Bir necha yillik tanaffusdan so‘ng «Vulverxempton» klubi yana APLga qaytdi. Bu kamtarin jamoa uchun odatiy hol. Biroq «bo‘rilar» bu gal elitaga ulkan rejalar bilan chiqishgan.
Boisi, xitoylik sarmoyadorlar tashrifi ularni tirikchilik tashvishlaridan mosuvo etdi. Jorje Mendeshdek super-agent esa raqobatbardosh tarkibni shakllantirish mas’uliyatini o‘z zimmasiga olgan.
Qani ko‘raylik-chi, «Vulvz» yangi mavsumni qanday o‘tkazar ekan?
Xitoylik sarmoyadorlar
2016 yilda «Vulverxempton» Xitoyning «Fosun Internasional» kompaniyasi tasarrufiga o‘tdi. O‘z vaqtida «Chelsi» va «MYU»da ijrochi direktor lavozimida ish olib borgan Piter Kenyon muzokaralarda vositachi vazifasini bajardi. Aynan u xitoyliklar taklifini klub rahbariyatiga yetkazib, kelishuvdan olinajak manfaatlar xususida tomonlarga ma’lumot berdi.
«Fosun» APL shiddatiga dosh bera oladigan jamoani xarid qildi. «Bo‘rilar» - o‘z an’analari, taniqli brend, yetarli muxlislar va barqaror byudjetga ega jamoa. Kuchlilar safidan joy olishi uchun unga ozgina moliyaviy ko‘mak bo‘lsa, bas.
«Vulvz» sohibi Stiv Morgan savdoni cho‘zib o‘tirmadi - 60 mln. dollar. Xitoylik ishbilarmonlar uchun sariq chaqadek gap. Qo‘shimchasiga, Kenyon jamoaning yangi sohiblarini tarkibni kuchaytirishga ortiqcha pul sarflamasliklariga, saviyali futbolchilarni xarid qilish muammo emasligiga ishontirdi. Shu tariqa kelishuv amalga oshdi. Qolaversa, «Fosun»da yana bitta «ko‘zir» ham yo‘q emasdi - futbol olamining eng nufuzli agentlaridan biri Jorje Mendesh u bilan juda yaqin edi.
Xitoyliklar dastlabki marra sifatida «bo‘rilar»ning elitaga ko‘tarilishini mo‘ljallashgandi. Islohot tarkibni kuchaytirishdan boshlandi. Tabiiyki, bu borada rahnamolik Mendeshga topshirildi.
Mendesh mijozlari
«Vulvz» uchun yangi tarixiy davrning ilk «qaldirg‘ochi» portugaliyalik Elder Koshta bo‘ldi. Jamoa uni avvaliga ijaraga, keyin 15 mln. yevro evaziga «Benfika»dan sotib oldi. So‘ngra «Monako» vakili Ivan Kavaleyruga 8 mln. sarflandi, Joau Teysheyra esa «Benfika-B»dan ijaraga o‘tdi.
«Burgutlar»ning asosiy tarkibi ham jarayondan chetda qolmay, Ola Jonni malaka oshirishga jo‘natdi. Bularning barchasi Mendesh mijozlari edilar. O‘rtamiyona saviyali tarkib bilan jamoa 2016|2017 yillar mavsumini 15-o‘rinda yakunladi. Xitoylik sarmoyadorlar 36 mln. xarajat qilishdi.
Keyingi mavsumda Mendesh faollikni oshirdi - bosh murabbiy lavozimini uning mijozi Nunu Eshpiritu Santu egalladi. Sobiq darvozabon «Dinamo»dagi faoliyatidan keyin «Riu Ave», «Valensiya» va «Portu»da ustozlik qilgandi. Jorje bu jamoalar bilan doimiy aloqada.
Keyin agent «Portu»ning eng yosh sardori - 20 yoshli Ruben Neveshni 18 mln. evaziga «Vulvz»ga olib keldi. Ortidan Diogu Jota «Atletiko»dan ijaraga olindi. Shu tariqa Miranda, Villi Boli, Ruben Vinagre va Leo Bonatinilar ham «bo‘rilar»ga aylanishdi. Ijara kelishuvlari hisobiga sarf atigi 25 mln. yevroni tashkil etdi. Lekin tarkib juda kuchaydi.
Natijada Santu ilk urinishdayoq jamoani elitaga olib chiqdi. Joriy mavsumda yana 72 mln. sarflandi. Avvalo, ijarachilar bilan hisob-kitob qilindi. Qo‘shimchasiga, tajribali Joau Moutinyu va Ruy Patrisiular safga qo‘shildilar. Bundan tashqari, Mendesh Raul Ximenesning ijarasiga ham bosh-qosh bo‘ldi.
«Dinamo», «Valensiya», «Vulverxempton»
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.