Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Sovuqqon sardor yoxud Angliya termasini yagona jahon chempionligiga yetaklagan murabbiy haqida

Sovuqqon sardor yoxud Angliya termasini yagona jahon chempionligiga yetaklagan murabbiy haqida

Baho:
+ | -

Alf hamisha jurnalistlardan qochib yurardi. Ularning futbolchilarga bosim uyushtirishlari, mish-mishlarga tez beriluvchanliklari, axborot olish uchun har narsaga tayyorliklari yoqmasdi unga.

Daily Mail nashri muxbiri bir safar shunday degandi: «Bosh muharrir mendan Ramsining 1966 yilgi uy chempionatida Angliya termasining chempion bo‘lish ehtimoli haqidagi gaplarini takrorlayvermaslikni so‘radi.

Aks holda, jamoa musobaqani tark etishi hamono, mening ham ishdan bo‘shashim mumkinligini ta’kidladi».

Jurnalistlarni Alfning nima sababdan vingerlarni rad etib, «qanotsiz» formasiyaga o‘tgani qiziqtirardi. Tushunmovchilik borgan sari nafratga aylanib bordi.

Murabbiyning javobi ham shunga yarasha bo‘ldi. «Ilgari jurnalistlar mashg‘ulotlar boshlanishidan oldin soatlab atrofimizda aylanishgan bo‘lsa, endi Alf ularga bor-yo‘g‘i 20 daqiqa vaqt ajratyapti, xolos.

Uning intervyu berish chog‘ida suhbatni kutilmaganda tugatib qo‘yishi odatiy holga aylangandi», - xotirlaydi Nobbi Staylz.

Alfning o‘zini bunday tutishiga sabab bor edi. Ramsi Dagenxemda tug‘ilgan bo‘lsa-da, Esseksda - elektr energiyasi yo‘q uyda voyaga yetdi. Uning otasi somon sotish bilan shug‘ullanardi.

Alf yoshligida ko‘proq VVS radiosi muxbirlarining eshittirishlarini tinglar va aksentini yo‘qotish uchun ularning gaplarini takrorlardi. Tabiatan uyatchan bo‘lgan Ramsi jamoat joyida biror ortiqcha so‘z aytib yuborishdan qo‘r-qardi.

Angliya termasi guruh bosqichida Urugvay bilan 0:0 o‘ynagach, Ramsi shogirdlarini Paynvud studiyasiga olib bordi - u yerda «Ikki bor yashaysan, xolos» filmining navbatdagi qismi suratga olinayotgandi.

Ekskursiyadan keyin Alf o‘yinchilar nomidan kartina ijodkorlariga minnatdorchilik bildirib, Shon Konneriga alohida rahmat aytdi. Himoyachi Jorj Koen darrov murabbiyni oqlay boshladi: «Alf jamoatchilikka yaxshi tanish insonga aylangan, ammo uning Dagenxemdanligini unutmaslik kerak.

Bu yerga kelguncha u uzoq yo‘lni bosib o‘tadi». Ma’lumot uchun, Dagenxem - London shimoli-sharqida, Bekton va Barking yaqinida joylashgan kichikkina tuman.

****************

Umuman olganda, Alf jurnalistlar uchun o‘ta oddiy inson edi - hammani hayratda qoldiradigan so‘zlarni aytmas, janjallashmasdi ham. Ramsi insonlardagi to‘g‘riso‘zlikni hurmat qilar, vijdonli, jasur, vafodor kishilarni e’zozlardi.

Uning jamoasi ham shunga yarasha o‘ynardi: onkologik xastalikni yenggan Bobbi Mur, avtohalokatda do‘stlaridan ajralgan Bobbi Charlton. Alan Boll esa «Blekpul»da porlaguncha AQSH va Kanadani kezib chiqqandi.

Darvozabon Benksning otasi sheffildlik oddiy temirchi edi, Xerstning otasi esa - essekslik qurolsoz. Bu yigitlarning barchasi o‘z dunyoqarashi va xarakteriga ega bo‘lgan. Portugaliyaga qarshi yarim final o‘yini oldidan Ramsi Nobbi Staylzga murojaat qilib, shunday dedi:

- Eysebioni yopa olasanmi?

- Umrimning oxirigachami, murabbiy? - hazillashgan bo‘ldi Nobbi.

Portugaliyaliklarga qarshi bahsda Staylz borini berdi. Ramsi hech qachon futbolchilarini maqtamagandi, ammo bu safar odatiga xilof ravishda Staylzning professionallarga xos harakatini alohida maqtadi.

Murabbiyning bu e’tirofi ilk bor muhabbat izhor qilayotgan yigitning so‘zlariga o‘xshab yangragandi. So‘ngra Alf mehmonxona barida alohida ma’ruza bilan chiqdi:

- Jentlmenlar, sizlarni ajoyib o‘yiningiz va finalga chiqqanlaring bilan muborakbod etaman. Bugun ikki qadah ichishlaringga ruxsat beraman. Ammo faqat «ikki» ekanligini unutmasligingizni so‘rardim.

O‘tgan shanba kuni Argentina bilan bo‘lgan o‘yindan so‘ng mening bu gaplarim ayrimlarning qulog‘iga yetib bormaganidan xabardorman. Ammo bugun emas, janoblar. Takrorlayman, faqat ikki qadah. Chunki shanba kuni jahon kubogini yutib olmoqchimiz!

Birgina Nobbi barning bir burchagiga ko‘zlarini tikkancha jim turardi: oldingi o‘yinda u Benks bilan noqulay tarzda to‘qnashib ketgan va terma shifokori uning qulog‘i shishib ketmasligi uchun antibiotik ukoli qilib qo‘ygandi.

****************

Alf futbolchilardan, birinchi navbatda, intizomni talab qilardi. Har oqshom soat 22:30da Ramsi zalga - o‘yinchilar televizor tomosha qiladigan yerga kirib kelar va «Xayrli oqshom, jentlmenlar»,-derdi.

Bu gapdan so‘ng, filmning eng qiziq joyi kelgan bo‘lsada, hamma o‘z xonasi tomon yo‘l olardi. Bir safar Ramsi futbolchilarning rafiqalari va qayliqlari bilan mehmonxonada ko‘rishishlariga ruxsat berdi. Ammo soat 22:30da u yana ostonada paydo bo‘ldi:

- Xayr, xonimlar. Xayrli oqshom, jentlmenlar.

- Alf, siz umuman uxlaysizmi? - deb so‘rashdi futbolchilar jahl aralash.

- Yo‘q, janoblar, siz uxlaysiz.

Bu so‘zlarni aytarkan, Ramsining ko‘zlarida kinoya uchqunlari chaqnardi. Murabbiyning qattiqqo‘lligi futbolchilarga otalik mehrini eslatardi. Xerst xotirlaydi: bir marta u rasmiy kostyumiga atayin Angliya termasi nishonini taqmagandi - aniqrog‘i, maktabdagi sinf sardoriga o‘xshashni istamagandi. Buni darrov payqagan Alf esa undan so‘ragan:

- Jeffri, nishoning qani?

- Kechiring, janob Alf. Uni qayerdadir tushirib qo‘yganga o‘xshayman. Afsus...

- Ko‘p kuyunma, Jeffri, - shunday degancha Alf cho‘ntagidan yana bir nishonni chiqarib, uni Xerstning kostyumiga taqdi. - Yana yo‘qotib yurmagin, bo‘ptimi?..

****************

JCH finaliga sanoqli kunlar qolganda Ramsi uxlamadi, hisob. U hal qiluvchi o‘yinga qaysi tarkibni tushirish masalasida bosh qotirdi. G‘alabalarga erishgan tarkibni qoldirsinmi yoki Jimmi Grivzni - jarohati bois bir nechta bahsni o‘tkazib yuborgan futbolchini maydonga tushirgani ma’qulmikan?

Jimmi haqiqiy yulduz bo‘lib, haqli ravishda Angliya termasi to‘purari hisoblanardi. Shu bilan birga, u Xant va Xerstlardan iqtidorliroq ham edi. Grivzning qaytishini jurnalistlar ham talab qilishsada, Ramsi g‘olib tarkibni almashtirmaslikni ma’qul topdi: mehnatkash Xant va Xerst jarohatdan so‘ng maydonga qaytgan Jimmiga nisbatan ishonchliroq ko‘rindi, unga.

Ramsi bu qarori o‘zini oqlamasa jurnalistlar uni «eb tashlashlarini» tushunardi, biroq sovuqqonlikni yo‘qotmadi. «Alfning o‘ziga xos jihatlaridan biri - o‘tkir bosim ostida sovuqqonlik va xotirjamlikni saqlab qolishi edi», - deb yozgandi jurnalist Leo Mak-Kinstri o‘zining «SerAlf» nomli kitobida.

Portugaliya ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng o‘tgan dastlabki 3 kun davomida Alf finalga qaysi tarkibni qo‘yishi to‘g‘risida o‘yinchilarga hech narsa demadi. Ko‘pchilik, ayniqsa, Xerst o‘zini nazorat qila olmaydigan ahvolga tushgandi: «Alfning har bir harakatini kuzatib borayotganimni sezib qoldim.

U o‘z harakatlari bilan nimanidir bildirib qo‘yishini juda istardim. Murabbiy menga shakar idishini uzatsa, negadir yengil tortardim va «Uembli»dagi hal qiluvchi bahsda maydonga tushaman, deb o‘ylardim».

Bu kabi holatlar final kunigacha davom etdi. Ramsi «vestern» va sarguzasht filmlarni yoqtirar, futbolchilarni ham tez-tez kinoga olib borardi. Bir safar hatto ularga baqirib ham bergandi: «To‘polon qilmang, axir film boshlandi, ekranda - Jon Ueyn!». Final arafasida ham Alf shogirdlarini «Samodagi sarguzashtlar»ga olib bordi.

Film boshlanishi oldidan esa 11 nafar futbolchining har biriga alohida yaqinlashib: «Agar hozir aytadigan so‘zlarimdan keyin ham tinchgina uxlay olsang, eshit: ertaga sen asosiy tarkibda tushasan», - dedi. Finalga o‘tar kechasi, nihoyat, Alf xotirjam bo‘lgancha uyquga ketdi. Maydonga tushadigan tarkib aniq bo‘ldi, ish nihoyasiga yetdi.

****************

Ertasi kuni tongda Ramsi qisqa, ammo hammani kurashga chorlovchi so‘zlar bilan futbolchilarga murojaat qildi, so‘ng ularni yengil nonushtaga taklif qildi.

«Uembli» mehmonxonasiga olib boruvchi yo‘lning har ikki chetida to‘plangan minglab muxlislar qo‘llaridagi Britaniya bayroqlarini silkitishardi.

Stadionga ham odam sig‘masdi: kiyim almashtirish xonasiga telemuxbirlar, rasmiy shaxslar kirib olishgan, ular orasida kichkina bolakay ham bo‘lib, u choy tashish bahonasida futbolchilardan dastxat olish bilan ovora edi. Ramsi futbolchilar hayajonlarini oz bo‘lsada bosib olishlari uchun u yerdagilar bilan muloqot qilishga ruxsat berdi.

O‘yin boshlandi va 90-daqiqa davomida Ramsidagi sovuqqonlik uni tark etmadi. Hatto nemislar bahs oxirida hisobni tenglashtirishganida ham u o‘zini yo‘qotmadi. Keyinroq ekspertlar Germaniya termasining goli qoidabuzarlikdan so‘ng urilganini aytishdi: to‘p Shnellingerning qo‘liga tekkan ekan.

Rojer Xant shunday xotirlaydi: «Hammamiz shok holatida edik. Hech kim nima bo‘lganini tushunmasdi. Barchamizni tushkun kayfiyat qamrab olgandi. Axir biz g‘olib bo‘ldik, deb turganimizda, ular to‘p kiritishgandi-da.

Men o‘zimni o‘ta holdan toygandek his etardim». Benks ham uning so‘zlarini tasdiqlaydi: «Bu Everest cho‘qqisiga bir necha qadam qolganida sodir bo‘lgan qor ko‘chkisiga o‘xshardi».

O‘yinchilar hammasidan umidlarini uzgancha maydonda yotishganida, Alf ularga yaqinlashib keldi. Murabbiyning jahli chiqqan, hammaga birday qichqirardi: «O‘rningizdan turing, tur deyapman senlarga!» - keyin yuzi birdan muloyim tus oldi-da, asta gapira ketdi: - Nemislarga qarasangiz-chi.

Ular allaqachon tamom bo‘lishgan, holdan toyishgan. Massaj yordamida ularni arang o‘zlariga keltirishayotganini nahotki ko‘rmayotgan bo‘lsangiz?! Sizning holatingiz ularnikidan ancha yaxshi. Endi esa, boring va jahon chempionatida muvaffaqiyatga erishing».

Shu tariqa charchoq o‘rnini qat’iyat egalladi.

****************

Xerst gol urganida tribunalar «Ramsi! Ramsi!» degan hayqiriqlardan larzaga keldi, ammo murabbiy hech narsani eshitmayotganday edi. Futbolchilar quvonchdan sakrashar, Alf esa yordamchisi Sheferdsonni tartibga chaqirishdan charchamasdi: «O‘tirsang-chi, Garold, sakrama!».

Futbolchilar tomonidan yaratilgan faxriy doirani ham u kamtarlarcha o‘tkazib yubordi: «Bugun sizlarning kuningiz, yigitlar! Siz bu ishni qila oldingiz, quvonsangiz arziydi».

Keyinroq Ramsi hayajonli damlarni yodga olarkan, shunday degandi: «Shu kuni hech bo‘lmasa birgina odam aqlini yo‘qotmasligi kerakligini tushunardim. Ammo qalbim quvonchga to‘lgandi, raqsga tushishdan o‘zimni arang tiyib turardim».

Jamoa kiyim almashtirish xonasiga yetib borganida, Alf Charltondan so‘rab qoldi: «Nima jin urib o‘sha lahzada to‘pga zarba berding, pas uzatishing ham mumkin edi-ku?». Shok holatiga tushib qolgan Bobbi o‘zini oqlamoqchi bo‘lardi: emishki, to‘p ho‘l ekan.

Va nihoyat, Ramsi ham hammaga qo‘shilib bayram qilishni boshlab yubordi, o‘yinchilarni tabrikladi, yelkalarini qoqdi, jilmayishdan to‘xtamadi. «Oradan 20 daqiqa o‘tgach, matbuotchilar kiyim almashtirish xonasiga «oqib kirishganida», Alf yana odatiy sovuqqon qiyofaga kirib ulgurgandi - xuddi bog‘dorchilar tanlovida bronzaga munosib topilganday ko‘rinardi», - deb yozgandi Mak-Kinstri.

Jamoa stadionga chiqqanida, Ramsini juda ko‘p tanqid qilgan muxbirlardan biri quvonchdan sakragancha qichqirdi: «Barakalla, Alf, buni uddalashingga doim ishongandim». Bu so‘zlarni eshitgan murabbiy unga nafrat bilan qaradi-da, dedi: «Oldinlari boshqacha kuylarding, shekilli...».

Angliya termasi vakillari rasmiy marosim uchun mo‘ljallangan liboslarni kiyish uchun mehmonxonaga qaytishdi. U yerda xursandchilik qilishdi, murabbiyni qo‘llarida ko‘tarishdi. Yo‘lga chiqishganida esa, avtobus yo‘lini mast kishi to‘sib, futbolchilarni zafar bilan tabriklashga harakat qildi, eshikdan boshini suqqanicha «Hammangizni yaxshi ko‘raman», dedi.

Keyingi chorrahada esa avtomobil tomiga chiqib olgan yosh qizcha raqsga tushardi. Banket o‘yinchilarga yoqmadi: hammasi o‘ta rasmiy tarzda tashkil qilingani yetmaganiday, futbolchilarga rafiqalarini chaqirishga ruxsat berishmadi. Rasmiy kishilar oldida zerikkan futbolchilar tezda «quyon bo‘lish»ni ma’qul ko‘rishdi.

Jek Charlton ertasi kuni tongda uyg‘onganida, Londonning qaysidir burchagidagi noma’lum kimsalar davrasida ekanligini anglab yetgandi. Ramsi esa mehmonxonaga - turmush o‘rtog‘i Vikining oldiga yo‘l oldi: uzoq gaplashishdi, yeyishdi, ichishdi.

«Biz to‘xtovsiz gapirishdan o‘zimizni tiyolmasdik. Meni esa bir savol qiynardi - hammasi chindanam o‘ngimda ro‘y beryaptimi? Nahotki, biz buni uddalagan bo‘lsak?».

Ramsi kuchli charchoqni his qildi. Rasmiy marosimlardan so‘ng Alf va Viki bir hafta uylaridan chiqishmadi, telefonni esa eng chetdagi uyga olib borib qo‘yishdi. U yerdan qo‘ng‘iroq ovozi mutlaqo eshitilmasdi.

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 00:30, 22.04.2018.
O'qildi: 2930 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.