Kirish Ro'yxatdan o'tish
21/05 19:00 Bunyodkor 3-2 Lokomotiv
23/05 23:45 Kalyari - Fiorentina

Xayrulla Hamidovdan: "O‘zgarish"

Xayrulla Hamidovdan: "O‘zgarish"

Baho:
+2 | -

Hozir hamma shu so‘zni yozmoqda. Ko‘ngli istayotganidan emas, jonga tegib ketganidan. Qayerdadir burilish nuqtasi bo‘lishi kerakku, degan umid bilan qarayapmiz O‘FF binosiga. Undan oldin esa, 2006 yili Nikol Kidman ishtirokidagi mashhur filmlardan biri — “Boshqalar”ni eslab o‘tay.

 Filmni ko‘pchilik ko‘rganiga aminman. Biroq, ko‘rmaganlar bo‘lsa qisqacha aytib o‘taman. Asar qahramoni bo‘lgan ona va ikki farzandi butun film davomida “ruhlar olami” bilan kurashib yuradilar. Ularning ko‘ziga ko‘rinib qolgan g‘ayritabiiy odamlar o‘zga olam vakillari ekanligi ma’lum bo‘ladi. Kinoning kulminasion nuqtasi so‘nggi besh daqiqalikda: haligi ona o‘z bolalari bilan “o‘liklar olami”ni kashf etgan paytida,  hammasi aslida teskari bo‘lgani oydinlashadi. Ya’ni, butun film davomida qahramonlik qilgan oila a’zolari voqelikdao‘zlari o‘lik bo‘lib chiqishadi. Ona o‘z bolalarini jahl aralash yostiq bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan, keyin telbaga aylanib, o‘z joniga qasd qilgan… Ularni ta’qib qilganlar esa o‘sha xonadonning hozirgi egalari – tirik odamlar edi.  Xullas, film maqtovga loyiq. Menimcha, aynan shunaqa janrlar bugungi kun blogerlarga katta ta’sir qilgan. Shaxsan o‘zim ham, shu uslubda yozilgan maqolalarni yaxshi ko‘raman. Juda-a-a eplolmasam ham shu yo‘nalishga murojaat qilgan paytlarim-da bo‘lgan. Maqolaning oxiri butunlay boshqa o‘zanga burilib ketishi, burilib ketganda ham tabiiy yo‘l bilan, o‘quvchiga qandaydir foydalar beradigan tomonga qarab sayr etishini xush ko‘raman. Lekin undoq samimiy va kutilmagan fikrlar har doim ham kelavermaydi. Ko‘p holatda o‘xshamaydi ham.

Odamlarga nima uchun “Boshqalar”ga o‘xshash, deylik, yaqinda chiqqan “Intesteller”ga o‘xshash g‘alati filmlar yoqadi? Menimcha, inson o‘z hayotidan ham shunday mazmunni izlaydi. Ko‘p yaxshi ishlarni qilmaganini bilgani holida, yaxshiroq – kutilmagan xotimaga umid bog‘laydi. Hayotining asosiy qismida ro‘y bergan xodisalari aslida oxiridagi haqiqat olamini ochishga xizmat qiluvchi rishta bo‘lishini xohlaydi. Mayli, falsafaga o‘tib ketmaylik-da, o‘zimizning olamga qayta qolaylik.

To‘g‘risini aytganda, bu film uslubi bizga boshqa tomondan yoqimliroq – Biz futbol deb atalmish jozibali o‘yindan aynan “Boshqalar”ga o‘xshagan yakun kutamiz. Bu bahs shunday bo‘lishi kerakki, butun o‘yin davomida boshqa narsa ko‘rsangu, oxirida ko‘rgan narsalaring ro‘yoga aylanib ketsa… 1999 yilgi “MYU” ertagi, 2000 yilgi Fransiya terma jamoasining final ssenariysi, 2005 yilgi “Liverpul”ning 46-daqiqadan keyingi benefisi… 2017 yilning bahoridagi “Kamp nou” stadionida sodir bo‘lgan 6:1 deb atalmish kambek.Bunaqa bellashuvlar futbol tarixida kam bo‘ladi. Shu bois, aynan shu kabi uchrashuvlar xotiramizda ko‘proq saqlanib qolgan. Oxirida butun o‘yinning ssenariysini chilparchin aylaydigan bahslarni yillar o‘tib-da hikoya qilishdan zerikmaymiz, hech sezganmisiz?

O‘zimizning futbol haqida gap ketganida, “Boshqalar”ning yo‘nalishiga mos keladigan birgina bellashuvni topa oldim. 2005 yilgi Quvayt bilan kechgan saralash o‘yinimiz! Bu bahs futbolimizga juda katta o‘zgarishlarni olib kelmaganini bilsak-da, negadir Xirosimadagi ishonchli g‘alabalarimizdan ko‘proq eslashga arzigulikdek tuyuladi. Keltirgan manfaatlari borasida bir-biriga yaqin kela olmaydigan uchrashuvlardan shuni tanlaydi xotiralarimiz… Qizig‘-a?

Demak, xotima muhim, juda muhim. Har qanday ishning, fe’lning, amalning va yo‘lning oxiri muhimlik darajasida turaveradi. Yo‘l har qancha chiroyli bo‘lmasin, uning oxiri mavhumlikka aylansa, undan mantiq ko‘rilmaydi. Amal har qancha ulug‘vor sanalmasin, oqibatidan keladigan mukofot yo‘qqa chiqsa, uning haybati yo‘qoladi. Bir zumda yo‘qoladi. “Boshqalar” filmida ham kinoijodkorlar insoning qalbida yashirinib yotgan nozik tuyg‘ularni, istaklarni va umidlarni ilg‘ay olishganki, ta’sirini shu o‘ringa yashirib qo‘yganlar. Xuddi ko‘zguda o‘zini ko‘rib qolgandek tuyuladi odam…

… Tasavvurim yordamida “yashil maydondagi boshqalar”ni izlab ko‘rdim. Ular kim? Butun hayotimiz davomida aslida “o‘lik bo‘lganu” oxirda “tirik”ka aylanadigan? Topdim — olti marta saralashida qatnashganimiz, illo o‘ziga bora olmaganimiz – JCHning final qismida o‘ynab yurgan terma jamoalar aslida mundialga hech qachon bora olmaganlar, ha, ular aslida “o‘lik”!

Nazarimda, O‘FFga kelgan yangi rahbariyatning oldimizda turgan hisobotidan so‘ng butkul boshqa tomonga o‘zgarmoqchi futbolimiz. Bizga ma’lum qilishlaricha, filmning oxiriga kelib qoldik, ho-o-o-oozir o‘zgarib ketadi hammasi. Gollivudning qaysar oshiqlari har qanday film bunaqa xunuk va betamiz yakunlanishini tasavvur qila olishmaydi.

Afsuski, ushbu o‘zgarishning hosilini 4 yil kutishimiz kerak bo‘ladi. Shoir aytganidek, kim bor, kim esa…

Manba: erudit-sport.uz
Kiritildi: 10:34, 25.09.2017.
O'qildi: 10480 marta.
Fikrlar: 7 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.