Bilasiz, «Lokomotiv» qatorasiga ikkinchi marta O‘zbekiston chempioniga aylandi.
«Temiryo‘lchilar» yakunlangan mavsum masofasini darhaqiqat, yuqori kayfiyatda bosib o‘tishdi.
Deylik, yangi-eski chempion so‘nggi turda hamshahri «Bunyod-kor»ni chiroyli tarzda mag‘lubiyatga uchratdi - 3:2. Shu bilan «Lokomotiv» hisobidagi ochkolar soni roppa-rosa 70taga yetdi.
Diqqatga sazovor tomoni, Mirko Yelichich va Andrey Miklyayev shogirdlari 30ta uchrashuvning 22tasida g‘alabani tantana qilishdi. Xullas, chempionat davomida atigi 4tadan durang va mag‘lubiyat qayd etishdi.
Shunga yarasha to‘plar nisbati ham ajoyib ko‘rinishga keldi - 67-20. Boshqacha aytsak, oliy liga-2017ning eng sermahsul jamoasi maqomi ham aynan «Lokomo-tiv»ga nasib etdi.
Tushunarliki, O‘zbekistonning ikki karra chempioni kelasi mavsum OCHLdagi kurashni to‘g‘ridan-to‘g‘ri guruh bosqichidan boshlaydi.
Biz O‘zbekiston kubogi finali, ya’ni «Bunyodkor»ga qarshi kechgan kechagi hal qiluvchi o‘yin oldidan «Loko»ning iste’dodli yarim himoyachisi Diyor Turopovni suhbatga chorlab, uning finaloldi fikrlariyu, mavsum bo‘yicha taassurotlari bilan qiziqdik.
- Diyor, avvalo, siz va jamoadoshlaringizni navbatdagi chempionlik unvoni bilan tabriklaymiz.
Chempionatning so‘nggi o‘yinida «Bunyodkor»ni mag‘lubiyatga uchratdinglar va bu sizlar uchun chiroyli yakun bo‘ldi. Umuman, 5ta gol urilgan o‘sha o‘yinga qanday yondashgandinglar?
- Tabrik uchun rahmat. Eng muhimi, so‘nggi turda muxlislarga har tomonlama yoqadigan o‘yin ko‘rsatdik. Aslida uchrashuv natijasi ikkala tomonga ham turnir jadvali nuqtai nazaridan hech qanday ta’sir qilmasdi.
Aynan shuning uchun bo‘lsa kerak, futbolchilar maydonda ortiqcha bosimni sezmay, erkin harakatlanishdi. Muhimi, bu holat o‘yinning hujumkor ruhda kechishini ta’minladi.
Ehtimol, ayrim muxlislar «Lokomo- tiv»ning maydonga ikkinchi tarkib bilan bilan tushishini kutishgandir. Har holda, chempionlik masalasini hal etishga ulgurgandik. Amalda esa boshqacha bo‘ldi.
Zero, o‘z maydonimizdagi so‘nggi o‘yinda muxlislarimizni yanada quvontirishni o‘yladik va buning uchun bor imkoniyatimizni ishga soldik. Ko‘rgandirsiz, yigitlar maydonda borlarini berib o‘ynashdi.
Natija ham shunga monand ko‘rinish oldi. Ha, tan olaman, qaysidir jabhalarda omad biz tomonda bo‘ldi. Eng muhimi, chempionatga yaxshi yakun yasadik.
- Murabbiylar ta’kidlashganidek, bu o‘yin kubok finali oldidan har ikki jamoa uchun rasmiy va jiddiy «repetisiya» vazifasini o‘tab berdi. Shu ma’noda aytsak, hozirgi «Bunyodkor» o‘yini haqida nima deya olasiz?
- «Bunyodkor»ning ayni holati birinchi davradagiga nisbatan keskin farqlanadi. Deylik, o‘yin uslubi mutlaqo o‘zgardi. Futbolchilarning o‘yinga yondashuvlari ham boshqacha. Endiliklar bir-birlarini ancha tushunib harakat qilishmoqda.
Qisqasi, ijobiy tomonga o‘zgarish katta. Ishonchim komil, agar «Bunyodkor» birinchi davrada ham hozirgidek o‘ynaganidami, chempionatni kuchli uchlikda yakunlardi, albatta. Ya’ni jamoaga tanaffusgacha ko‘p ochko yo‘qotgani pand berdi.
- Tabiiyki, kubok finali chempionat doirasidagi o‘yinga sira o‘xshamaydi.
Boz ustiga, hal qiluvchi bahs uchun «Bunyodkor» stadioni tanlandi. Nima deb o‘ylaysiz, mezbonlik faktori «qaldirg‘ochlar»ga qo‘shimcha imkoniyat bag‘ishlaydimi?
- Ha, fikringizga qo‘shilaman. Kubok va chempionat o‘yinlari o‘rtasida katta farq bor. Birinchidan, final bitta o‘yindan iborat va bunda birgina xato ham qimmatga tushishi hech gap emas.
O‘z-o‘zidan ayon, milliy chempionatda sovrinsiz qolgan «Bunyodkor» bor umidini kubok finaliga qaratgan. Ya’ni bu o‘yindagi g‘alaba orqali OCHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishni maqsad qilgan. Lekin bizda ham o‘ziga yarasha orzu-istaklarimiz bor.
Deylik, xuddi o‘tgan yildagidek «oltin dubl»ga erishishni istaymiz. Demakki, finalda bor kuchimizni sarflaymiz. Axir muxlislarimiz shuni kutishyapti. Ha, «Bunyodkor» o‘z maydonida o‘ynaydi va tabiiyki, uning muxlislari ko‘proq bo‘lishi mumkin.
Lekin oldindan xulosa chiqarish yaramaydi. Shaxsan men imkoniyatlarni 50ga 50 ko‘rinishida baholayman. Har qanday holatda ham, bo‘lajak qarama-qarshilikda muxlislar yutishadi. Binobarin, final o‘z nomiga munosib tarzda o‘tishiga shubhalanmayman.
- Ob-havo ham ta’sir qilishi mumkinmi? Masalan, sovuq...
- Futbolda ob-havo ikki jamoaga birdek ta’sir qiladi. To‘g‘ri, noqulay sharoit kutilmagan xatolar ko‘payishiga olib kelishi mumkin.
Bunda to‘p bilan muomala qilish qiyinlashadi va futbol sifatiga putur yetadi. Lekin umid qilamanki, finalda hammasi o‘z joyida bo‘ladi.
- Ishtiyoq zarurligi tayin. Xo‘sh, «Bunyodkor»ni yana nimaning evaziga yengish mumkin, sizningcha?
- Tajriba hisobiga. Asosiysi, xavfli vaziyatlarni golga aylantirishda oqsamasak, bas. Lekin ishtiyoq katta rol o‘ynaydi, baribir. Qolaversa, finalda barcha futbolchilar va murabbiylarda hayajon sezilsa kerak.
- G‘alabaga «Bunyodkor» ko‘proq muhtoj. Boisi, raqiblaringizda OCHLga chiqish uchun boshqa yo‘l yo‘q. Bu jihatni ham inobatga olyapsizlarmi?
- Albatta. Ammo «Bunyodkor» futbolchilari g‘alabani qanchalik istayotgan bo‘lsalar, bizdagi xohish ularnikidan aslo kam emas. Zero, klubimiz rahbarlari zimmamizga billur sovrinni ham boshimiz uzra baland ko‘tarish vazifasini yuklashgan.
- Diyor, endi chempionatga qaytamiz - qaysi o‘yinlar jamoangiz uchun kutilmagan natija taqdim etdi? Ya’ni qay birlarida raqibdan sezilarli ustunlikka erisha turib, ochko yo‘qotdinglar?
- Bunday o‘yinlar ko‘p kuzatilgani yo‘q. Masalan, birinchi davrada «Sho‘rtan»ga qarshi uchrashuvda imkoniyatni boy berdik.
Aslida G‘uzordagi o‘sha o‘yin davomida ko‘plab xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirgandik, biroq amalda ularning hech biridan unumli foydalanolmadik.
Qiziq holatni qarangki, turnir jadvalining so‘nggi pog‘onalaridan birini band etgan «Sho‘rtan» o‘z maydonida Toshkentning 3ta jamoasini ham yengish uddasidan chiqdi.
- Shaxsan sizga «Lokomotiv» ishtirokidagi qaysi o‘yin ko‘proq yoqdi?
- Oxirgi turda «Bunyodkor»ga qarshi kechgan o‘yinimiz chakki chiqqani yo‘q. Ammo eng ma’qul kelgani - bu OCHL guruh bosqichi doirasidagi uchrashuv.
O‘sha, ya’ni Toshkentda Saudiya Arabistonining «Al-Tavon» klubiga qarshi kechgan o‘yin yodda qolarli bo‘ldi - 4:4 hisobida jangovar durang. Bunaqasi kam uchraydi.
O‘ylaymanki, stadionga tushgan muxlislar ham ko‘rsatilgan futbol sifatidan to‘liq qoniqishgandi. Eh, agar so‘nggi daqiqada darvozamizdan to‘p o‘tkazib yubormaganimizda, «pley-off» bos-qichiga yo‘l olardik.
Afsuski, gollarga boy chiroyli o‘yinda ikki ochko yo‘qotilgani ortidan guruhdan chiqish vazifasini bajarolmagandik. Shunga qaramay, mavsum davomidagi eng esda qolarli o‘yin sifatida aynan o‘sha bahsni tilga olaman.
- Umuman, OCHLdagi omadsiz ishtirokning asosiy sababi aniqlandimi? DAVOMI