Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Odilbek Hamrobekov: «Xalqimiz JCH yo‘llanmasiga ilhaq»

Odilbek Hamrobekov: «Xalqimiz JCH yo‘llanmasiga ilhaq»

Baho:
+ | -

Muhtaram muxlis, bilasiz, Xitoyda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi g‘oliblik nashidasini surdi.

Namangan tumani Sho‘rqo‘rg‘on qishlog‘ida voyaga yetib, futbol sirlarini Qarshida o‘rgangan Odilbek Hamrobekov OCH-2018da nainki jamoamiz, balki turnirning eng foydali o‘yinchisi sifatida e’tirof etildi.

Kamtar va kamsuqum yigit bilan suhbatimiz asosan uning endigina boshlangan va tobora yorqinlashib, ko‘pchilik havasini uyg‘otayotgan faoliyati xususida bo‘ldi.

- Odil, futbolga nisbatan qiziqishingiz aynan qaysi vaqt chinakam ixlosga aylangan? Chunonchi, ko‘plab bolalar futbolga jiddiy qiziqishadi, lekin hamma ham professional daraja yo‘lini tanlayvermaydi...

-  Yoshligimda mahalladoshlar bilan to‘p ortidan yugurib, sira charchamasdim. Mahallamizdagi maydonga tushsak, vaqt qanday o‘tganini sezmay ham qolardik. Menda chinakam futbolchi bo‘lish istagi o‘sha vaqtdayoq nish urgandi. Eng asosiysi, tanlagan yo‘limda sobit turdim.

-  Namangan - iste’dodlar makoni. Biroq siz futbol tahsilini Qarshida oldingiz. Buning sababi nima?

-  Aslida futbol bo‘yicha dastlabki sirlarni maktabdagi ustozim Mahmudjon Rahimov o‘rgatgan. Keyinchalik u kishining tavsiyasi va maslahati bilan To‘raqo‘rg‘onga borib, Nodir aka  va  Mahkam aka qo‘l ostida shug‘ullandim. Shu  orada yaqinlarim bilan maslahatlashib, tahsilni «Navbahor» maktabida davom ettirishga qaror qildik.

Biroq o‘yin uslubim to‘g‘ri kelmadi, chog‘i, meni maktabga olishmadi. Natijada 2011 yili «Nasaf» akademiyasiga yo‘l oldim. Harakatlarim akademiya rahbari Sergey Petrovich Kucherenkoga ma’qul kelgach, Qarshida qoldim. Shu-shu «Nasaf» tizimida shug‘ullandim, mana, klub sharafini ham himoya qilyapman.

-  2 yilcha oldin tibbiy ko‘rikdan so‘ng ancha muddat o‘ynamadingiz, xalqaro turnirda ishtirok etmadingiz. O‘sha vaqt nima bo‘lgandi o‘zi? Murakkab vaziyatdan qanday chiqdingiz?

-  Esimda, bu borada muxlislar turli fikrlar bildirishgandi. Deylik, ayrimlar klub va shifokorlarni ayblashdi. Xullas, keskin tanqidlar ham yangradi. Mavridi kelgan ekan, aytishim kerak, bunday fikrlardan yiroqman va noo‘rin munosabatlarga qo‘shilmayman.

Javobim shuki, tibbiy ko‘rikdan so‘ng vaqtincha o‘ynamay turishimni tavsiya etishdi. O‘sha vaqt murabbiy meni  olimpiya saralash uchrashuvlariga jalb qi-lishga rosa urinib, qayta-qayta shiforkorlarga ko‘rsatdi. Davolanish kursi tugagach ham, shifokorlar ruxsat berishmadi.

Shunda jiddiy xavf borligini o‘ylab, o‘zim ham xavotirga tushdim. Yaxshiyamki, «Nasaf» rahbarlari meni yolg‘izlatib qo‘yishmadi va Germaniyaga tibbiy ko‘rik uchun yuborishdi. Buning uchun klubdan bir umr minnatdorman. Chunki nemis shifokori - Xalliy ilk tekshiruvdan so‘ng shunday dedi: «Yurtingga qaytgach, avvalo, shifokorlarga rahmat aytgin, seni vaqtida futboldan to‘xtatishibdi.

Endi esa asta-asta o‘ynasang ham bo‘laveradi». Xullas, Germaniyadan yangi umid va ishonch bilan qaytdim. Keyin o‘zgacha ishtiyoq-sog‘inch bilan o‘z ustimda astoydil shug‘ullandim.    

-  Osiyo chempionatining eng yaxshi futbolchisi bo‘lishni o‘ylaganmidingiz? Bir tomonda «Malibu» avtomobili, ikkinchi tomonda 20000 dollar. Bu - mehnat va iste’dodning samarasi, Prezident e’tibori mahsuli! Oilangizdagilar yutug‘ingizni qanday nishonlashmoqda?

-  Birinchi, navbatda, jamoadoshlarimga rahmat! Axir futbol jamoaviy o‘yin hisoblanadi. Do‘stlarim ko‘magida muvaffaqiyatga erishdim. Shunday Prezidentimiz borligidan faxrlanaman! U kishining Instagramdagi sahifalarini muntazam kuzatib boraman.

O‘sha kuni jamoamiz haqidagi iliq fikrlarini o‘qigach, ishonchim yanada kuchaydi. Qo‘shimcha ruhiy dalda, ko‘mak oldim. Oddiy dehqon oilasidanman. «Malibu»ni  otamga sovg‘a qildim.

Onam doim yaxshi niyatda bir gapni takrorlardilar: «17 yoshingda oppoq «Neksiya» olib kelib, dadang qalbini faxrga to‘ldirasan». Ota-onaga qancha sovg‘a ulashsak, shuncha kam. Demak, hozirgi yutuqlar bilan cheklanib qolmay, o‘z ustimda yanada ko‘proq izlanaman.

-  Tailand va  Xitoydagi yutuqlardan so‘ng Qarshida ham ajoyib g‘alaba nashidasini surdingiz. Uzoq yo‘l, davomli mashg‘ulotlar va qiyin turnirdan qaytgach, OCHL saralash o‘yiniga ruhan tayyorlanish oson kechmagandir...

-  To‘g‘ri, oson bo‘lgani yo‘q. Finaldan keyin erta tongda yo‘lga chiqib, aeroportga kelguncha charchoq alomatlari sezilgandi. Lekin bizni yarim tunda katta tantana bilan kutib olishgach, charchoq o‘z-o‘zidan yo‘qolib, o‘zimizni o‘ta tetik his qildik. Sovuqni sezmadik hatto.

Vatanga g‘alaba bilan qaytish o‘zgacha zavq bag‘ishladi. Ayniqsa, notanish odamlarning xuddi yuz yillik qadrdondek quchoqlashib, quvonchimga sherik bo‘lishgani kuchli ta’sir qildi. Ochig‘i, bunday darajada kutib olishlarini xayolimga ham keltirmagandim. O‘sha kun bir umr xotiramda qoladi.

Qashqadaryolik muxlislar ham poytaxtga kelishgan ekan va «Ertaga Qarshida uchrashamiz va albatta, g‘alaba qozanamiz», - deb xursandchiliklarini yashirishmadi. Shu kayfiyatda ertasi kuni yana g‘alaba qozondik.

-  Tabiiyki, muxlislar hozirgi yoshlar avlodiga katta umid bog‘lashmoqda. Yuksak ishonchni oqlash uchun shaxsan siz qanday rejalar tuzmoqdasiz? Zero, futbolchi o‘z mahoratini oshirishga  individual yondashmas ekan,  katta marralarni zabt etolmaydi.

-  Juda to‘g‘ri. Maqsadim tayin - yutuqlarni unutib, yanada jiddiy ishlash. Shundagina ota-onam, xalqimiz oldidagi burchimni talab darajasida bajarishim mumkin. Oldinda mas’uliyatli vazifalar turibdi.

Agar rivojlanishdan to‘xtasak, barchasini o‘z holiga tashlab qo‘ysak, uyat bo‘ladi. G‘alabadan havolanib ketmaslik, faqat oldinga intilish kerak. Prezidentimiz va xalqimiz  ishonchini oqlash yo‘lida butun vujudim bilan harakat qilaman.

-  O‘zbekiston terma jamoasi 2022 yili Qatarda bo‘lib o‘tadigan JCHga chiqa olarmikan?

-  Xalqimiz shuncha yildan buyon aynan JCH yo‘llanmasiga ilhaq. Jamoadoshlarim buni yaxshi his qilib turishibdi.

Umid qilamanki, akalarimiz - tajribali futbolchilar bilan birga oldimizda turgan marrani  zabt etib, Qatar mundiali yo‘llanmasini qo‘lga kiritamiz, albatta. Bunga kuchimiz ham, imkonimiz ham yetadi!

Sanjarbek HAMIDOV suhbatlashdi

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 16:09, 16.02.2018.
O'qildi: 3605 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.