“Nasaf” jamoasi XXVI O‘zbekiston chempionatini 2-o‘rinda yakunladi. Shunday qilib, jamoamiz o‘z tarixida ikki karra (2011, 2017 yillar) kumush medali sohibi bo‘ldi. “Nasaf” o‘tgan yilgi chempionatda bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.
“Nasaf” oliy ligada 1997 yildan ishtirok etadi. Bu yilgisi bilan 20 karra chempionat ishtirokchisiga aylandi. “Nasaf” shu paytgacha oliy ligada jami 618ta uchrashuv o‘tkazdi. Shularning 350tasida g‘alaba, 114tasida durang va 154tasida mag‘lubiyatga uchradi. To‘plar nisbati 1126:685 ko‘rinishida.
Quyida esa “Nasaf” jamoamizning 2017 yil sarhisobi bilan tanishing.
Umumiy sarhisoblar
Bu yilgi chempionatda jamoamiz ishtirokidagi o‘tgan 30 uchrashuvning 20tasida g‘alaba, 2 uchrashuvda durang va 8 uchrashuvda mag‘lubiyat qayd etildi. Jami 62 ochko qo‘lga kiritildi. O‘tgan yilgi chempionatda 30 uchrashuvning 19tasida g‘alabaga erishilgan edi.
Chempionat davomida murabbiylarimiz 24 nafar futbolchi xizmatidan foydalanishdi. O‘tgan yilgi chempionatda 27 nafar futbolchi xizmatidan foydalanilgan edi. Eng ko‘p maydonga tushgan futbolchimiz - Bahrom Abdurahimov tengsiz bo‘ldi. Abdurahimov bu yilgi chempionatning barcha – 30 uchrashuvlarida ham maydonga tushdi va 2586 daqiqa maydonda harakat qildi. Ushbu futbolchimiz o‘tgan yilgi chempionatda 27 uchrashuvda maydonga tushib, 2168 daqiqa harakat qilgan edi. Bahrom Abdurahimov bu yilgi chempionatda to‘purarlarimiz orasida ikkinchi bo‘ldi, bu tinib-tinchimas futbolchimiz raqiblarimiz darvozasiga 10 marta to‘p kiritdi. U bor yo‘g‘i bir marta hakam tomonidan ogohlantirish oldi.
Jamoamiz tarkibida maydonga tushgan eng yosh o‘yinchi Islom Kenjaboyev bo‘ldi (18 yosh). Eng yoshi katta o‘yinchimiz esa Jasur Hasanov (34 yosh) bo‘ldi.
“Nasaf” jamoasi futbolchilari bu yilgi chempionatda jami raqiblar darvozasini 58 marta ishg‘ol qilishdi va o‘z darvozalaridan 18ta to‘p olib chiqishdi. Urilgan gollar o‘tgan yilgiga nisbatan 2taga kam bo‘ldi. O‘tkazilgan gollar soni esa 6taga qisqardi. Ushbu gollarning 34tasi uy uchrashuvlarida, 24tasi safar uchrashuvlarida kiritildi. O‘tkazilgan gollarning 2tasi uy uchrashuvlariga, 16tasi safar uchrashuvlariga to‘g‘ri keladi. Bo‘lib o‘tgan 30ta uchrashuvning 17tasida darvozabonlarimiz o‘zlari qo‘riqlagan darvoza dahlsizligini saqlab qolishdi. Bu yilgi bahslarda darvozabonimiz Sanjar Quvvatovning bu ko‘rsatkichlardagi hissasi yuqori bo‘ldi.
Natijalarning davralar kesimidagi sarhisobi
Bu yilgi XXVI O‘zbekiston chempionati 3 mart kuni boshlanib, 25 noyabr kuni yakunlandi. Birinchi davrada jamoamiz, ikkinchi davradagiga nisbatan yomon ko‘rsatgichga ega bo‘ldi. Bo‘lib o‘tgan 15ta uchrashuvning 8tasida g‘alaba, 2tasida durang va 5 uchrashuvda mag‘lubiyat qayd etildi.
Ikkinchi davra uchrashuvlari 5 avgustdan start oldi. “Nasaf” ikkinchi davra uchrashuvlarini ko‘tarinki ruhda o‘tkazdi. Ikkinchi davradagi 15 uchrashuvning 12tasida g‘alaba va 3 uchrashuvda mag‘lubiyatga uchraldi. Jamoamiz aynan 2-davrada eng uzoq - 11 uchrashuvda g‘alabali seriyasini saqlab turdi.
Natijalar uy va safar uchrashuvlari kesimida
Uy uchrashuvlari:
G‘alaba – 14
Durang – 0
Mag‘lubiyat – 1
Safar uchrashuvlari:
G‘alaba – 6
Durang – 2
Mag‘lubiyat – 7
Bu yilgi chempionat bahslarida darvozamizni Eldor Suyunov 10 marta, Sanjar Quvvatov esa 20 marta qo‘riqladi.
To‘purarlarimiz haqida
Dragan Cheran – 19(4)*
Bahrom Abdurahimov - 10
Bobir Abduxoliqov – 8
Shaxboz Erkinov – 4(1)*
Igor Golban – 3
*Izoh – qavs ichida penaltilardan kiritilgan gollar ko‘rsatilgan
Farruh Sayfiyev, Aziz G‘aniyev, Doniyor Narzullayev, Sharof Muhitdinovlar – 2tadan gol kiritishgan.
Akmal Shorahmedov, Jasur Hasanov, Odil Hamrobekov, Islom Rashidxonov, Islom Kenjaboyev, – 1tadan gol urishga erishdilar.
“Buxoro” jamoasi bilan bo‘lgan o‘zaro uchrashuvda, Kirill Pasichnik avtogol muallifi bo‘lgan.
“Nasaf”ning bu yilgi chempionatdagi 1-golining muallifi – Bahrom Abdurahimov (O‘zPFL, 1-tur. “Qo‘qon-1912” – “Nasaf” 1:2) bo‘ldi. Oxirgi, 58-golining muallifi esa Dragan Cheran bo‘ldi.
Futbolchilarimiz raqiblari darvozasiga 5 marta penalti (CHeran-4, Erkinov -1) tepishdi. Penaltilarning hammasi aniq amalga oshirildi.
Chempionat davomida “Nasaf” darvozasiga ham 5ta penalti beligilandi. Bu penaltilarning 3tasi golga aylandi. 2 vaziyatda Sanjar Quvvatov qaytarishga erishdi.
Yirik hisoblar
Jamoamizning bu yilgi chempionatda qayd etgan eng yirik hisobdagi g‘alabasi 6:0 hisobi bo‘ldi (“Obod” - “Nasaf” 0:6). O‘tkazilgan uchrashuvlarning 5tasida jamoamiz raqiblarini 3:0 hisobida ham mag‘lub etishgan. Uchta uchrashuvda 4:0 hisobidagi (“Nasaf” – “So‘g‘diyona”, “Nasaf” – “Navbahor”, “Nasaf” – Paxtakor”) g‘alabalarga erishildi. “Nasaf”ning bir o‘yinda o‘z darvozasidan o‘tkazib yuborgan gollari soni 3taga teng bo‘ldi, bu holat safardagi “Bunyodkor” – “Nasaf” 3:2 uchrashuvida qayd etildi.
Sariq kartochkalar
Chempionat davomida o‘yinchilarimizga 45 marta sariq kartochka ko‘rsatildi. Sariq kartochka bo‘yicha eng ko‘p jazolangan o‘yinchi Aziz G‘aniyev bo‘ldi (8ta). Hakamlar futbolchilarimizni safardagi uchrashuvlarda ko‘proq jazolashdi – 29 marta, uy uchrashuvlarida esa futbolchilarimizga 16 marta sariq kartochka ko‘rsatildi. Bu yilgi bahslarda o‘yinchilarimizga qizil kartochka ko‘rsatilmadi.
Tomoshabinlar - raqamlarda
“Nasaf”ning o‘z maydonida o‘tkazgan “Nasaf” – “Paxtakor” 4:0 uchrashuviga eng ko‘p -18574 nafar tomoshabin tashrif buyurdi.
Eng kam tomoshabin tashrif buyurgan uchrashuv bu – “Obod” – “Nasaf” 0:6 uchrashuvi bo‘ldi. Ushbu o‘yinda 211 nafar tomoshabin qayd etilgan.
Bu yil ham safardagi bo‘lgan uchrashuvimizda buxorolik futbol ishqibozlari faol bo‘lishdi. “Buxoro” - “Nasaf” 1:0 uchrashuvini 13680 nafar muxlis stadionda tomosha qilishdi. Bu yilgi chempionatda jamoamiz ishtirokidagi uchrashuvlarni jami 147310 (o‘tgan yili-144561) nafar muxlislar tomosha qilishgan. O‘tgan yilgiga nisbatan, 2749nafar ko‘pdir. Jamoamizning uy uchrashuvlarini 75572 nafar muxlis kuzatib bordi. Shulardan 18597 nafari G‘uzorda bo‘lib o‘tgan uy uchrashuvlarida, 56975 nafari esa Qarshi shahridagi “Markaziy” stadionimizda. “Markaziy”da bo‘lib o‘tgan “Nasaf” – “Sho‘rtan” uchrashuviga eng kam – 2748 nafar muxlis tashrif buyurdi.
Eng, englarimiz
Eng tezkor gol urgan o‘yinchimiz – Bahrom Abdurahimov
Eng birinchi gol urgan o‘yinchimiz – Bahrom Abdurahimov
Eng birinchi sariq kartochka olgan o‘yinchimiz – Dragan Cheran
Eng yosh o‘yinchimiz – Islom Kenjaboyev (18 yosh)
Eng yoshi katta o‘yinchimiz – Jasur Hasanov (34 yosh)
Eng ko‘p sariq kartochka olgan o‘yinchimiz – Aziz G‘aniyev
Eng ko‘p maydonga tushgan o‘yinchimiz – Bahrom Abdurahimov.
“Nasaf” bu yilgi chempionatda eng kam gol o‘tkazgan jamoa sifatida qayd etildi.
Jamoamiz ustoziga oid statistik ma’lumotlar
Ro‘ziqul Berdiyev “Nasaf”ga 2012 yildan hozirgacha ustozlik qilmoqda. Shu davr mobaynida o‘z shogirdlarini chempionatning jami 151 uchrashuvida maydonga boshlab tushdi. Bu uchrashuvlarning 98tasida g‘alaba qo‘lga kiritildi.
“Nasaf” PFK matbuot xizmati