Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Kanchelskis «Navbahor»ni qiyin vaziyatdan qanday olib chiqishini aytdi

Kanchelskis «Navbahor»ni qiyin vaziyatdan qanday olib chiqishini aytdi

Baho:
+ | -

Namanganning “Navbahor” klubi yangi bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis bugungi taqdimot marosimidan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi va savollarga javob qaytardi.

- Yangi jamoani qabul qilish qarorini qabul qilish oson emas. “Navbahor”ning joriy mavsumda 7 ta o‘yini qoldi va bu o‘yinlardan to‘rttasini safarda o‘tkazadi. Albatta, o‘z maydonida har qanday jamoani mag‘lubiyatga uchratishga qodir bo‘lgan “Navbahor”ning safardagi bahslarda nega salbiy natijalarni qayd etayotganligi menga qorong‘u.

Balki bu ruhiyat bilan bog‘liqdir, balki boshqa narsa bilan, bunisi menga noma’lum. Futbolchilar bilan yaqindan tanishib, suhbatlashilganidan so‘ng, bunga oydinlik kiritishga intilamiz. “Bunyodkor”dan uchralgan mag‘lubiyat ham men uchun kutilmagan holat bo‘ldi. To‘g‘risini aytsam, o‘sha o‘yinda ijobiy natijani kutgandim. Ammo...

Endi yigitlar o‘sha o‘yinni unutib, bo‘lajak uchrashuvga tayyorlanishlari kerak. Keyingi bahsga tayyorgarlik ko‘rish uchun hali oldinda yana 2 haftaga yaqin vaqt bor va  shu vaqt ichida murabbiylar shtabi bilan bamaslahat va birgalikda o‘z maydonimizdagi “Buxoro” hamda safarda “Lokomotiv” klublariga qarshi kechadigan o‘yinlarga puxta tayyorgarlik ko‘ramiz.

Murabbiylik sohangizni qadrlaysiz. Ammo chempionlik uchun kurashayotgan “Navbahor”ni qiyin vaziyatda qabul qilib oldingiz. Murabbiy sifatida bu qarorni qabul qilish sizga oson bo‘lmagandir? Axir, o‘zingiz bilan endi yangi futbolchilar olib kela olmaysiz. Shu haqda ham o‘ylab ko‘rdingizmi?

- Bu haqda o‘yladim. “Navbahor”ni qabul qilish borasida bir qarorga kelish kerak edi va buni qabul qildim. To‘g‘ri, bu tarkibni men yig‘maganman va futbolchilarni ham jamoa safiga men taklif qilmaganman. Endi joriy mavsumda o‘zim bilan yangi o‘yinchilarni olib kela olmayman hamda ayni paytda qo‘l ostimda bo‘lgan futbolchilar bilan mavsumni yakunlaymiz.

Sobiq bosh murabbiy Ilhom Mo‘minjonovga ham o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. U yaxshi jamoa shakllantirdi va “Navbahor” ayni paytda turnir jadvalining 3-pog‘onasida bormoqda. Shu sabab Mo‘minjonovni tanqid qilmaslik kerak. Uning kelgusida birorta jamoada faoliyat olib borishi va kelgusi ishlarida omad yor bo‘lishini tilayman.

“Navbahor”ga o‘zingizga qarashli bo‘lgan yordamchi murabbiylarni ham taklif etasizmi?

- Ha, taklif etaman. Tez kunlar ichida Namanganga tajribali mutaxassis Aleksey Ilich Belenkov keladi. Ushbu murabbiy futbolchilik faoliyati davomida Moskvaning “Torpedo” klubida o‘ynab, 1976 yili sobiq ittifoq chempionligini qo‘lga kiritgan hamda Eduard Strelsov, Ivanov singari mashhur futbolchilar birga to‘p surgan.

Biz u bilan “Torpedo - ZIL”, “Ufa” va “Solyaris” jamoalarida birga faoliyat olib borganmiz.SHuningdek, murabbiylar shtabida mahalliy mutaxassislar ham ish olib borishadi. Qaysi jamoada faoliyat olib borgan bo‘lsam, mahalliy mutaxassislarni ham murabbiylar shtabida qoldirganman. “Navbahor” darvozabonlar murabbiyi ham mahalliy mutaxassis. Bundan tashqari, shifokorlar va massajchilar ham mahalliy. Ular bilan birga umumiy til topishib, bir maqsad yo‘lida birgalikda faoliyat olib boramiz. Men bilan birga “Navbahor”ga faqat bir nafar yordamchi murabbiy keladi, xolos.

Superliga bahslarining yakunlanishiga 7 ta tur qoldi. “Navbahor” ushbu 7 uchrashuvning to‘rttasini safarda o‘tkazadi. Jamoa so‘nggi paytlarda safardagi bahslarda salbiy natijalarni qayd etyapti. Bu vaziyatdan qanday chiqib ketmoqchisiz?

- Qiyin vaziyatdan murabbiylar shtabi bilan bamaslahat holda chiqib ketamiz. To‘g‘ri, ta’kidlab o‘tganimdek, o‘z maydonida ajoyib o‘yin namoyish etadigan har qanday jamoani mag‘lubiyatga uchratadigan “Navbahor”ni safar uchrashuvlarida tanib bo‘lmay qolyapti. Bu psixologiya bilan bog‘liqmi yoki taktika bilanmi, bu hozircha menga noma’lum.

Bunga yigitlar bilan yakkama-yakka suhbatlashganimdan keyin oydinlik kiritiladi. Lekin safar o‘yinlarida ham endi ijobiy natijalarni qayd etishga, futbolchilarni bo‘lajak o‘yinlarga o‘zgacha ruhda tayyorlashga intilaman. Qisqasi, jamoaning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishishiga qo‘ldan kelganicha harakat qilaman.

Manba: pfcnavbahor.uz
Kiritildi: 22:49, 07.10.2018.
O'qildi: 5579 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.