Kirish Ro'yxatdan o'tish

Omon G‘ofurov: “Logotip tanlashda oddiylikdan, an’anaviylikdan chekinildi”

Omon G‘ofurov: “Logotip tanlashda oddiylikdan, an’anaviylikdan chekinildi”

Baho:
+ | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Intervyular

Kecha O‘zPFLning rasmiy saytida mazkur tashkilotning Logotipi e’lon qilindi. O‘zbek do‘ppisini eslatuvchi, milliylik ufurib turgan suratda millatimiz mentaliteti va professionalizm uyg‘unlashgan. Bu borada O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi Bosh direktori Omon G‘ofurov rasmiy saytga intervyu berdi.

- Qisqa vaqt ichida futbolimizda katta islohotlar amalga oshirildi. Yurtboshimiz barchadan yangicha ishlashni talab qilmoqda, amalga oshiriladigan barcha ishlar, islohotlar, yangiliklar pirovardida xalq manfaatlariga, aholining mazmunli yashashiga, samarali mehnatlari evaziga maroqli dam olishlariga xizmat qilishi lozimligini qayta-qayta ta’kidlamoqdalar. Jumladan, O‘zbekiston futbolida ancha yillardan buyon yig‘ilib qolgan muammolarni qisqa fursatlar ichida hal qilish uchun tinimsiz ishlash, kadrlar qo‘nimsizligiga barham berish, va albatta tizimni rivojlantirish uchun keskin islohotlarni amalga oshirish talab qilingandi. Yangilik yaratish, ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun esa eskilaridan voz kechish zarur edi. Shuning uchun ham yangi rahbariyat federasiya faoliyatini tubdan o‘zgartirishga bel bog‘ladi. Avvalo 25 yildan beri qo‘llanilib kelingan musobaqa tizimi tubdan o‘zgartirildi, musobaqa Reglamenti ham yangitdan tahrir qilindi, klublarga, futbolchi va murabbiylarga talablar kuchaytirildi, bolalar, ayollar va ommaviy futbolga, futzal o‘yinlariga munosabat o‘zgardi, e’tibor kuchaytirildi. Isloxiy ishlardan navbatdagisi sifatida O‘zPFLning rasmiy logotipini ham yangiladik va kechadan e’tiboran hayotga tadbiq etdik.

- Logotipning aynan shunday shakl va ko‘rinishda bo‘lishining boisi nimada?

- O‘tgan yilning oxirlarida, milliy chempionat yakuniga kam vaqt qolgan paytda 2018 yilgi mavsumda milliy chempionat tizimi o‘zgartirilishi, Oliy liga o‘rnida Superliga, birinchi liga o‘rnida Pro-liga musobaqalari o‘tkazilishi, jamoalar soni ham kamaytirilishini e’lon qildik. Bulardan ko‘zlangan maqsad haqida yana takrorlab o‘tirmoqchi emasman. Tizim o‘zgargandan keyin uning rasmiy logotipina ham yangilashga ehtiyoj tug‘ildi. Buning uchun shaffoflikni ta’minlash maqsadida tanlov e’lon qildik. O‘tgan ikki-uch oy mobaynida tashkilotimizga ko‘plab logotip chizmalari kelib tushdi – ularning orasida elektron holati, rangli-rangsiz chizmalari ham bor edi. Bu jarayonni haqqoniy tashkil etish maqsadida tuzilgan maxsus guruh avvaliga uchta nomzod chizmalarni aniqlab oldi, yakuniy bosqichda esa maxsus guruhning ko‘pchilik ovoziga ko‘ra aynan siz ko‘rib turgan logotip tanlab olindi. Aynan shu nomzodga to‘xtalishimizning boisi, chizmada milliylik ufurib turibdi, bir qarashda do‘ppimizni eslatuvchi shakllar har qanday kishining etiborini tortishiga, kayfiyatini ko‘tarishiga shubhamiz yo‘q.O‘rtadagi koptok va unda tashkilotimiz nomining aks ettirilishida ham ma’no bor. Eng muhimi, oddiylikdan, an’anaviylikdan holi bo‘lingan. Tanlovdagi chizmalar orasida oddiy dumaloq, uchburchak, qalqonsifat va yana ko‘plab shakldagi chizmalar bor edi, mutaxassislarning e’tibori esa aynan shunga tushdi. Menimcha, to‘g‘ri qaror qabul qilingan.

- Demak, mazkur logotip endi barcha professional klublar faoliyatiga joriy qilinadi, shundaymi?

- Faqat professional klublar uchun emas, Superligadan tashqari, Pro-liganing professional klublari, yarim havaskor klublari, ayollar va futzal jamoalari, xullas O‘zPFL bayrog‘i ostida faoliyat yurituvchi barcha tashkilotlarga, sport tadbirlariga tadbiq etiladi.  Superliga va Pro-liga jamoalari futbolchilari sport kiyimlarida, klublarning rasmiy xatida, stadion banneri va boshqa faoliyatida ushbu logotip aks ettiriladi.

- Logotipni banner va reklamalarga joylashtirishda boshqa ranglardan ham foydalansa bo‘ladimi?

- Aynan ko‘k rangini tanlaganmiz, demak shu rangdan chiqmaslikni tavsiya etamiz.

- Superliga klublarining nomi ma’lum bo‘ldi, Pro-liga jamoalari borasida qachon yangilik bo‘ladi?

- Mutaxassislarimiz Pro-liga jamoalari faoliyati bilan deyarli tanishib bo‘lishdi, avvalgi Oliy liga maqomini beruvchi liganing saviyasi albatta yuqori bo‘lishi lozim. Shuning uchun bu nomga mos jamoalar ustida ishlash, ularni saralab, talabga javob beradiganini Pro-ligaga tavsiya etish ishlari biroz vaqt talab etdi. Ammo barcha ishlar deyarli yakuniga yetib qoldi, jamoalar nomi ham aniqlab olindi. Faqat so‘nggi masalalardagi ishlarni yakunlash va Pro-liga ishtirokchilari nomini e’lon qilish qoldi xolos. 2-3 kun ichida muxlislarimiz bu xabardan ham voqish bo‘lishadi. 

Manba: www.pfl.uz
Kiritildi: 15:40, 17.02.2018.
O'qildi: 2714 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.