Kirish Ro'yxatdan o'tish
14/11 05:00 Urugvay - Kolumbiya
14/11 05:00 Peru - Chili
14/11 14:10 Avstraliya 0-0 Saudiya Arabistoni
14/11 17:00 KXDR 2-3 Eron
14/11 19:00 Bahrayn 0-1 Xitoy
14/11 19:00 Kuvayt 1-3 Janubiy Koreya
14/11 21:00 Ummon 1-0 Falastin
14/11 21:15 Iroq 0-0 Iordaniya
14/11 21:15 Qatar 3-2 O‘zbekiston
14/11 21:15 BAA 3-0 Qirg‘iziston
15/11 02:00 Venesuela 1-1 Braziliya
15/11 04:30 Paragvay 2-1 Argentina
15/11 05:00 Ekvador 4-0 Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya - Yaponiya

Ferreyra Karrasko - e’tibordan xoli «Hindu»

Ferreyra Karrasko - e’tibordan xoli «Hindu»

Baho:
+2 | -

Transferlar mavsumi Yevropada shov-shuvli mish-mishlarning «bolalashi»ga sabab bo‘lmoqda. Yirik kelishuvlar xususidagi xabarlarda negadir «Atletiko» yetakchilaridan biri bo‘lgan Ferreyra Karraskoni uchratmaymiz. Nahotki, noyob iqtidor sohibi hech qaysi jamoani qiziqtirmayotgan bo‘lsa?

Darhaqiqat, madridlik «hindular»ning belgiyalik legioneri dribling bobida anchayin kasbdoshlariga «dars» bera oladi, vaziyatni tez va aniq baholaydi. Zargarona uzatma-yu, olis masofalardan darvozani nishonga olish - uning uchun odatiy hol. Kutilmagan qarorlari bilan raqiblarini sarosimaga tushirib qo‘yadigan yarim himoyachi yosh bo‘lishiga qaramay, tajribali o‘yinchilardek to‘p suradi. Asosiysi - bu chayir futbolchi hech qachon kalovlanib qolmaydi. Undagi qat’iyat bolaligidan ko‘zga tashlanib turardi. Futbolchining ilk murabbiyi bildirgan fikrlar buni tasdiqlab turibdi: «Yannik bolaligidan o‘ta kuchli o‘yinchi edi. Jamoadoshlari doimo to‘pni unga yetkazishga urinishardi. Futbolni hayotining mazmuni, deb biladi». Ha, Karrasko «Gent», «Standard» va «Anderlext» kabi klublar orqali katta futbolga kirib kelgan belgiyalik noyob iqtidorlardan biri. «Atletiko»ning sobiq yarim himoyachisi Paulu Futrening fikricha, Yannikning bahosi juda yuqori bo‘lishi kerak: «MYU» Pol Pogba uchun 100 mln. yevro sarflaganini inobatga olsak, uning uchun ikki baravar ko‘proq sarflashlariga to‘g‘ri keladi. Zero, transfer ma’lumotlarida Karrasko familiyasi juda kam uchramoqda. Faqatgina shu kunlarga kelib «Bavariya» «Atletiko»ning belgiyalik hujumkor yarim himoyachisi uchun 40 mln. yevro to‘lashga tayyor ekanligini ma’lum qildi. To‘g‘ri, bundesliga grandi bahorda ham Karraskoga qiziqish bildirgandek bo‘lgandi. Lekin jiddiy taklifgacha borilmagandi. Endi myunxenliklar futbolchining shartnomasi bilan tanishadigan bo‘lishsa, xarid uchun naq 60 mln. yetmasligidan xabardor bo‘ldilar.

Xo‘sh, yosh iqtidor sohibi haqida nimalarni bilasiz? Ferreyra Karraskoning avlodlari ispan va portugaliyalik bo‘lishsada, u Belgiya terma jamosi sharafini himoya qilishni ma’qul ko‘rdi. U o‘z qaroridan mamnun. Yannik 11 yoshda maktabdan voz kechdi. Qizig‘i, buning uchun onasi o‘g‘lini ko­yigani yo‘q. Chunki uning futbolga shaydo bo‘lib qolgani ko‘zga yaqqol tashlanardi. 10 yoshida otasi oiladan voz kechgani bois, Karrasko juda barvaqt ulg‘aydi. To‘rt nafar farzandni onasi yakka o‘zi oyoqqa turg‘azdi. «Men uchun onam hammadan muhimroq», - deydi Yannik. Onasini doimo yodda tutadi, imkon tug‘ilishi bilan uni qo‘llab turadi. Yannik Kevin de Bryuyne bilan «Genk»da yonma-yon to‘p surgach, «Monako»ning taklifiga ko‘ra, knyazlikka yo‘l oldi. O‘shanda Yannik 19 yoshda bo‘lib, klub bilan imzolangan shartnomasida onasi uchun bir nechta aviachiptalar ajratilishini ko‘rsatib o‘tgandi. Futbolchi onasining bevosita stadiondan turib qo‘llab-quvvatlashini istardi. To‘g‘ri, Klaudio Ranyeri yetarlicha ishonch bildirmay, qanotda ko‘proq Xames Rodrigesning xizmatidan foydalandi. Biroq murabbiylik lavozimi Leonardu Jardimga o‘tgach, Yannikda mahoratini to‘liq namoyish etish imkoni tug‘ildi. Yangi murabbiy o‘tmishdoshining 4-2-3-1 sxemasidan voz kechib, 4-3-3 uslubini qo‘llay boshladi. Shu tariqa Karrasko so‘l qanot hukmroniga aylandi. Qolaversa, Xames «Real»ga o‘tib ketgach, unga raqobat qiladigan o‘yinchi qolmadi.

2014|2015 yillar mavsumida «Monako» bir necha yillik tanaffusdan so‘ng YECHLda shov-shuvli ishtirokini boshladi. Jamoa Londonning «Arsenal» jamoasini turnirdan chiqarib yubordi. O‘sha o‘yinda «to‘pchilar» darvozasini ishg‘ol etish orqali Ferreyra Diyego Simeone e’tiboriga tushdi. Ichki chempionatda ham qahramonimiz risoladagidek to‘p surdi - 6ta gol va 9ta samarali uzatma bilan liganing eng yaxshi assistentlari uchligidan o‘rin oldi. Dmitriy Ribolovlev esa «Atletiko»ning 20 «limoni» evaziga Yannikni Madridga berib yubordi.

«Kurtua va Falkao «Atletiko» xususida iliq fikrlar bildirishgandi. Bu ajoyib jamoa janob Simeone davrida yanada qudratli kuchga aylandi. Qaror borasida uzoq o‘ylab o‘tirmadi. Chunki doimo Ispaniya­da o‘ynashni orzu qilgandi. «Madridga kelganimdan bag‘oyat mamnunman», - dedi Yannik. Albatta, «Monako»ning hujumkor uslubidan Simeonening himoyaviy taktikasiga moslashish futbolchi uchun oson bo‘lmadi. Ispaniyadagi ilk mavsumni ko‘proq zaxirada o‘tkazdi. YECHL finalida gol urish va ma’shuqasi - Belgiya go‘zali-2013 tanlovi g‘olibasi Noyomi Xappartdan bo‘sa olish orqali OAV muqovalaridan o‘rin oldi. Pireneydagi ikkinchi mavsum esa Karraskoga ancha muvaffaqiyatli keldi. La-Ligada ham, YECHLda ham gollar muallifiga aylandi. «Granada»ga qarshi bahsda esa fantastik mahsuldorlik (3ta gol, 2ta uzatma) qayd etib, amalda raqibni bir o‘zi tiz cho‘ktirdi. Aynan ana shu o‘yindan keyin mutasaddilar uning bahosini oshirishga qaror qilishdi. Simeone shogirdi sha’niga maqtovlar yog‘dirdi: «Istagan cho‘qqini zabt etishga qodir. So‘nggi yillarda amalga oshirgan ishlari meni lol qoldirmoqda».

Belgiyalik yarim himoyachining taraqqiyoti raqamlarda ham o‘z ifodasini topdi: avvalgi mavsumda uzatmalar aniqligi 40 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy mavsumda 56 foizga ko‘tarildi. O‘tgan yili 21ta golga assistentlik qilgan Ferreyra bu yil 33ta golga hammualliflik qilishga erishdi. Qo‘shimchasiga charchoq nimaligini bilmaydi, o‘ng qanotda ham ishonchli to‘p sura oladi. Yosh bo‘lishiga qaramay, vazmin tabiatli, odobli yigit yoshlarga xos sho‘xlik va mojarolardan batamom yiroq. Bunaqa futbolchilarni topish juda qiyin. Onasining ta’kidlashicha, otasi oilani tark etganidan keyin bolalik sho‘xliklaridan butunlay voz kechgan. Boz ustiga, onasini yolg‘iz tashlab ketishni istamagan. Fransiya va Ispaniyada tanilib ulgurgan futbolchini o‘z yurti - Belgiyada tanimasliklari Yannikni biroz ranjitadi: «Ispaniyada menga duch kelgan muxlislar «Atletiko»da to‘p surishimni aytib, hol-ahvol so‘rashdi. Belgiyada esa hech kimning ishi yo‘q. O‘z vatanimda ham taniqli bo‘lishni istardim». Chindan ham, Karrasko nafaqat belgiyaliklar, balki sport nashrlari uchun ham butunlay notanish. Negadir top-klublar unga befarq. Bu noxush an’ana tez orada barham topishidan umidvormiz. Odatda 10-raqam ostida to‘p suradiganlar jamoada uzoq vaqt qolib ketmaydilar. Boz ustiga, Yannik o‘z ishining ustasi va fidoyisi! Uning jiddiy e’tiborga loyiq ekaniga shubha yo‘q.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:08, 06.07.2017.
O'qildi: 6955 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.