O‘zbekiston Milliy teleradio kompaniyasi rahbari Alisher Xodjayev “Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi orqali sport kanallarini yoritishda yuz berayotgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi.
“O‘zbekiston MTRK sport musobaqalarining yoritish tizimini qayta ko‘rib chiqmoqda. Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi ham bu borada qo‘yilayotgan zamonaviy talablarga hamohang tarzda o‘z efirlarida sport musobaqalarini keng yoritish bo‘yicha faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqmoqda.
Xususan, futbol bo‘yicha milliy chempionat va milliy terma jamoamiz ishtirokidagi xalqaro uchrashuvlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyasiyasi qilish uchun ijodiy va texnik-texnologik ishlar yangidan tashkil etish kelishib olindi.
O‘zbekiston MTRK tomonidan futbol muxlislari uchun juda qiziqarli bo‘lgan millionlar o‘yini hisoblangan futbol bo‘yicha Jahon, Osiyo, Yevropa chempionatlari va Yevropa davlatlarining milliy chempionatlari uchrashuvlarini translyasiya qilish, jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatish huquqlarini olish bo‘yicha tegishli tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston MTRKning mazkur huquqlarni olishdan maqsadi faqat daromad olish emas, balki turli darajadagi futbol uchrashuvlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyasiya orqali millionlab muxlislarning sport o‘yinlariga bo‘lgan qiziqishini qondirish va futbolni xalqimiz orasida yanada ommalashtirishdir.
Futbol translyasiyasidan tushgan mablag‘larni MTRK asosan translyasiya huquqini sotib olish uchun sarflangan xarajatlarni qoplashga yo‘naltiradi. O‘zbekiston MTRK yuqoridagi ko‘rsatilgan huquqlarini respublikadagi boshqa Nodavlat telekanallari bilan bo‘lishishga tayyorligini bildiradi. Shu bilan birga huquqlarni xarid qilishda birgalikda ishtirok etishga taklif qiladi (dolevoye uchastiye pri priobretenii sootvetstvuyushix prav). Bunda telekanallarning o‘zlari tomonidan hamkorlikda olingan o‘yinlarni translyasiya qilishdan tushgan daromadlari o‘sha telekanalning o‘zida qoladi”, — deydi Alisher Xodjayev “Feysbuk”dagi sahifasida qoldirgan xabarda.
Demak, Rossiyada o‘tadigan Mundial translyasiyasi MTRK va nodavlat telekanallar hamkorligida sotib olinishi mumkin.