Joriy mavsum o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘ygan «Navbahor» ortda qolgan ikki turdan keyin peshqadamlar safida bormoqda. Startda «Metallurg» mehmoni bo‘lib, durangga imzo chekishgan «lochinlar» 2-tur o‘yinini Olmaliqda o‘tkazib, AGMKni mag‘lubiyatga uchratishdi - 2:1.
Bu g‘alabada bosh rolni yarim himoyachi Aziz Turg‘unboyev bajardi. U avvaliga jarima zarbasini chiroyli tarzda amalga oshirib, hisobni ochdi, keyin esa hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtda Dilshod Jabborov goliga hammualliflik qildi.
- Azizbek, Superliganing ikki turi ortda qoldi. Bu boradagi dastlabki xulosalaringiz...
- Superliga o‘z nomiga yarasha qiziqarli va shiddatli o‘yinlar bilan boshlandi. Endi uchrashuvlar natijasini oldindan bashorat qilish qiyin.
Mana, «Metallurg»ning «Lokomotiv» maydonidan ochko bilan qaytishi, o‘z tarkibini sezilarli darajada kuchaytirgan «Paxtakor»ning «Bunyodkor»dan mag‘lubiyatga uchrashini kim o‘ylagandi? Demakki, Superliga ishtirokchilari kuch jihatidan bir-biriga yaqinlashdi.
- «Navbahor» safarda «Metallurg» va AGMK klublariga qarshi bahs olib borib, 4 ochko oldi. Bu raqiblar haqida nima deya olasiz?
- Bekobodliklar ilk o‘yinga juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rishganini isbotlashdi. Tabiiyki, biz g‘alabani ko‘zlagan holda maydonga tushgandik. Ammo vaziyatlardan foydalanolmadik. Bundan tashqari, maydon sifati hali talab darajasida emasligi ham o‘yinimizga ta’sir ko‘rsatdi.
AGMK esa 1-turda «Bunyodkor» maydonida chakki o‘ynamagandi. Shunga muvofiq, Olmaliqdagi uchrashuvga jiddiy yondashdik. Zero, klub rahbariyati va ortimizdan kelgan muxlislar ishonchini oqlash uchun yutishimiz shart edi. Xudoga shukr, harakatga yarasha 3 ochko oldik.
- Bu uchrashuvda jarima nuqtasidan berilgan qoyilmaqom zarba bilan hisobni ochdingiz. G‘alaba goli urilgan vaziyatda esa burchak zarbasidan to‘pni Dilshod Jabborovga qulay tarzda yetkazib berdingiz.
Ko‘rinishidan, mash-g‘ulotlarda standart vaziyatlar ijrosi ustida alohida shug‘ullanasiz, chog‘i.
- Ha, shunday. O‘tgan mavsum ham ayrim hollarda standart vaziyatlarni amalga oshirdim. Endi esa «standart»larni ko‘proq menga ishonib topshirishmoqda.
To‘g‘ri, jamoamiz sardori Dilshod Jabborov ham bu borada ustasi farang. Xullas, kimning tepishi qaysi nuqtada jarima zarbasi belgilanishiga bog‘liq. Bu borada Dilshod aka bilan kelishib ish tutyapmiz.
- Umuman, Olmaliqda jarima nuqtasiga ishonch bilan talpindingiz. Xo‘sh, gol urishingizga nechog‘li ishongan edingiz?
- Ochig‘i, zarbam chiroyli va aniq chiqishini qalban sezdim. Shuning uchun to‘p oldiga borishda sira ikkilanmadim. Muhimi, ichki sezgim pand bermadi.
- Qiziq, standart vaziyatlarni mukammal ijro etish masalasida qaysi futbolchilarni kuzatib, ulardan o‘ziga xos saboq olyapsiz?
- Zamonaviy futbolda jarima zarbasini tepish borasida «Barselona» yetakchisi Lionel Messiga teng keladigan yo‘q, menimcha. Shuningdek, «Real» hujumchisi Krishtianu Ronaldu ham «standart»dan samara chiqarishga usta.
Ularning zarbalariga diqqat bilan qarasangiz, aniqlik, kuch va texnika uyg‘unligini payqaysiz. Lekin ko‘rish boshqa, amalda bajarish boshqa.
Demoqchimanki, havas qilish bilan ish bitmaydi, bu borada faqat tinimsiz urinishlar orqali mukammallikka erishish mumkin.
- Umuman, joriy mavsum nechta gol urishni ko‘zlayapsiz?
- Nechta? Son muhim emas, gollarim jamoamga qo‘l kelsa, bas. To‘g‘ri, har bir raqib darvozabonini dog‘da qoldirsam, yana yaxshi. Tushunarliki, gol urishda oxirgi uzatma juda muhim.
Umid qilamanki, yarim himoyadagi sheriklarim - Dilshod Jabborov, A’zam Aliyev va Oston O‘runov meni ham qulay uzatmalar bilan ta’minlab, gollarim soni oshishiga hissa qo‘shishadi.
- «Navbahor» tarkibida bir qator yangi futbolchilar bor. Ular qanday taassurot qoldirishmoqda?
- Yangi jamoadoshlarimning yuqori saviyaga ega ekanliklari sezilib turibdi. Mana, ular dastlabki 2ta o‘yinda o‘z mahoratlarini imkon qadar namoyish etishdi. Hozir tarkibimiz chakki emas va o‘ylaymanki, oldimizga qo‘yilgan vazifani bajara olamiz.
- O‘tgan mavsum 77-raqam ostida to‘p surgan va buni «7»ni yoqtirishingiz bilan izohlagandingiz. Bu yil esa 10-raqamni oldingiz...
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.