To‘rt kunlik kichik ta’tildan so‘ng, AGMK a’zolari bugun navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazish uchun Turkiyaga jo‘nab ketadi.
Jamoa kecha poytaxtimizdagi "Turkiston" mehmonxonasida to‘planishdi. Kecha yoshlar jamoasi futbolchilari va murabbiylari tibbiy ko‘rikdan o‘tishdi. Bugun asosiy tarkib vakillari kunning birinchi yarmida Olmaliqda tibbiy ko‘rikdan o‘tishadi. Kechki payt esa Toshkent-Istanbul-Antaliya yo‘nalishida Turkiyaga uchib ketiladi.
Bu galgi yig‘inda ishtirok etadigan futbolchilar ro‘yxatida bir qator o‘zgarishlar mavjud. Xurshid Xodjayev jarohatdan forig‘ bo‘lgan, ammo to‘liq kuch bilan mashg‘ulotlarda qatnashishi uchun biroz vaqt kerakligi bois bu yig‘inda qatnashmaydi. Shuningdek, Akbar To‘rayev va Muhammad Isayev yaqinlashib kelayotgan mavsumni boshqa jamoada o‘tkazishi mumkin. Yoshlar jamoasidan mashg‘ulotlarga olib ketilgan Kamronbek Abdulhamidov, Shahzodbek Alakulov va Shaxboz Umarovlar Olmaliqda A’zam Sherg‘oziyev qo‘l ostida mashg‘ulotlarda ishtirok etishadi.
Turkiyaga yo‘l olayotgan jamoa tarkibi quyidagicha: Roman Abdulov, Nizomiddin Ziyovutdinov, Abduqahhor Hojiakbarov, Vladislav Kasminin, Javlon Guseynov, Saydullo Rahmatov, Xurshid Muxtorov, Qahramon Bahodirov, Mirjalol Miryusupov, Lutfulla To‘rayev, G‘ulom-Haydar G‘ulomov, Dilshod Jo‘rayev, Sanjar Rixsiboyev, Otabek Zokirov, Muzaffarjon Muzaffarov, Ibrohim No‘monov, Kamoliddin Murzoyev, Abdumalik Abdullayev, Zafar Polvonov, Shohnazar Norbekov.
Antaliyada jamoa safiga Pavel Matyash, Vladimir Bubanya, Yovan Jokich va Vadim Chemirtanlar kelib qo‘shiladi.
Ko‘rib turganingizdek, bu gal mashg‘ulotlarda yoshlar jamoasi a’zosi Mirjalol Miryusupov, o‘tgan mavsumni "So‘g‘diyona"da o‘tkazgan Qahramon Bahodirov va "Bunyodkor" hujumchisi Vadim Chemirtanlar ham ishtirok etishadi.
AGMKning bu galgi xorij yig‘ini 2 fevraldan 18 fevralga qadar davom etadi. Yig‘in davomida 4ta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish rejalashtirilgan.