘lgan va OFK kubogini qo‘lga kiritgan. Bu klub tarixidagi juda katta natija edi.
2012 yil boshida klub rahbariyati jamoani Ro‘ziqul Berdiyevga ishonib topshiradi. Yosh murabbiy 7-turdan so‘ng o‘z lavozimidan chetlatiladi va Usmon Toshev bosh murabbiy bo‘ladi. Mavsum oxirida, Usmon Toshev faoliyatidan qoniqmagan klub rahbariyati jamoani yana Berdiyevga topshiradi. Shu yili chempionatni muvaffaqiyatli boshlagan “Nasaf”, 4-o‘rin bilan kifoyalanadi. Berdiyev shu yili 9ta uchrashuvda o‘z shogirdlarini maydonga boshlab tushadi.
Ro‘ziqul Berdiyev shu vaqtdan buyon "Nasaf"ni boshqarib kelayapti. Bu murabbiy davrida “Nasaf” to‘rt marta (2013, 2014, 2015, 2016 yillar) qatorasiga bronza medalini, bir marta O‘zbekiston Kubogini (2015 yil) va yana bir marta O‘zbekiston Superkubogini qo‘lga kiritdi (2016 yil). Jamoa Berdiyev qo‘l ostida to‘rt marta O‘zbekiston Kubogi finalida ham ishtirok etaganini ham aytib o‘tish joiz. Ro‘ziqul Berdiyev boshchiligidagi “Nasaf” 2013 yildan buyon 3-o‘rindan pastga tushgan emas.
Bu murabbiy o‘z faoliyati davomida jamoani chempionat uchrashuvlarida 133 marta maydonga boshlab tushdi. Shulardan 85 uchrashuvda “Nasaf” g‘alabaga erishdi.