Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Lionel Messi: «Hammasi yaxshi bo‘lishiga qalban ishonyapman»

Lionel Messi: «Hammasi yaxshi bo‘lishiga qalban ishonyapman»

Baho:
+ | -

QIROL! FENOMEN! O‘ZGA SAYYORALIK!

Ushbu jarangdor ta’riflar va tinimsiz ravishda o‘ylab topilayotgan boshqa sifatlar faqat unga tegishli. Bu kabi maqtov-madhlarda zarracha mubolag‘a yo‘q.

Zero, argentinalik dahocha anchadan buyon yerliklarga xos bo‘lmagan futbol namoyish etmoqda. Leo Messini bugun hamma - yoshu-qari birdek yaxshi taniydi. U hattoki, futbolga uncha qiziqmaydiganlar orasida ham mashhur.

«Barsa» muxlislari Leoni telbalardek sevishsa, raqiblar unga hurmat bilan boqishadi. Zero, futbol olamida Messi zabt etmagan cho‘qqi, yangilamagan rekord qolmadi, hisob.

To‘g‘ri, eng yirik turnir - jahon chempionati saralar sarasi, yashil maydon hukmdori va darvozabonlarning chin «qotil»iga hali bo‘ysungani yo‘q. Argentinalik shovvoz bu kemtikni ehtimol, Rossiya mundialida to‘ldirar. Har holda, shunga urinib ko‘rishi aniq.

Xullas, «Birinchi kanal» muxbiri yaqinda «albiselestlar» yetakchisini maxsus suhbatga chorlab, uning bo‘lajak jahon birinchiligiga nechog‘li umid bog‘layotganini bilishga qiziqdi.

- Leo, necha yildirki, barqaror o‘ynab, bir maromda gol urmoqdasiz. Bunday muvaffaqiyatli faoliyatning qandaydir aniq formulasi bormi?

- Har mavsum boshlanishi arafasida o‘z oldimga birlamchi vazifalar qo‘yishga odatlanganman. Asosiysi - sovrinlar kolleksiyasini boyitish yo‘lida bor kuch-mahoratni ishga solish! Hozircha «Barselona»da bu vazifani yaxshi uddalayapman.

Tabiiyki, endi Argentina terma jamoasi bilan ham sovrinlar yutishni istayman. Umuman, milliy jamoaga manfaat keltirish har qanday futbolchiga katta sharaf hisoblanadi, xususan, men uchun ham shunday.

Messi - futboldagi keskir tig‘. Undan OMON qolish amri-mahol. Leo «Barselona»dagi debyutini 17 yoshida nishonlab, yillar davomida futbol olamida ilojsiz ish yo‘qligini isbotlab kelmoqda.

Istasa, yolg‘iz o‘zi butun jamoani aldab o‘tishi mumkin, xohlasa, merganlarga xos fantastik zarbasi bilan darvozabonni shunchaki, sehrlab qo‘yadiki, u to‘p parvozini kuzatib turishdan boshqasiga yaramay qoladi. Leo raqib himoyasini shunday tez yorib o‘tadiki, go‘yoki, qarshisida hech qanday to‘siq yo‘qdek tuyuladi.

U fenomenal yurishini boshlasa, ko‘pincha raqib o‘yinchilarining birin-ketin maydonga qulashlari guvohiga aylanasiz. Bunday sehrli yurish faqat va faqat Leoga xos. Messi - o‘z klubi va terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar. U Ispaniya chempionatida naq 9 marta g‘alaba nashidasini surishga ulgurdi, YECHL kubogini 4 bora boshi uzra baland ko‘tardi.

Qolaversa, naq 5 marta dunyoning eng yaxshi futbolchisi sifatida «Oltin to‘p» sovriniga ega chiqdi. Ana shu benazir futbol afsonasi tez orada mundial-2018 bahona Rossiyaga keladi.

- Futbol olami bo‘lajak jahon chempionatidan ko‘p narsa kutmoqda. Xususan, hamma tarixdagi eng zo‘r mundialga guvoh bo‘lmoqchi. Xo‘sh, shaxsan siz Rossiya turnirida ishtirok etadigan futbolchi sifatida nimalarga umid bog‘layapsiz? Bo‘lajak musobaqa, o‘yinlar, muxlislar, stadionlardagi muhit va qabul yaxshi taassurot qoldirishiga ishonasizmi?

- Sir emas, mundial nafaqat futbolchi va murabbiylar, balki butun dunyodagi muxlislar uchun ham betakror voqea hisoblanadi. Umid qilamanki, navbatdagi turnir xuddi Braziliya-2014 kabi a’lo darajada o‘tadi.

Muhimi, yuksak saviyada futbol ko‘rsatilsa va muxlislar chinakamiga lazzat olishsa, bas. Biz esa o‘z navbatida, imkon qadar muvaffaqiyatli ishtirok etish asnosida bayramga hissa qo‘shishga harakat qilamiz, albatta.

- Jumladan, argentinalik muxlislar sizlardan g‘alaba kutishga haqlilar. Zero, avvalgi musobaqada finalda imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan kifoyalangandinglar.

Umuman, Rossiya mundialida dunyoning eng yaxshi futbolchilariga alohida e’tibor qaratilishi aniq, xususan, sizga...

- Ochig‘i, barcha jamoadoshlarim qatori kuchli bosimga ko‘nikib ulgurdim. Demak, bu borada muammo yo‘q. Axir «Barsa»da ham, terma jamoada ham barcha musobaqalarda faqat g‘oliblik uchun maydonga tushamiz.

Eng muhimi - turnirga yaxshi sport formasida kirishish. Shuningdek, tabiiy iqtidorni nechog‘li ishga solishingiz ham katta ahamiyat kasb etadi. Ayni payt hammasi yaxshi bo‘lishiga qalban ishonyapman.

Hozirning o‘zida bitta noyob holatga kafolat berish mumkin: Leo ismli futbol afsungari va uning seansini Rossiyaga kelgan muxlislar o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Binobarin, uning ijrosidagi «hunar»larni bevosita tomosha qilish har doim ham nasib etavermaydi.

Kimlar uchundir futbol tarixi allaqachon ikki qismga bo‘lingan - Messigacha bo‘lgan davr va uning davri. Mana, Eron milliy jamoasi bosh murabbiyi Karlush Keyrush hazil tariqasida g‘aroyib taklifni o‘rtaga tashladi: «Messi jahon chempionatida o‘ynash uchun boshqalar kabi oddiy inson ekanligini isbotlashi lozim.

Aks holda, uni diskvalifikasiya qilish kerak». Ha, bu hazil, ammo uning tagida katta ma’no yashirin. Umuman, milliardlab  muxlislar uchun Leoning o‘yinlarini ko‘rish muhimroq. Bu xohish oldida uning o‘zga sayyoradan ekanligi haqidagi gaplar chetga suriladi.

- Butun jahonda mislsiz obro‘ga egasiz, juda mashhursiz. Har holda, qayerga bormang, birga suratga tushish yoki dastxat olish ilinjidagi katta olomon orasida qolasiz. Bundan munosabat zeriktirmaydimi?

- Ko‘plab kasbdoshlarim va boshqa sport turlari vakillari mashhurlik yukini ko‘tarib yurish oson emasligini bot-bot ta’kidlashadi. Lekin shaxsan men bu borada boshqacha fikrdaman. Aniqrog‘i, ko‘chadagi takalluflarni odamlarning samimiy munosabatlarini teran his etish vositasi sifatida qabul qilaman.

Bu kishiga o‘zgacha rohat va kuch bag‘ishlaydi. Ha, Yaratganning inoyati bilan har yerda muxlislar qurshoviga tushaman, ularning mehrlarini tuyaman.

To‘g‘ri, masalaning bitta nozik tomoni ham bor - bir vaqtda hammaga yetarli e’tibor qaratishning iloji yo‘q, shuningdek, muxlislarning istaklarini to‘liq qondirish ham imkonsiz. Lekin menga nisbatan shunday iliq munosabat uchun barchadan minnatdorman, baribir.

- Diqqatga sazovor tomoni, tug‘ilgan sanangiz JCH-2018 guruh bosqichi o‘yinlari belgilangan kunga to‘g‘ri kelmoqda...

- Tavallud ayyomimni har xil yig‘in yoki musobaqalar chog‘i nishonlashga allaqachon ko‘nikib bo‘ldi. Bu sana ko‘pincha Amerika kubogi yoki JCH vaqtiga to‘g‘ri keladi.

Shunday ekan, tug‘ilgan kun sharafiga oila davrasida bayram uyushtirish yoki do‘stlar bilan qayergadir borish men uchun hattoki, g‘alatiroq tuyuladi. Axir necha yildirki, tug‘ilgan kunni qaysidir musobaqa vaqti mehmonxonada nishonlayapman. Lekin buning ham gashti bor - jamoaviy tadbirlarga nima yetsin?

Ruslar udumiga ko‘ra, tug‘ilgan kun bilan oldindan tabriklash joiz emas. Shu bois, «Birinchi kanal» ijodkorlari sayyoramizning eng yaxshi futbolchisini shunchaki, esdalik sovg‘asi bilan siylashdi -  «Barselona» a’zolari qiyofasidagi qo‘g‘irchoqlardan tuzilgan maxsus o‘yinchoq berishdi.

Tug‘ilgan kun uchun chinakam sovg‘ani esa Leoning o‘zi jamoadoshlari bilan hamkorlikda yashil maydonda tayyorlasa, ajabmas. Axir qirol qachondir taxtni haqqoniy tarzda egallashi kerak-ku.

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 01:37, 04.06.2018.
O'qildi: 7011 marta.
Fikrlar: 19 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.