Kirish Ro'yxatdan o'tish

Mundial «ekspress»iga chiptasiz qolganlar

Mundial «ekspress»iga chiptasiz qolganlar

Baho:
+1 | -

Qiziqarli kechishi kutilayotgan navbatdagi jahon chempionati boshlanishiga ko‘p vaqt qolmadi. Terma jamoalarning yakuniy ro‘yxati e’lon qilinmoqda. Bir nechta jahon futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan o‘yinchilar Mundialga bora olmaydigan bo‘ldi. Ularning ayrimlari haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Marsyal — Fransiya terma jamoasi («Manchester Yunayted»)

To‘g‘ri, Marsyal bu mavsum zaxirada ko‘proq ushlanib qoldi. Lekin uning nimalarga qodir ekanligini hamma murabbiylar juda yaxshi bilishadi. Hujumning istalgan pozisiyasida o‘ynay oladigan universal forvard Fransiyaga mundialda qo‘l kelishi mumkin edi. Deshamning tanlovini hurmat qilmasdan ilojimiz yo‘q. Lekin, uning bu qarori keyinchalik ko‘p muhokama qilinmasa bo‘lgani!

Raja Nainggolan — Belgiya terma jamoasi («Roma»)

Rimning «Roma»sida fantastik mavsum o‘tkazgan tajovuzkor yarim himoyachi hozirda Yevropa top-klublarining e’tibor markazida turibdi. Maydon markazidagi juda ham ishonchli o‘yinlari, aqlbovar qilmas zarbalari evaziga uning oshiqlari tobora ko‘payib bormoqda. Uning o‘zi esa «Roma»dan ketishni xohlamayapti. Belgiya terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Mirtines bilan o‘rtadagi kelishmovchilik sababli u Rossiya mundialidan chetda qoladigan bo‘ldi. Terma jamoa yakuniy ro‘yxati e’lon qilingach, Nainggolan xalqaro faoliyatini yakunlanganini e’lon qildi. Chamamda, bu qarordan uning o‘zi ham jindek xafa bo‘lgan bo‘lsa ajab emas!

Alvaro Morata — Ispaniya terma jamoasi («Chelsi»)

Baland bo‘yli klassik hujumchilar sirasiga kiradigan Morata mundialsiz qolganiga ko‘pchilik hayron qoldi. JCH-2018ga ketayotgan Yago Aspasdan ko‘ra uning terma jamoa uchun foydasi ko‘proq tegardi, degan fikr ko‘pchilikning xayolidan o‘tgan bo‘lsa kerak. Bu mavsum tumanli albionda o‘zini yo‘qotib qo‘ymagan Morata Aspasda yo‘q bir juda muhim jihatga ega edi. Bu — katta o‘yinlarda o‘zini yo‘qotib qo‘ymaslik. Uning karyerasida juda ko‘p keskin burilishlar bo‘lgani yetmaganidek, endi Mundialdan ham chetda qoldi. Lopategi bu qarori uchun keyin afsuslanmasa bo‘lgani!

Ueyn Runi — Angliya terma jamoasi («Everton»)

Ko‘pchilikning bu tanlovdan hayron bo‘layotganini tushunsa bo‘ladi. Lekin Runi biroz yoshi o‘tib qolsa ham, omadsiz mavsum o‘tkazgan bo‘lsa ham, u baribir Runi! U so‘nggi daqiqalarda maydonga tushgan bo‘lsa ham terma jamoa uchun foydali edi. Uning inglizlar uchun Uelbekdan ko‘ra ko‘proq foydasi tekkan bo‘lar edi. Chunki Runining fantastik tajribasi va sovuqqonligidan Rossiya yashil maydonlarida qo‘l kelishi mumkin edi.

Markos Alonso («Chelsi»), Ektor Belyerin («Arsenal») — Ispaniya terma jamoasi

Bu ikki shovvoz tumanli albionda o‘zining pozisiyasida deyarli tengsiz. Ikkalasiga ham «Real»dan va «Barsa»dan jiddiy takliflar bor. Eng qizig‘i, foydali ish koeffisiyenti bo‘yicha Belyerin Nacho Monrealdan ancha yaxshi statistikaga ega. Alonsa esa «Chelsi»ning almashtirib bo‘lmas o‘yinchilari qatoriga kirib bo‘ldi. Birdaniga ikki o‘yinchini qayd etganimizning sababi ikkalasi ham hech bo‘lmasa chempionatga borish uchun haqli edilar. Lekin qarorni murabbiy chiqaradi va unga o‘zi javob beradi.

Yahyoxo‘ja ULUG‘XO‘JAYEV

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 17:24, 05.06.2018.
O'qildi: 31404 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.