Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Sanjar Shoahmedov: «Og‘zimizdagi oshni oldirib qo‘ymoqchimasmiz»

Sanjar Shoahmedov: «Og‘zimizdagi oshni oldirib qo‘ymoqchimasmiz»

Baho:
+ | -

«Lokomotiv»ning mehmonda «Al-Vahda» ustidan qozongan g‘alabasida Sanjar Shoahmedovning ham hissasi katta bo‘ldi. Tajribali yarim himoya­chi jamoasining uchinchi goliga mualliflik qildi.

O‘yinning 55-daqiqasida Nivaldoning uzatmasidan so‘ng Shoahmedov mezbonlar darvozasini ishg‘ol qildi. Ushbu g‘alaba, shuningdek, «Zob-Ohan»ning o‘z maydonidagi mag‘lubiyati sabab «Lokomotiv» guruhdan chiqish imkoniyatini saqlab qoldi.

Muhimi, hammasi «temiryo‘lchilar»ning o‘z qo‘lida. Toshkentda Eron klubi mag‘lub etilsa, OCHL bosh sovrini uchun kurash davom ettiriladi. Biz Abu-Dabidagi uchrashuv yakunlanishi bilan Sanjar Shoahmedovdan shu mavzuda intervyu oldik.

- Sanjar, avvalo, g‘alaba muborak bo‘lsin. Mehmondagi o‘yinda qimmatli uch ochkoni qo‘lga kiritdinglar. Muvaffaqiyatning bosh omili nima bo‘ldi?

- Bu o‘yinga yaxshigina tayyorgarlik ko‘rgandik. Uchrashuvning ahamiyati qanchalik muhim ekanligini murabbiylar shtabi ham, futbolchilar ham juda yaxshi tushunib turgandik. Ortga yo‘l yo‘q edi. Mazkur bahsda g‘alaba qozonish evaziga guruhdan chiqish imkoniyatini saqlab qolardik.

O‘z o‘rnida raqib jamoa ham maydonga shunchaki ochko ulashish uchun tushmadi. O‘yinning birinchi daqiqalaridan boshlab g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqimizni namoyish etdik va mana, yakunda o‘z oldimizga qo‘yilgan ilk maqsadga erishdik. Hali asosiy kurash oldinda. O‘z ishimizni chiroyli tarzda yakunlab qo‘yishimiz shart.

Buning uchun so‘nggi uchrashuvda «Zob-Ohan»ni istalgan hisobda mag‘lub etsak, kifoya. To‘g‘ri, buni amalga oshirish oson kechmaydi. Lekin oxirigacha jon-jahdimiz bilan kurashsak, niyatimizga yetamiz.

- Murabbiylar o‘yinga qanday taktika tanlashgandi? Hujumkormi yoki vaziyatga qarab harakat qilish kerakligini uqtirishganmidi?

- Hujumkor futbol namoyish etish barobarida himoyani ham unutmasligimiz kerakligini aytishgandi. Chunki bitta gol o‘tkazib yuborgandan keyin vaziyatni o‘nglash qiyin kechishi tayin edi.

Ayniqsa, safarda o‘ynayotganingizda bu vazifa ikki hissa qiyinlashadi. Shu bois ham ehtiyotkorlikni unutmaslikka e’tibor qaratdik. Murabbiylar zarurat tug‘ilsa, himoyada o‘ynab, qarshi hujumda raqibni jazolashimizni ham aytishgandi. Umuman olganda, o‘yin biz xohlagandek bo‘ldi va yakunda chiroyli g‘alabaga erishdik.

- «Al-Vahda»ning qaysi tomonidan xavf kutgandinglar?

- Birinchi navbatda, jamoa o‘z maydonida o‘ynadi. Har qanday holatda ham o‘yindan oldin mezbon jamoada kichik bo‘lsada ustunlik yuzaga keladi. Chiziqlar bo‘yicha gapiradigan bo‘lsam, birinchi galda hujum chizig‘ini aytmoqchiman. Qolaversa, raqib jamoa yarim himoyasining ikki qanoti ham juda kuchli ijrochilarga ega edi.

Darvozamiz tomon bir necha bor xavf solgan Ismoil Matarning o‘zi yaxshigina bosh og‘rig‘i bo‘ldi. Bilasiz, aksariyat arab klublari kuchli xorijlik futbolchilar hisobiga yaxshi o‘yin ko‘rsatishadi. «Al-Vahda»da ham saviyali legionerlar bor edi.

- O‘yin boshida urilgan tezkor gol bugun sizlarga yordam berdimi?

- Ha, albatta. U ishimizni ancha yengillashtirdi. Aksincha, mezbonlar bunday startni kutishmagandi. Birinchi bo‘limning o‘zida ikkita to‘p kiritib olganimiz bizning yutug‘imiz bo‘ldi.

Shundan so‘ng futbolchilarda o‘zlariga bo‘lgan ishonch yanada oshdi. Yigitlarning ruhiyati ko‘tarildi. Bu esa yirik hisobdagi g‘alabamizni ta’minladi.

- Guruhning ikkinchi o‘yinida «Zob-Ohan» o‘z maydonida «Al-Duhayl» klubiga imkoniyatni boy berdi. Bu o‘yin natijasidan xabardormidinglar? Balki hisobni murabbiylar aytishgandir?

- Ochig‘ini aytaman, bu o‘yin natijasini o‘zimizning uchrashuv yakunlanganidan 15-20 daqiqa o‘tganidan keyingina bildik. Shunda ham buni bizga murabbiylar aytishdi. Bor e’tiborimiz o‘zimizning o‘yinimizga qaratilgani bois, Isfaxondagi uchrashuv haqida deyarli o‘ylamagandik ham.

- Endi hamma masala Toshkentdagi o‘yinda hal bo‘ladi. Bitta g‘alaba va «Lokomotiv» nimchorak finalga chiqadi. Bu ishni amalga oshirishga tayyormisizlar?

- Og‘zimiz oshga yetdi deganda uni oldirib qo‘yishni istamaymiz. Buning uchun esa bor kuchimiz bilan harakat qilishimiz kerak. Hozirdanoq bu o‘yinning ahamiyatini his qila boshladik. Bitta uchrashuvga bor e’tiborni jamlab tushib, maqsadga erishish mumkin. Buning uchun kuchli istak va intilish bo‘lishi lozim.

Hammamiz «pley-off»da o‘ynashni istaymiz. Ammo quruq xohish bilan niyatga erishib bo‘lmaydi. Qolaversa, «Zob-Ohan» ham Toshkentga yutqazish uchun kelmaydi. Ustiga-ustak, ularning vazifalari biznikiga qaraganda yengilroq. Himoyada mustahkam o‘ynab ham o‘z rejalarini amalga oshirishlari mumkin. Lekin bizga gol kerak.

Shundagina guruhdan chiqish vazifasi hal qilinadi. O‘ylaymanki, Toshkentda bo‘ladigan muhim uchrashuvda muxlislar ham bizni yolg‘izlatib qo‘yishmaydi, oxirigacha qo‘llab-quvvatlashadi.

O‘z o‘rnida, bunga javoban chiroyli g‘alabamiz bilan ularni xushnud qilishga intilamiz. Bir narsani hech ikkilanishsiz aytish mumkinki, bu o‘yin finalga monand tarzda bo‘lib o‘tadi.

- Qolaversa, birinchi davradagi mag‘lubiyat uchun revansh ham olish kerak.

- To‘g‘riku-ya, lekin Isfaxondagi uchrashuvda kuchli shamol bo‘lgandi. Boz ustiga, bizning o‘yinimiz ham o‘zimiz xohlaganchalik chiqmagandi. Albatta, bu bahona emas, biz Erondagi mag‘lubiyatli uchrashuvni o‘sha kuniyoq unutganmiz. Toshkentdagi bahs umuman boshqa maqomda o‘tadi.

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 09:34, 11.04.2018.
O'qildi: 3092 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.