Angliya termasi birinchilardan bo‘lib JCH-2018 yo‘llanmasini naqd qildi. Garet Sautgeytga yosh va anchayin hissiyotga beriluvchan jamoa meros qolgan, bu termaning mundialdagi asosiy sovrin uchun kurashish ehtimoli anchayin mavhum edi.
Ammo inglizlarning ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otgani shubhasiz. Bunga sabab sifatida jamoada yosh, iqtidorli futbolchilar ko‘pligini aytish mumkin. Jamoa sardori va yetakchisi - Xarri Keyn shular jumlasidan.
Uning qadrdon klubi - «Tottenxem» futbol ixlosmandlari ichida unchalik mashhur bo‘lmasligi mumkindir. Ammo vaqti-vaqti bilan Xarri va uning «sovrinsiz jamoasi» o‘zi haqida og‘iz ochishga undayotgani ham bor gap.
Keyn London sharqidagi Uoltemstou tumanida tug‘ildi. Uni yulduz va ingliz futboli umidiga aylantirgan klub bazasi ham aynan shu yerda joylashgan. Yaxshisi, hammasini bir chetdan hikoya qilsak.
Futbolchilik yo‘lining boshlanishi
Shunday qilib, 1993 yilning 28 iyulida Kim va Patrik Keynlar oilasida kenja o‘g‘il tug‘ildi va unga Xarri deb ism qo‘yishdi. Oila Chingfordga ko‘chib o‘tgach, yosh Xarri dastlab Larkswood Primery Academy, so‘ng Chingford Foundation School maktabida o‘qidi.
Keynning otasi irlandiyalik. Shu bois, aynan Irlandiya futbol federasiyasi so‘nggi lahzagacha Keynga umid bog‘ladi. Darvoqe, o‘z intervyularidan birida «Bo‘ron» («Hurricane») futbolga qiziqish unga bobosidan o‘tganini aytadi:
«Menimcha, sport genlarim onamning avlodlariga tortgan bo‘lsa kerak, umuman, bu mavzu - hamisha tortishuvlarga boy. Balki otam buni xohlamas, ammo fikrimcha, onamning otasi - Erik bobom yomon futbolchi bo‘lmagan».
Xarrining futbolchilik yo‘li «shporlar»ning bo‘lg‘usi o‘yinchisiga xos tarzda kechmagani ham bor gap. Keyndagi iqtidor ancha oldin yuzaga chiqqandi. U 8 yasharligidayoq «Rijvey Rovers»da o‘ynadi.
Shu klubda «Arsenal» skautlari nazariga tushdi va «kanonirlar» safida bir yil to‘p surgach, «kelajagi porloq bo‘lmagan o‘yinchi», deb topilib, tarkibdan chiqarildi.
«To‘pchilar»ning sodiq muxlislari prinsipial raqibdan qabul qilingan navbatdagi mag‘lubiyatdan so‘ng mazkur adashishni alam bilan yodga olishadi.
Arsen Venger ham klub Xarrini qo‘ldan chiqarganligini eshitgach, rosa jahli chiqqandi: «Arsenal» Keynga ketish imkonini berganini eshitgach, rosa jahlim chiqqandi», - degandi u.
Darvoqe, yoshgina bolakayga «Tottenxem» akademiyasida ham darrov e’tibor qaratishmadi. U «Uotford» maktabida yana bir yil mashg‘ulotlarda qatnashishga majbur bo‘ldi va bu bilan Keynlar oilasi muxlislik qiladigan klub tarkibidan ikkinchi urinishda o‘rin olishga intildi.
Katta futbolgacha bo‘lgan og‘ir yo‘l
Keyndagi iqtidorni yuzaga chiqarishda bolalikdagi murabbiyining xizmatlari beqiyos, ammo faoliyatidagi tub burilish Xarrining adashi - Rednapplarning kattasiga tegishli. Hammasi 2008|2009 yillar mavsumida boshlandi.
O‘shanda «Tottenxem»ning U-16 jamoasi tarkibida forvard Lotin Amerikasiga - «Chivas» kubogi musobaqalariga bordi va 3ta gol urdi. 16 yoshli Keyn U-18 tarkibida ham 22 o‘yinda 18ta to‘p kiritdi.
Rednapp o‘smirning kelajagidan xavotir olmaslikka ishonch hosil qilib ulgurgandi. Kelgusi mavsum Xarri kubok bahslarida «shporlar»ning asosiy tarkibida ko‘rinish berdi. Ko‘p o‘tmay, London shimolini tark etgan Rednapp bir necha bor Keynni o‘zi boshqarayotgan «Kuinz Park Reyn- jers»ga olib kelishga intildi va aytishlaricha, bunga juda yaqin kelgandi ham. Ammo baribir, kech qoldi - yosh futbolchi ochila boshlagandi.
Do‘stlari bilan ko‘cha futboli o‘ynayotgan bola «Tottenxem» hujumchisi Jermeyn Defo (u bolalar bilan to‘p surishga rozi bo‘lgandi) bilan birga maydonga tushish baxtiga muyassar bo‘ldi.
Defodan ma’lum tajriba va dastxat olgan Keyn vaqti kelib u bilan milliy jamoada to‘p surishini xayoliga keltirmagan bo‘lsa kerak. «Jermeyn oldimizga keldi-da, biz bilan birga to‘p ketidan quva boshladi.
O‘shanda endigina 11 yoki 12 yoshda edim. Keyinroq unga bu voqeani eslatganimda, Defo hammasi yodidaligini aytdi. Men kabi bolalar uchun esa o‘sha voqea bir umr yodda qolgani aniq». Defo «Tottenxem»ni tark etgach, Keyn uning raqamini oldi.
Xarrining kumirlari haqida gap ketganda, Teddi Sheringemni alohida gapirib o‘tish joiz. Keynning kolleksiyasida hamon bu o‘yinchining futbol kartochkalari, futbolkasi va u haqda yozilgan maqolalar saqlanadi.
To‘g‘ri, DAVOMI