Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

O‘zbekiston terma jamoasiga qanday murabbiy kerak?

O‘zbekiston terma jamoasiga qanday murabbiy kerak?

Baho:
+1 | -

Bugun hamma-hamma - mutaxassislar, jurnalistlar, muxlislar milliy jamoamizga xorijdan nomdor va tajribali murabbiy taklif etish zarurligi xususida dangal gapirishyapti.

Mana, O‘FFning yangi rahbariyati ham mamlakatimiz bosh jamoasi endi kuchli legioner murabbiyga topshirilishi borasida ma’lumot berdi. To‘g‘ri, kimlar mo‘ljalga olinganiyu, kimlar o‘z nomzodini tavsiya etgani hozircha aniq emas.

Tushunarliki, biz Osiyo kubogi-2019 va JCH-2022 saralashini nazarda tutgan holda munosib murabbiy topishimiz kerak. Eng muhimi, nomzod mutaxassislar Osiyo futbolini yaxshi bilishlari va milliy jamoamizni loaqal bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarish salohiyatiga ega bo‘lishlari shart.

Teran nazar solsak, jahon futbolida hozir ishsiz yurgan murabbiylar orasida ayrim jihatlari bilan oldimizga qo‘yiladigan vazifalarni bajarishga mos keluvchi  mutaxassislar ham yetarlicha topiladi.

Demak, quyida shundaylarning ayrimlari haqida biroz suhbatlashamiz...

LUI VAN GAL

Umumiy ma’lumot. To‘liq ism-sharifi - Aloiziyus Paulyus Mariya (Lui) van Gal. 1951 yilning 8 avgustida Amsterdam shahrida tavallud topgan. Futbolchilik faoliyatining asosiy qismini Rotterdamning «Sparta» klubida yarim himoyachi sifatida o‘tkazgan. Murabbiylik ishini 1988 yili «Ayaks» klubida bosh murabbiy yordamchisi rolida boshlagan. World Soccer talqini bo‘yicha jahonning 1995 yilgi eng yaxshi murabbiyi.

Terma jamoalar bo‘yicha tajribasi. Gollandiya termasi (2000 yil 2 sentyabr - 2001 yil 10 noyabr; 2012 yil 15 avgust - 2014 yil 12 iyul). JCH-2014 bronza medali sohibi. Gollandiya bosh jamoasini ilk marta Yevro-2000dan so‘ng qabul qilib olgan Lui van Gal Janubiy Koreya va Yaponiyada tashkillashtirilgan mundialga yo‘l ochish vazifasini bajarishi kerak edi. Lekin gollandlar saralash bosqichida Portugaliya va Irlandiya termalaridan ortda qolib, hattoki, «pley-off» raundiga ham chiqa olishmadi. Bert van Marveyk Yevro-2012dan so‘ng terma jamoa bilan xayrlashgach, «qizg‘aldoq lolalar» boshqaruvi yana van Galga ishonib topshirildi. U bu safar ishga kirishgani hamono terma jamoa tarkibini keskin yoshartirish harakatini boshladi. Muhimi, yangilangan jamoa JCH-2014 saralashi va final raundini bir nafasda o‘tkazib, yakunda 3-o‘rin sohibiga aylandi. 2014 yil 19 may - 2016 yil 23 may oralig‘ida «Manchester Yunayted»ni boshqargan Lui van Gal futboldan biroz charchagandek ko‘rindi. Lekin bu murabbiyda yangi jamoasi uchun asrab qo‘ygan taktik sxemalari hali ko‘p bo‘lsa kerak. Agarda u milliy jamoamizga kelsami, hamma Osiyo futbolidan hayratda qolardi. O‘zingiz tasavvur qiling, Marchello Lippi, Luiz Felipe Skolari va Lui van Galdek jahon chempionatining g‘olib yoki sovrindor murabbiylari Osiyoda ishlashsa-ya!

Plyus taraflari. O‘ta tajribali, taktik sxemalar tuzishga usta. Gollandlar kashf etgan total futbol sir-sinoatlaridan yaxshigina xabardor. Himoya chizig‘ini yangitdan shakllantirishda tengsiz murabbiy. Shuningdek, yarim himoya va himoya o‘rtasida kuchli bog‘lam yaratishga katta e’tibor qaratadi. Hujumda esa faqat yuksak iqtidor sohiblariga imkon beradi.

GUS XIDDINK

Umumiy ma’lumot. 1946 yilning 8 noyabrida Varseveld shahrida tavallud topgan. Futbolchi sifatida asosan «De Grafsxap» klubi yarim himoyasida da to‘p surgan. Murabbiylik faoliyatini 1987 yili PSV klubida boshlab, darhol yuqori natijalarga erishgan.

Terma jamoalar bo‘yicha tajribasi. Gollandiya termasi (1995 yil 1 noyabr - 1998 yil 12 iyul; 2014 yil 1 avgust - 2015 yil 30 iyun), Janubiy Koreya termasi (2000 yil 28 noyabr - 2002 yil 8 iyul), Avstraliya termasi (2005 yil 22 iyul - 2006 yil 9 iyul), Rossiya termasi (2006 yil 10 iyul - 2010 yil 30 iyun), Turkiya termasi (2010 yil 1 avgust - 2011 yil 16 noyabr). JCH-98 va JCH-2002da 4-o‘rin sohibi, Yevro-2008 bronza medali sohibi. XXI asr boshidagi katta e’tibor qozongan murabbiylardan biri. Ayniqsa, muayyan muddatda ham o‘yin sifati, ham natijani ta’minlay olishi bilan mashhur. Bugungi terma jamoamizning biroz xira va umidsiz kayfiyatini hisobga olsak, munosib nomzod. Zero, Gus Xiddink qisqa vaqt ichida futbolchilar ishonchini qayta uyg‘ota olishi va terma jamoa atrofida ajoyib muhit yaratishi mumkin. Esingizdami, u so‘nggi ish joyi - «Chelsi»da ancha uzun mag‘lubiyatsiz seriya qayd etgandi. Ammo London klubidan ketgani bo‘yicha hech qayerda ishlamadi.

Plyus taraflari. Jamoasi qiyin vaziyatga tushgan holatlarda futbolchilarni talab darajasida ruhlantirishni qoyillatadi, ularning ko‘ngliga yo‘l topishni juda yaxshi biladi. E’tiborli jihati, Xiddink jamoamiz sardori Odil Ahmedov bilan bevosita tanish - ular Maxachqal’aning «Anji»sida birga ishlashgan.

TOMAS TUXEL

Umumiy ma’lumot. 1973 yilning 29 avgustida Bavariya o‘lkasidagi Krumbax shahrida tavallud topgan. 2015 yil 1 iyun - 2017 yil 30 may oralig‘ida «Borussiya» (Dortmund)ni boshqargan bu murabbiyda jonkuyarlik xislati kuchli. U shuningdek, doim qiyin vaziyatga tushish va murakkablikni yengib o‘tish yo‘llarini izlaydigan tirishqoq murabbiy sifatida nom qozongan. To‘g‘ri, Tuxel rahbariyat bilan hamisha silliq muomala qilmaydi. Oddiy aytganda, yangi davrning eng ko‘zga ko‘ringan iste’dodli murabbiylaridan biri. Misol uchun, «Mayns»dagi ishi bilanoq Yevropada tilga tushgandi va Dortmundda kimsan Yurgen Klopp o‘rnini egallab, o‘yin sifati va natija borasida birdek munosib o‘rinbosar ekanligini isbotladi. Biroq dortmundliklar kutilmaganda, o‘rtadagi shartnomani bekor qilishdi va eng iqtidorli murabbiylardan biri hozircha ishsiz. To‘g‘ri, oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Tomas endi «Bavariya» boshqaruvini qo‘lga olishi mumkin (ammo bu hali to‘liq tasdiqlanmadi). Darvoqe, yozda Tuxelning «Chelsi» va hattoki, «Barselona»da ish boshlashi ehtimoli haqida ham xabarlar tarqalgandi.

Terma jamoalar bo‘yicha tajribasi. Tuxel ancha yosh mutaxassis va hozircha terma jamolar darajasida ishlab ko‘rgan emas.

Plyus taraflari. Hujumkor, yuqori pressingga asoslangan futbol tarafdori. Yuqori mahoratga ega yosh iste’dodlarni topish, ular bilan ishlash va taktik yangiliklari bilan e’tiborni jalb qilishda bebaho mutaxassis.

XORXE FOSATTI

Umumiy ma’lumot. 1952 yilning 22 noyabrida Urugvay poytaxti - Montevideoda tug‘ilgan. Osiyo futboli bilimdoni. Mavsum-2006G‘2007 avvalida Qatarda ish boshlaganidan buyon bu mamlakatdan ko‘ngil uzolmayotgan edi. Osiyodagi eng katta yutug‘i - «Al-Sadd» bilan OCHL g‘olibiga aylangani.

Terma jamoalar bo‘yicha tajribasi. Urugvay termasi (2004-2006 yillar), Qatar (2007-2008, 2016-2017 yillar). Fosatti JCH-2018 saralashi so‘nggi bosqichida guruhdoshimiz - Qatar milliy jamoasi holatini yaxshilashga urindi. Urugvaylikning mundial chiptasidan ertaroq umid uzgan jamoadagi so‘nggi o‘yini ham uning ishga munosabatini yaqqol namoyon qiladi. Zero, J.Koreya termasiga qarshi 9-tur o‘yinidan oldin Fosattining iste’foga chiqishi aniq bo‘lib ulgurgandi. Shunga qaramay, murabbiy shogirdlarini bor kuch bilan o‘ynashga shaylantira oldi. Demakki, futbolchilar uni juda qadrlashadi. Bu Xorxe Fosatti har qanday sharoitda ham oldiga maksimal maqsadlar qo‘yishi va doimo o‘z vazifasini vijdonan bajarishidan dalolat.

Plyus taraflari. Bir joyda uzoq muddat ishlamasada, zimmasiga yuklatilgan vazifaga jiddiy yondashadi. Urugvay futboliga tez-tez borib-kelishini inobatga olsak, hujumkor futbolga kafolat yo‘q emas.

MAYK FELAN

Umumiy ma’lumot.To‘liq ismi-sharifi - Maykl Kristofer Felan. 1962 yilning 24 sentyabr kuni Lankashir grafligida tavallud topgan. «MYU»da o‘ng qanot himoyasi sifatida o‘ynagan. 1995 yili «Norvich Siti» bosh murabbiyi yordamchisi vazifasi bilan yangi sohaga qadam qo‘ygan. Eronliklar milliy jamoaga Aleks Fergyuson asssistenti - Karlush Keyrushni olib kelib, Osiyoda hukmronlikni qo‘lga olishgan payt nega biz ham ayni shu  yo‘ldan bormasligimiz kerak? To‘g‘ri, esdan chiqarmaslik kerak, Keyrush Eronda ish boshlaguniga qadar «Real Madrid»ni mustaqil boshqargandi. Mayk Felan xuddi portugaliyalik mutaxassis kabi uzoq vaqt, aniqrog‘i, 1999-2013 yillar oralig‘ida «Manchester Yunayted» tizimida faoliyat yuritdi. Xususan, so‘nggi yillarda Fergyusonning bosh yordamchisi maqomiga ko‘tarildi. Keyinchalik mustaqil ishlashga bel bog‘lab, jumladan, «Xall Siti» va «Norvich» klublariga ustozlik qilishga ulgurdi.

Terma jamoalar bo‘yicha tajribasi. Hali bu yo‘nalishda ishlab ko‘rmagan.

Plyus taraflari. Odatda uning klublari juda kuchli start oladi. Terma jamoa har hafta maydonga tushmasligini inobatga olsak, Felan istalgan raqibga pressingdan dars berishi mumkin. Buning uchun uning shogirdlari inglizcha futbolga to‘laqonli moslashishlari kerak, albatta.

VIKTOR SKRIPNIK

Umumiy ma’lumot.1969 yilning 19 noyabr kuni Novomoskovsk shahri (Ukraina)da tavallud topgan. 1996 yildan nemis futboli ichida. 2016 yil sentyabrda «Verder» bosh murabbiyi rolidan ozod etilgandi. Ungacha esa Bremen klubining bundesligada qolishida katta ishlarni amalga oshirgandi. Viktor faoliyatining asosiy qismini aynan «Verder» tizimida o‘tkazgan. Butsalarini mixga ilganidan keyin klubning turli yosh toifalaridagi jamoalarini boshqardi. Demak, u yoshlar bilan ishlash va ularni kashf etish tajribasiga ega. Bugungi kunda terma jamoamizga minimal tanlovdan kelib chiqib, maksimal darajada o‘yin tashkil eta oladigan murabbiy zarur. Aynan Skripnikka o‘xshash mutaxassislar yordamida «yangi qon quyish»ni yengilroq amalga oshirish mumkin.

Terma jamoalar bo‘yicha tajribasi. Hozircha yo‘q. Aytgancha, yil avvalida Belarus futboli rahbariyati Skripnikni terma jamoaga taklif etdi, lekin u negadir Belarusda ishlashni istamadi. Buning sababi aniq emas.

Plyus taraflari. Cheklangan imkoniyatlar sharoitida yoshlar bilan sifatli ish olib borish salohiyatiga ega.

PAVEL VRBA

Umumiy ma’lumot. 1963 yilning 6 dekabr kuni Prsherov shahri (sobiq Chexoslovakiya)da tug‘ilgan. Murabbiylik ishini 1994 yili boshlagan. Chexiyalik mutaxassis 5-6 yil avval yevrofutbolda «Viktoriya» (Plzen) bilan shov-shuv ko‘targandi. Aniqrog‘i, kamtarin klub uning boshqaruvida o‘z tarixida birinchi marta CHL guruh bosqichiga chiqdi. Natijada Vrba katta e’tibor markaziga tushdi. Ko‘p o‘tmay, uni Chexiya terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimiga ham taklif etishdi. Vrba - Chexiyaning 6 karra eng yaxshi murabbiyi.

Terma jamoalar bo‘yicha tajribasi. Slovakiya termasi (2006-2007 yillar), Chexiya termasi (2014-2016 yillar). Yevro-2016da chexlarga aynan Vrba ustozlik qildi. Shundan so‘ng Rossiyaning «Anji» klubi boshqaruviga keldi. Biroq Maxachqal’a klubi bilan mavsum startida shov-shuv ko‘tardiyu («Zenit»ni 4:0 hisobida yengish katta natija, albatta), rahbariyat bilan kelishmovchilik tufayli Chexiyaga ketib qoldi. 7 oy davomida bo‘sh yurgan Vrba yaqindagina «Viktoriya»ga qaytdi - 3 yillik shartnoma asosida. Ammo yaxshiroq taklif bilan chiqib, maqsadli rejalar taqdim etilsa, o‘ylab ko‘rishi hech gap emas. Har holda, terma jamoa murabbiyi sifatida orttirgan tajribasi yetarli.

Plyus taraflari. O‘yin intizomiga qat’iy amal qiladi, ijodkorlikni qadrlaydi, futbolchilarni zarur payt hujum va himoyada birdek ishlashga ham o‘rgatadi, ham majburlaydi.

Fikrat

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 08:11, 07.10.2017.
O'qildi: 9703 marta.
Fikrlar: 7 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.