Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Akbar ismatullayev: «Hali chempionlikdan umid uzganimiz yo‘q»

Akbar ismatullayev: «Hali chempionlikdan umid uzganimiz yo‘q»

Baho:
+ | -

Mavsumni omadsiz tarzda o‘tkazayotgan «Paxtakor» birinchi davranning oxirgi ikki uchrashuvida uyg‘ongandek tassurot qoldirdi. Muhimi, hujumchi Igor Sergeev nihoyat, darvozaga yo‘l topishga muvaffaq bo‘ldi. Umid qilamizki, hujumchi uchun qora kunlar ortda qoldi va u endi terma jamoamiz uchun ham gol urishni boshlaydi. Biz «Paxtakor» himoyachisi Akbar Ismatullayevni suhbatga tortib, uning fikrlari bilan qiziqdik.

- Akbar, «Paxtakor» uchun «Nasaf»ga qarshi o‘yinning ahamiyati juda ham yuqori edi. Ana shunday qiyin uchrashuvda muhim uch ochko qo‘lga kiritildi. Nimaning evaziga g‘alaba qozondik, deb o‘ylaysiz?

- Haqiqatan ham bu g‘alabani uzoq kutgandik. Kubokdan chiqib ketganimizdan so‘ng bor e’tiborimizni chempionat bahslariga qaratgandik. Boz ustiga, aynan «Nasaf» bizni kubokning har ikki o‘yinida mag‘lub etgandi. Shu bois, o‘yinga har qachongidan jiddiyroq tayyorgarlik ko‘rgandik. G‘alabadan boshqa natija bizni aslo qoniqtirmasdi. Ochko yo‘qotgan taqdirimizda sovrinli o‘rinlar uchun kurashayotgan jamoalardan ancha ortda qolib ketardik. Qolaversa, muxlislarimizni ham ancha ranjitib qo‘ygandik. Bugun ishqibozlar va o‘zimiz uchun ham maydonda astoydil harakat qildik. Natija esa barchamizni xushnud etdi. Mazkur g‘alabadan so‘ng bizda sovrinli o‘rinlar uchun kurashish imkoniyati oshdi. Ruhiyatimiz ham ancha ko‘tarildi. Buyog‘iga endi ochko yo‘qotishga aslo haqqimiz yo‘q. Turdan-turga o‘yinimizni shakllantirib, kuchaytirib borishga harakat qilamiz.

- Kubokda qabul qilib olingan yirik hisobdagi mag‘lubiyatga nima sabab bo‘lgandi?

- O‘sha bahsda o‘yinimiz umuman qovushmagandi. Mag‘lubiyat sabablarini o‘rganib chiqdik. O‘zimizga nisbatan tanqid ko‘zi bilan qaradik. «Nasaf»ning kuchsiz tomonlarini o‘rgandik. Mana, guvohi bo‘lganingizdek, maydonda raqibdan har taraflama ustun keldik. Uchrashuv boshlanishi arafasida jamoadoshlarim bilan hech bo‘lmasa o‘zimiz uchun o‘ynash borasida kelishib olgandik. O‘ylaymanki, muxlislarimiz ham xursand holatda uylariga qaytishdi. Qolaversa, turnir jadvalidagi holatimizni ham ancha yaxshilab oldik.

- «Nasaf» bilan o‘yindan bir tur avval «Olmaliq»qa imkoniyatni boy berdinglar. Bu kutilmagan mag‘lubiyatmidi?

- Birinchi bo‘limda yomon taassurot qoldirmagandik. Tanaffusdan keyin ham ustunlikka erishdik. Afsuski, o‘z xatolarimiz evaziga darvozamizdan ikkita to‘p olib chiqdik. E’tiborlisi, «Olmaliq» futbolchilari ikkala golni ham standart vaziyatdan urishdi. Aslida, o‘yindan oldin murabbiylarimiz olmaliqliklarning asosiy quroli standart vaziyatlar ekanligini aytishgandi. Murabbiylarimizning cho‘chigani bejiz emasdi. Bir so‘z bilan aytganda, juda alamli mag‘lubiyat bo‘ldi.

- Tez orada klubda katta o‘zgarishlar bo‘ladi. Jamoa rahbariyati yangilandi. Bunga futbolchilar tayyormi?

- Jamoaning ichida anchadan beri gap-so‘zlar yuribdi. O‘zgarish bo‘lishi aniq. Futbolchilar ham bunga tayyor turishibdi. Bosh murabbiy «Nasaf»ga qarshi kechgan o‘yinimizni «VIP» lojadan kuzatib bordi. Tez orada safimizga yangi futbolchilar kelib qo‘shiladi. Ular orasida legionerlar ham bo‘ladi. Tabiiyki, ikkinchi davrani kuchli va raqobatbardosh tarkib bilan boshlaymiz. Sog‘lom raqobatning borligi yaxshi. Jamoamiz oldida turgan asosiy vazifa - OCHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritish. Buning uchun kamida uchinchi o‘rinni egallashimiz shart. Bu - minimal vazifa. Hali bizda chempionlik uchun kurashish imkoniyati ham saqlanib qolgan. Kubok bahslaridan chiqib ketganimiz bois, endi bor e’tiborni chempionatdagi ishtirokimizga qaratamiz. Bu jihatdan bizga asosiy raqiblarimizdan ko‘ra yengilroq bo‘ladi.

- Arveladzening jamoaga kelishini qanday qabul qildinglar?

- Juda yaxshi. Xabarni xush kayfiyatda qarshi oldik. O‘ylaymizki, Shota Arveladze jamoamizga Yevropa futboli nafasini olib kiradi. O‘zining «ko‘hna qit’a»da orttirgan boy tajribasini biz bilan baham ko‘radi. «Paxtakor» yana avvalgi mavqeini taklaydi. Bunga ko‘p vaqt qolmadi. Hozirgi holatda ham yomon o‘yin ko‘rsatmayapmiz. Faqat zaxira o‘rindig‘imizning torligi sabab barcha o‘yinlarda asosan 12-13 futbolchiga yuklama tushyapti. Tabiiyki, bunday holatda charchoq alomatlari sezilib qolyapti. Zaxiradan maydonga tushib, o‘yinni kuchaytira oladigan futbolchi deyarli yo‘q. Yoshlarga esa tajriba yetishmayapti. Ular barcha o‘yinlarni bir maromda o‘tkaza olishmayapti. Bu futbolchilarimizga ozgina vaqt kerak. Umid qilamanki, omadsiz o‘yinlar ortda qoldi. Endi faqat g‘alaba haqida o‘ylaymiz, turdan-turga holatimiz yaxshilanib boradi. Hali hech narsa yo‘qotilgani yo‘q. Turnir jadvaliga e’tibor qaratsangiz, jamoalar orasidagi ochkolar tafovuti unchalik katta emas. Farq bitta turning o‘zida yo‘q bo‘lishi hech gap emas. Shunday ekan, hali chempionlikdan umid uzganimiz yo‘q.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 06:50, 03.07.2017.
O'qildi: 5015 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.