Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Usmon Toshev 0:4 hisobidagi mag‘lubiyatga izoh berdi

Usmon Toshev 0:4 hisobidagi mag‘lubiyatga izoh berdi

Baho:
+ | -

“Andijon” o‘z maydonida asosiy raqibi hisoblangan “Sementchi”ga yirik hisobda yutqazib, barchani ajablantirib qo‘ydi.

Ha, haqiqatan 0:4 natijasining qayd etilishini hech kim va hattoki, quvasoyliklarning o‘zlari ham xayollarining bir chetiga keltirishmagandi. 15 oktyabr oqshomi andijonliklar uchun juda yoqimsiz va achchiq bo‘ldi. “Andijon” bosh murabbiyi Usmon Toshevdan mazkur o‘yin uchun izoh berishini so‘radik.

“Andijon” nima uchun yirik hisobda yutqazdi?

Shuni aytish kerakki, andijonliklarning o‘z maydonida yirik hisobda imkoniyatni boy berganini har kim o‘zicha tahlil qilmoqda. Tabiiyki, bosh murabbiy Usmon Qudratovich mazkur bellashuv xususida o‘zining xulosalariga ega bo‘ldi. Shu sababli mag‘lubiyatning sabablari to‘g‘risida so‘radik.

— Biz bu o‘yinga alohida maxsus holatda tayyorgarlik ko‘rmagandik, — deydi Toshev. — Har doimgidek, oldingi uchrashuvlarga qanday hozirlik ko‘rgan bo‘lsak, “Sementchi” bilan bellashuvga ham shunday tarzda tayyorgarlik ko‘rdik. Lekin bu safargi raqibimiz kimligini bilardik. Qarshimizda asosiy jamoa va oliy ligaga chiqish uchun biz bilan birga kurashayotgan jamoa edi. Shunday ekan, qani, yetakchi jamoaga qarshi o‘z kuchimizni ko‘rsatib, qanday o‘ynay olarkinmiz deya sinab ko‘rmoqchi edik. Afsuski, juda alamli mag‘lubiyatga uchradik. Men sizga hech qanday bahonalarni gapirmayman. Chunki mag‘lubiyatga biror-bir bahona ketmaydi. Ha, biz yutqazdik, “Sementchi bizni yutdi, ular to‘satdan g‘alaba qozonishgani yo‘q. Chindan ham ular yaxshi jamoa ekan. Xotirjamlik va barqaror o‘yin evaziga uch ochkoni qo‘lga kiritishdi. Tezkor gollar o‘tkazib yuborganimiz futbolchilarni asabiylashtirib qo‘ydi. Albatta, bizda ham vaziyatlar bo‘ldi, bo‘lmadi emas. Ikki marta zarbalarimiz to‘singa tegdi. Agar birinchi bo‘limni 1:2 hisobi bilan tugatganimizda tanaffusdan keyin yanada boshqacha bo‘lardi deb o‘ylayman. Bilaman, xatolarimiz ko‘p yana o‘z ustimizda ishlayveramiz. Futbolchilarning jismoniy va ruhiy holatini, shuningdek, jamoaning atrofida nimalar bo‘layotgani borasida hech qanday e’tirozim yo‘q. To‘g‘ri, o‘z maydonimizda mag‘lub bo‘ldik va bu holat bizni xotirjam qilmaydi, tashvishlantiradi. Ammo hammasi hamon o‘z qo‘limizda. Taqdirimiz birovlarning qo‘lida emas. Oxirgi to‘rtta uchrashuvda yutadigan bo‘lsak, marraga yetib kelamiz. Aynan mana shu narsa ham bizga ozgina taskin beradi. O‘yindan keyin ham yigitlar bilan yig‘ilish o‘tkazib hammasini tushuntirdim. Qolgan uchrashuvlar ham oson bo‘lmaydi, ammo ularni hurmat qilgan holda aytishim mumkinki, kuchimiz yetadigan raqiblar qoldi.

Tanlangan tarkib xususida

“Sementchi”ga qarshi bellashuvda “Andijon” tarkibi oldingilariga qaraganda boshqacharoq ko‘rinishda bo‘ldi. Shuning uchun bosh murabbiydan tanlangan tarkib xususida ham so‘radik.

— Bilasizmi, ayni paytda barcha futbolchilar bir xil vaziyatda. Ular maydonga chiqib harakat qilishyapti, unutmaylikki, bular futbolchilar. Biz ularga mashg‘ulotlarda o‘rgatamiz, qanday o‘ynash kerakligini tushuntiramiz. Biroq o‘yin paytida biz hech nima qila olmaymiz, shunchaki, maydon chetida qarab o‘tiramiz. Ammo maydonda futbolchilar o‘ynashadi. Bungacha ularning ichki holatlari qanday bo‘lsa, baribir tabiat qonuni tufayli o‘yin davomida bu narsa bilinaveradi. Bilasizmi, bundan yaxshi tarkibni ko‘rmagandim. Zaxiradan bir qator o‘yinchilarni tushirib o‘ziga xos taktik uslublarni o‘ylab qo‘ygandim. Ammo ketma-ket gollar bizni chalkashtirib yubordi. Masalan, Sobir Hamidovni maydonga tushirganim bejiz emasdi. Oxirgi uchrashuvlarda uning o‘yini va so‘nggi paslari aniq chiqayotgandi. Xullas, o‘rtaga uch nafar o‘yinchini qo‘ydim. Farhod Bekmurodov bilan Ibrohim Otaxonov markazda va ulardan sal oldinroqda Sobir Hamidovni tushirdim. Lekin xatolarimiz barcha rejalarni barbod qilib yubordi.

Muxlislarning e’tirozi haqida

Tabiiyki, alamli mag‘lubiyat muxlislarga ham og‘ir botdi va ular tomonidan e’tirozlar bo‘lishi tabiiy xol. Sevimli jamoasidan faqat g‘alabani kutgan ishqibozlar afsuski, stadionni kayfiyatsiz holatda tark etdilar. O‘zaro muloqot jarayonida Usmon Toshev ishqibozlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

— Ishqibozlarmi? Men O‘zbekistondan yashayapman va o‘z yurtimda ishlayapman. Yaxshi bilaman, Andijonda muxlislar juda talabchan.

Tushunaman, ayrim paytlarda ular ham xissiyotlarga berilib nimalardir aytib yuborishi mumkin. Ammo meni yoki futbolchilarni haqorat qilib, so‘kishga hech kimning haqqi yo‘q. Hisob 0:2 bo‘lganidan keyin atayin o‘zim maydon chetiga chiqib turdim va o‘yin oxirigacha tik turdim. Nimaga? Chunki muxlislar tomonidan aytilayotgan barcha haqoratlar va tanqidlar o‘zimga bo‘lishi uchun! Bu bilan maydondagi futbolchilarni ishqibozlarning haqoratlaridan himoya qilishim kerak edi. Barcha e’tirozlarni o‘zimga qabul qildim. Chunki bu mening futbolchilarim va mening jamoam. Mana shunday qiyin paytda ham yigitlarni ruhlantirib turishga harakat qildim. Baribir so‘kish yomon narsa. Futbolda albatta yutish va yutqazish bo‘ladi. Ammo bir narsani sezib turibmanki, bir-ikki kishi muxlislar orasida provakasiya qilyapti. Hattoki, menga bu haqida kimlar ekanligi haqida ham aytishdi. Bu narsa o‘tgan safar “O‘zDongJu” bilan yutgan uchrashuvimizda ham sodir bo‘lgandi. Biz ich-ichimizdan oliy ligaga chiqishni xohlayapmiz, biroq ayrimlari bunga halaqit qilishyapti. Men “Andijon” klubining bosh murabbiyiman! Bu yerga kelishdan maqsad jamoani oliy ligaga olib chiqish. Sizga shuni aytishim kerakki, bu yerga juda katta maqsad va rejalar bilan kelganman. Nafaqat “Andijon”ni oliy ligaga qaytarish, balki viloyat futbolini ko‘tarish uchun ham kelganman. Biz mana shu maqsad yo‘lida birlashib, mehnat qilib kelyapmiz. Jamoamizda hamma - oshpaz, qorovul, shafyor, qo‘yingki, barchasi “Andijon”ning oliy ligaga chiqishini istaydi. Birinchi bo‘lib esa bu narsani o‘zim istayman. Axir men bosh murabbiyman va avvalo “Andijon”ni oliy ligaga qaytarishni o‘zim xohlayman. O‘zingiz bir o‘ylangchi, qaysi murabbiy o‘ziga o‘zi dushman?!

Hamma yutgisi, natija ko‘rsatgisi keladi. “Andijon”da ish boshlaganimdan beri barcha sa’yi-harakatlarimiz klubni oliy ligaga olib chiqishga qaratilgan va biz butun jamoa bilan shu maqsad yo‘lida ishlab kelyapmiz. Bilasiz, men murabbiy sifatida bir necha yil biror-bir jamoada ishlamadim. Garchi takliflar bo‘lsa-da, instruktor bo‘lib OFK hamda FIFAning ko‘plab seminarlarini o‘tkazib keldim. Lekin “Andijon”ni oliy ligaga qaytarish taklifini qabul qildim. Nimaga? Andijonliklarni xursand qilish uchun. Biroq jamoamiz o‘yinlarida qandaydir provakasiya qilib, muhitni buzishga urinayotgan ayrim odamlar ham bor. “Sementchi”ga yutqazdik va bu juda alamli bo‘ldi. Murabbiy sifatida ichimdan nimalar o‘tayotganini o‘zim va Xudo biladi. Lekin hammasi o‘z qo‘limizda ekan, maqsadimiz sari oxirigacha kurashamiz. Nasib qilsa, mavsum oxirida barcha ishqibozlarga xursandchilik ulashamiz. Axir men bu yerga nima uchun kelganman? Yana qaytaraman, murabbiy sifatida jamoani oliy ligaga olib chiqish avvalo o‘zim uchun ham juda muhim. Lekin bizni tushunib, dalda berayotgan ishqibozlarimiz ham yo‘q emas. Uchrashuvdan keyin menga ko‘plab sms yozilgan xabarlar keldi. Qarasam, andijonlik muxlislar va ular bizga ishonishda davom etishlarini, har xil gap-so‘zlarga ishonmasligimizni, futbolchilarning ruhiyatini ko‘tarishimizni aytib, besh qo‘l barobar emasligini ta’kidlashyapti. Bilaman, mag‘lubiyat achchiq, ammo mana shunday paytda bizga dalda bo‘lib, o‘zida kuch topib qo‘llab-quvvatlayotgan muxlislarga ming rahmat. Biz shularning hurmati uchun ham “Andijon”ni oliy ligaga olib chiqishimiz kerak. Muxlislar – bular xalq. Ammo provakasiya qilayotgan ayrim kishilar – bular ichi qora insonlar. Hech qisi yo‘q, bu ham ishimizni bir qismi.

«Andijon» matbuot xizmati.

Kiritildi: 20:16, 16.10.2017.
O'qildi: 4616 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.