Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Samval Babayan arman jurnalistiga raddiya berdi

Samval Babayan arman jurnalistiga raddiya berdi

Baho:
+ | -

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayan O‘zbekiston futbol federasiyasi tomonidan umrbod futboldan chetlatilganidan keyin arman internet nashrlaridan birida maqola e’lon qilindi. Unda murabbiy faqatgina arman millatiga mansub bo‘lgani uchungina futboldan chetlatildi, degan g‘oya ilgari surilgan. Samvel Babayan mazkur maqolaga befarq qaray olmadi va muallifga raddiya berishga qaror qildi.

“Ig‘voga to‘la maqolangizni o‘qib, gangib qoldim. Mamlakatimizdagi haqiqiy ahvolni bilmasdan turib, millatchilik haqida yozishga qanday ma’naviy haqingiz bor edi?

Men, Babayan Samvel shunday buyuk yurt fuqarosi ekanimdan faxrlanaman. Men o‘zbek mahallasida tug‘ildim va shu yerda ulg‘aydim. Tilim o‘zbek tili bilan chiqqan. Vatanga muhabbat va vatanparvarlik ruhi menga ona suti orqali o‘tgan. Shuningdek, men o‘z farzandlarim va shogirdlarimni shunday ruhda tarbiyalayapman. O‘zbekiston juda bag‘ri keng mamlakat. U millati va e’tiqodidan qat’i nazar barchaga o‘zini ko‘rsatish imkoniyatini beradi. Arman millatiga mansub bo‘la turib, men O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida ishlaganim fikrimni quvvatlaydi. Bunday misollarni ko‘plab keltirishim mumkin.

Sizning O‘zbekiston va o‘zbek xalqi haqidagi so‘zlaringiz — bu jinoyat. Men bu mamlakat haqida to‘xtovsiz so‘zlashim mumkin. Ammo bunga ehtiyoj yo‘q. Boisi, O‘zbekiston haqida butun dunyoda yaxshi bilishadi. O‘zbekistonga hech bo‘lmasa bir marta kelgan odam uni albatta yaxshi ko‘rib qoladi. Sizdan iltimos, O‘zbekiston haqida asossiz va tuhmat gaplarni yozmang. Boisi, men O‘zbekiston fuqarosiman va bundan faxrlanaman. Siz kim bo‘libsizki, bizning prezidentimizga baho berishga jur’at qilsangiz. Asrlar davomida ushbu jannatmakon o‘lkada istiqomat qilayotgan barcha arman millatiga mansub kishilar mening fikrimga qo‘shilishadi.

Mening jonajon o‘lkam haqida ig‘voga to‘la maqola yozishdan oldin O‘zbekistonga kelib, turli millat vakillari bu yerda qanchalar ahil yashayotganini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rsangiz yaxshi bo‘lardi. Mamlakatimiz rivojlanayotganiga va xalqaro maydonda obro‘-e’tibor qozonayotganiga ishonch hosil qilgan bo‘lardingiz.

Mening diskvalifikasiya uchraganim — bu ish jarayonida yuz beradigan holat. Bu masalani men hech kim bilan muhokama qilmoqchi emasman. Men har bir xatti-harakatim uchun javob berishga tayyorman. Mazkur maqolani yozish orqali qanday maqsadni ko‘zlaganingizni bilmayman, ammo jurnalistika etikasiga rioya qilgan holda mendan yoki O‘zbekistonda yashaydigan boshqa arman kishisidan millatlararo munosabatlar haqida so‘rashingiz kerak edi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda yozgan maqolangiz uchun sizdan uzr so‘rashni talab qilaman. Shuningdek, bu mavzuni ko‘tarishdan avval ishga mas’uliyat bilan yondoshingizni so‘rayman”.

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 15:43, 18.01.2018.
O'qildi: 13994 marta.
Fikrlar: 17 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.