Aleksandr Mochinov bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston U-19 terma jamoasi shu yilning 21–31 oktyabr kunlari Toshkent shahrida o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inini o‘tkazadi.
Mazkur yig‘in O‘zbekiston U-19 termasi uchun Osiyo chempionati saralash bosqichi o‘yinlariga so‘nggi tayyorgarlik vazifasini o‘taydi. O‘quv-mashg‘ulotlar yig‘ini davomida O‘zbekiston yoshlar termasi BAA U-19 termasiga qarshi ikkita o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi. Uchrashuvlar 23 va 25 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
Bundan tashqari, yig‘in doirasida jismoniy va nazariy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Shu orqali futbolchilarning funksional tayyorgarligi tekshirib olinadi. Bosh murabbiy o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inga jami 23 nafar futbolchini taklif qildi. Quyida ular bilan tanishish mumkin.
Darvozabonlar: Umidjon Ergashev (“Nasaf”), Javohir Qilichev (“Bunyodkor”), Obidjon Tolipov (“Bunyodkor”);
Himoyachilar: Ibrohim Yo‘ldoshev (“Paxtakor”), Abubakir Mo‘ydinov (“Bunyodkor”), Nodir Kuybakov (“So‘g‘diyona”), Jasur Rahimov (“Paxtakor”), Shahzod Mirhosilov (“Bunyodkor”), Dilshod Saidov (“Nasaf”);
Yarim himoyachilar: Suhrob Izzatov (“Bunyodkor”), Asadbek Sobirjonov (“Paxtakor”), Rasul Yo‘ldoshev (“Bunyodkor”), Akmal Mozgovoy (“Nasaf”), Bobirjon Asqarov (“Paxtakor”), Abbos Jumaqulov (“Sementchi”), Alisher Salimov (“NBU-Osiyo”), Shohruxbek Abdurahmonov (“NBU-Osiyo”), Xasan Yo‘ldoshev (“Bunyodkor”), Shahboz Umarov (“Olmaliq”);
Hujumchilar: Jahongirbek Abdusalomov (“Bunyodkor”), Sanjar Zokirov (“Sementchi”), Islom Kenjaboyev (“Nasaf”), Mahmudjon Qudratullayev (“Paxtakor”).
Qayd etish joiz, 16–19 oktyabr kunlari Qatarning Doha shahrida o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inini o‘tkazgan O‘zbekiston U-19 terma jamoasi bugun, 20 oktyabr soat 06:45 da Toshkent shahriga uchib keldi.
Aleksandr Mochinov shogirdlari Doha shahrida o‘tkazilgan yig‘in davomida Qatar yoshlariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushib, 4:2 hisobida g‘alaba qozondi. Terma jamoa bosh murabbiyi ushbu o‘rtoqlik uchrashuvi orqali Tojikistonda bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionati saralash bahslari oldidan terma jamoaga chaqirilgan futbolchilarni yana bir bor sinovdan o‘tkazdi.
“Bunday uchrashuvlar va yig‘inlarni tashkil etishda yordam berayotgani uchun O‘FF rahbariyatiga minnatdorchilik bildiraman”, – dedi Aleksandr Mochinov O‘FF matbuot xizmatiga. “Bu uchrashuvlar futbolchilarning jismoniy holatini yana bir bor tekshirish uchun ajoyib imkoniyatdir. “Qatar singari Osiyoning yetakchi va kuchli jamoalariga qarshi o‘yinlar orqali biz saralash bahslariga munosib tayyorgarlik ko‘rishni rejalashtirganmiz. Uchrashuv juda qiziqarli hamda keskin tarzda kechdi. G‘alaba va ishtiyoq uchun futbolchilarga rahmat. Shuningdek, yaratilgan sharoitlar uchun Qatar Futbol Uyushmasiga tashakkur bildirmoqchiman”.
Ma’lumot uchun, shu yilning 30 oktyabr – 8 noyabr kunlari U-19 Osiyo chempionatiga saralash bosqichi o‘yinlari o‘tkaziladi. “B” guruhidan o‘rin olgan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi OCH yo‘llanmasi uchun mezbon Tojikiston, Shri-Lanka, Bangladesh va Maldiv orollariga qarshi maydonga tushadi.