Kirish Ro'yxatdan o'tish
15/05 00:00 Tottenhem 0-2 Manchester Siti
15/05 00:30 Real Madrid 5-0 Alaves
15/05 01:00 Jirona 0-1 Vilyarreal
15/05 22:30 Sevilya 0-1 Kadis
15/05 22:30 Rayo Valyekano 2-1 Granada
15/05 23:45 Brayton 1-2 Chelsi
16/05 00:00 Man. Yunayted 3-2 Nyukasl
16/05 00:00 Reyms 1-0 Marsel
16/05 00:00 Nissa 1-2 PSJ
16/05 01:00 Selta 2-1 Atletik Bilbao
16/05 01:00 Xetafe 0-3 Atletiko
16/05 22:30 Las-Palmas - Betis
17/05 00:30 Almeriya - Barselona
17/05 01:00 Real Sosyedad - Valensiya
17/05 23:45 Fiorentina - Napoli

Kilian Mbappe: «Real»dan o‘tsak, qolganlar qaltirab qolishadi»

Kilian Mbappe: «Real»dan o‘tsak, qolganlar qaltirab qolishadi»

Baho:
+ | -

«PSJ»ning iqtidorli hujumchisi Marca nashri muxbiriga o‘zining bolalikdagi «kumir»lari, «Real»ga qarshi nimchorak final bellashuvlari arafasida jamoa oldida turgan vazifalar va nima uchun poytaxt klubi taklifini mamnuniyat bilan qabul qilgani haqida gapirib berdi.

- Ko‘pchilik «Real» - «PSJ» qarama-qarshiligini muddatidan avvalgi finalga qiyoslamoqda. Bu fikrga qo‘shilasizmi?

- Ha. Chunki bu dunyoning eng kuchli ikki jamoasi o‘rtasidagi bellashuv. Kuchli klub bitta - «Real». U Chempionlar kubogiga hammadan ko‘proq sazovor bo‘lgan, qatorasiga ikki mavsumdan beri nufuzli sovringa egalik qilmoqda. Biz esa endi qaddimizni rostlayapmiz. Lekin qarama-qarshilikning o‘ta keskin bo‘lishiga kafolat beraman. «Santyago Bernabeu»ga faqat g‘alaba ilinjida boramiz.

- Madridning bosh arenasiga yo‘l olish arafasida hissiyotlar qanday?

- Bir qator mashhur stadionlarda o‘ynaganman. Lekin «Santyago Bernabeu»da emas. Shu bois, u yerga bir kun avval borishni, stadion bilan tanishib, o‘yinga puxta tayyorgarlik ko‘rishni istardim.

- Ayrim futbolchilar yorqin o‘yinlari bilan iz qoldiradilar. Bu siz uchun qo‘shimcha motivasiya bo‘la oladimi?

- Motivasiya bu siz ham talab darajasida - nimchorak finaldan boshlab barcha uchrashuvlar muhim ahamiyat kasb etadi. Madridda nimalarga qodir ekanligimizni butun dunyoga namoyish etish imkoniga egamiz. Xullas, jamoa­mizni faqat g‘alaba qoniqtiradi.

- Raqibning shonli tarixi va son-sanoqsiz sovrinlari xalal bermaydimi?

- Albatta, yuksak natijalar va buyuk tarixga munosib ehtirom bajo keltiramiz. Lekin maydonga tushganimizda butun e’tiborimiz o‘yinda bo‘ladi. Bizdan faqat o‘z mahoratimizni namoyish etish talab qilinadi.

- «Real»ning qaysi xususiyati sizga ko‘proq yoqadi?

- Jamoaning hamjihatligi. Har bir pozisiyada raqibimiz chinakam yulduzlarga ega, ular o‘z vazifalarini yaxshi bilishadi. Boz ustiga, anchadan beri yonma-yon to‘p surishadi.

- Ronalduga qarshi o‘ynash - nav­batdagi daho bilan uchrashishmi?

- Ha, Krishtianu - bolalik paytimda «kumir»im bo‘lgan. Valdebebasda u bilan ilk marta tanishganimda o‘zimni baxtiyor his etganman. Lekin hozir u - raqibim, o‘rtaga muhim g‘alaba qo‘­yilgan. Shu sababli, kimga qarshi to‘p surishimdan qat’iy nazar faqat g‘alabani ko‘zlayman.

- Lekin Ronaldu siz uchun namuna bo‘lib qolaveradimi?

- Albatta, u kabi o‘yinchilardan ko‘p narsalarni o‘rganish mumkin. 5ta «Oltin to‘p» ko‘p narsani anglatadi. Ronaldu - fantastik o‘yinchi. Ammo Parijda ham undan qolishmaydigan futbolchilar bor. Masalan, Neymarning saviyasi unikidan past emas. Kavani ham mohir hujumchi.

- Jamoangizdagi hujumkor uchlik - MCN (Mbappe - Kavani - Neymar) ajoyib hamkorlikni yo‘lga qo‘yishgan. Uni saqlab qolish qanchalik muhim?

- Ochig‘i, bu borada o‘ylab ham ko‘rmaganman. Biz uchun eng kuchli hujum chizig‘iga ega bo‘lish emas, eng kuchli jamoaga aylanish muhimroq. Sermahsul trio sifatida e’tirof etishlari yoqimli, albatta. Ammo bu hech narsa bermaydi. G‘alabani esa yaxlit jamoa ta’minlaydi.

- So‘nggi yillarda jamoangiz Yevropa tojiga da’vogarlik qilmoqda. Hozirda ajoyib tarkibga ega. Ayting-chi, «PSJ» uchun zafarlar davri keldimi?

- Nega endi «yo‘q» deyishim kerak? YECHLning guruh bosqichini ajo­yib tarzda bosib o‘tdik, amaldagi chempionni musobaqadan chiqarib yuborish imkoniyatiga ega bo‘lib turibmiz.

Raqibimizda o‘z unvonini himoya qilishdek mas’uliyat bosimi mavjud, biz esa bunday yukdan xolimiz. Demak, erkinroq harakat qilish imkoniga egamiz.

- Neymar maydonda sizga ustozlik vazifasini ham ado etadi. Uning o‘yinlaridan zavq olish muvaffaqiyat kalitimi?

- Chetdan kuzatadigan kishilarda Neymar o‘zgacha taassurot qoldiradi. Ko‘pchilik uni ko‘ngilxushliklarni yoqtiradigan, faqat o‘zini o‘ylaydigan xudbin sifatida tasavvur qilishadi. Biroq amalda bunday emas. Buni Neymar bilan bir jamoada o‘ynayotganlar, u bilan do‘stlashganlar yaxshi biladilar.

U atrofidagilarga befarq bo‘lmagan, jamoa manfaatlarini ustun qo‘yadigan ajoyib inson va sadoqatli do‘st. Darhaqiqat, o‘yin uslubi driblingga asoslangan. Ammo undan bunday qilmaslikni so‘rash, to‘g‘ri emas. Fintlar bobida hech kim unga tenglasha olmaydi. U esa shu ustunligi evaziga g‘alabani ta’minlashi mumkin. Buni qadrlash kerak.

- Siz o‘zingizga xaridor bo‘lgan jamoaga qarshi o‘ynashdan xijolatda bo‘lmaysizmi?

- Yo‘q, bu futbolchi faoliyatida uchrab turadigan holat. «Real»ga o‘tishim xususida gap-so‘zlar ko‘paydi, muzokaralar ham bo‘lib o‘tdi. Biroq ular endi o‘tmishda qoldi. Hozir «PSJ» a’zosiman va uning sharafini himoya qilish uchun bor mahoratimni ishga solaman.

- Ayting-chi, «Real» va «Barselona»ning gegemonligi davom etyaptimi?

DAVOMI

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 17:22, 15.01.2018.
O'qildi: 11379 marta.
Fikrlar: 12 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.