Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

«Barsa»da keraksiz, «Borussiya»da daho

«Barsa»da keraksiz, «Borussiya»da daho

Baho:
+ | -

3ta turda 6ta gol, bunga nima deysan, Leo Messi? «Borussiya» D. va «Augsburg» klublari futbolchilari Bundesliga 7-turidan o‘rin olgan «Signal Iduna Park»dagi o‘yinda gollar otishmasini namoyish etishdi.

Yakunda mezbonlar Pako Alkaser tomonidan qayd etilgan «xet-trik» evaziga 4:3 hisobida g‘alaba qozonishdi. Ispaniyalik futbolchi oxirgi golini o‘yinning 90]6-daqiqasida nishonladi - o‘ta zavqli g‘alaba, qiyosi yo‘q xursandchilik.

Umuman, o‘tgan mavsum «Barselona»da o‘zini sira ko‘rsatolmagan hujumchining Bundesligadagi statistikasi hayratlanarli: u oxirgi 4ta o‘yinda «sariq-qoralar» uchun 7ta gol urdi. Ha, Alkaser «Barselona» zaxira o‘rindig‘ida behuda ketgan mavsumlar o‘rnini tezda qoplash harakatiga tushgan ko‘rinadi.

«Barsa»da nega o‘ynolmadi?

Pako Alkaser Ispaniya chempionatining 2016|2017 yillar mavsumida «Barselona» safida 20 marta maydonga tushdi. O‘yin vaqtiga nisbatan olganda, statistikasi ham chakki bo‘lmadi: 847 daqiqada 6ta gol va 3ta samarali uzatma. La-liganing o‘tgan mavsumida esa, hujumchi «ko‘k-anorrang» futbolkani 17 marta kiydi, o‘yin vaqti ham biroz kamaydi - maydonda jami 693 daqiqa harakatlandi. Pako shunga qaramay, 4ta gol va 3ta samarali uzatma asnosida effekt berdi. Biroq uning «Valensiya»da bir necha mavsum qoyilmaqom darajada o‘ynaganini hisobga olsak, Kataloniya superklubidagi ko‘rsatkichlari juda-juda past ko‘rinadi. Har holda, Alkaser 2016 yilning yozida «Mestalya» bilan chin qahramon sifatida xayrlashgandi. To‘g‘ri, o‘sha vaqt «Valensiya»ni bosh-qargan cho‘rtkesar murabbiy Pako AYEstaran futbolchi va ommani alohida ogohlantirgandi: «Bu o‘tish hech qanday yaxshilik olib kelmaydi, Alkaser Kataloniyada shunchaki, zaxira o‘rindig‘iga «mixlanib» Lionel Messi va Luis Suares ijrosidagi o‘yinlarni kuzatish bilan cheklanadi». Biroq yosh hujumchi bu kabi maslahatlarga quloq tutmadi va tez orada xato qilganini tan oldi. Xullas, Pako «Barsa»da kuchli raqobatni ko‘tarolmadi. Oddiy aytganda, u ikki mavsum davomida asosan zaxirada o‘tirib, 2 yosh ulg‘aydi. Ha, murabbiylar yosh iqtidorga milliy kubok va CHL doirasidagi bahslarda yetarlicha imkoniyat berishdi. Ammo eng mas’uliyatli o‘yinlarda unga qiyo ham boqishmadi. Axir ro‘paralarida argentinalik dahocha turganida, Pako ko‘zlariga ko‘rinarmidi? Alkaserning o‘zi oxir-oqibat, hattoki, Ernesto Valverdega murojaat qilib, unga ko‘proq o‘yin amaliyoti taqdim etishini ham so‘radi. Lekin befoyda. Binobarin, hech qaysi aqlli murabbiy zaxira vakiliga qo‘shimcha daqiqalar berish tufayli jamoa yetakchisi bilan aloqalari buzilishini istamasa kerak. Iyun oyida ispan jurnalisti Xorxe Moriel Marca nashrida ayni haqiqatni yozdi: «Alkaser - ajo-yib hujumchi, lekin unga vaqt kerak, o‘ziga munosib klub safiga qo‘shilishi ham muhim. Bordiyu, Antuan Grizmann «Barselona»ga o‘tsa, Pakoning ketishiga to‘g‘ri keladi, baribir. Germaniya yoki Fransiya - Pako uchun ideal variant. Har holda, o‘yin uslubi bo‘yicha ayni shu mamlakat chempionatlariga juda mos tushadi». Qarangki, Moriel yaqin kelajakni to‘g‘ri taxmin qilgan bo‘lib chiqdi: Alkaser «Borussiya»da ijara shartnomasi asosida o‘ynash variantini tanladi va bir urinishda Lyusyen Favr jamoasida bosh rollardan biriga ko‘tarildi. O‘z navbatida, nisbatan «g‘ariblashgan» Bundesliga yorqin ijrochiga ega bo‘ldi.

Alkaser qanday o‘zgardi?

«Borussiya» rahbariyati bahorda va yoz avvalida klubning transfer siyosati o‘zgarayotganini bot-bot ta’kidladi: «Endilikda faqat yosh futbolchilarga tayanamiz. Ha, tajribali o‘yinchilarni ham taklif etishimiz mumkin, shart shuki, ularning transferi katta mablag‘ talab qilmasligi kerak». Dortmundliklar shu siyosat ta’sirida qimmatbaho Mishi Batshuayidan voz kechishdi va Pako Alkaserni ijara asosida olishdi. Muhimi, ispan yigiti nemislar diyorida quyosh nuriga zoriqib turgan va birdaniga ochilgan kurtakni eslatdi. To‘g‘ri, insof yuzasidan aytish kerak, Dortmundda unga shunchaki, munosib raqobatchining o‘zi yo‘q. Qisqasi, Lyusyen Favr ispan hujumchisiga darhol asosiy tarkibdan joy ajratdi. Muhimi, futbolchi murabbiy ko‘rsatmasiga asosan, o‘yin uslubini ham biroz o‘zgartirdi. Oddiy tushuntirganda, Alkaser endilikda to‘pni oldinda kutib turmayapti, balki markazgacha ortga qaytmoqda, goh-gohida hattoki, qanotga ham ko‘chmoqda. Endi Alkaserning Dortmundda chindan ham, taraqqiyotga erishganini tasdiqlovchi bir necha statistik faktlarga e’tibor qarating:

* Pako Alkaserning «Valensiya» va «Barselona»dagi har 90 daqiqalik o‘yin vaqti bilan taqqoslasak, Germaniyada naq 51 foiz ko‘p yugurmoqda. U shuning barobarida qanotlar bo‘ylab tez-tez oldinga intilmoqda, ba’zan «9-raqam» rolini bajarmoqda.

* Ispan hujumchisining har 30 daqiqalik o‘yin vaqtiga to‘g‘ri keluvchi zarbalari soni «Barsa»dagi davriga nisbatan 0,7tadan ...3,8taga oshdi.

* Pako Alkaser Bundesliga tarixida ilk 3ta o‘yinida 6ta gol urgan ikkinchi futbolchi bo‘ldi (uzoq 1963 yili Gert Derfel xuddi shunday natija qayd etgandi).

* Alkaser «Borus- siya»dagi ilk 3ta goliga atigi 50 daqiqa sarfladi. Bu Dortmund klubi uchun rekord ko‘rsatkichdir.

* Pako o‘tgan mavsum 1ta gol urish uchun 3,75ta zarba yo‘llagandi («Barsa» futbolchilari uchun La-liga-2017|2018dagi eng yaxshi ko‘rsatkich). Endilikda hujumchi 1ta gol urish yo‘lida darvoza tomon 3,01 marta zarba bermoqda.

Xulosa shuki, Kataloniyada imkoniyat berilishini kutib charchagan Alkaser yangi klub va shaharga muammosiz moslashdi hamda bosh murabbiy falsafasini tezda tushundi. Lyusyen Favr ham hujumchidan hayratda: «Tabiatan universal futbolchilarni qadrlayman. Pako tez harakatlanib, raqiblaridan o‘zib ketishga ham, o‘zi va jamoadoshlariga birdek yaxshi vaziyat yaratishga ham usta. O‘ylashimcha, u yaqin vaqt oralig‘ida bemalol «Borus-  siya»ning eng muhim futbolchisiga aylanishi mumkin». Darvoqe, hujumchi uchun belgilangan transfer bahosi 23 mln. yevroga teng. Uning «Borussiya» hujumini to‘liq belgilab berayotganini hisobga olsak, bu summa ancha past...

mavsum kashfiyotlari

* Pako Alkaser - ispan futbolining oxirgi yillardagi eng iqtidorli hujumchilaridan biri. Vaqtida uni David Vilya va Raul merosxo‘ri sifatida e’tirof etishgan. Biroq «Barselona»dagi faoliyati o‘xshamagach, istiqboli shubha ostiga olingandi.

* 2003 yilning kuzida Oskar Ruben Valdes (Valensiya yaqinidagi shaharcha) futbol maktabiga argentinalik mashhur «Matador» - Mario Kempes («Valensiya» tarixidagi eng yaxshi futbolchi) tashrif buyuradi va mahalliy bolalar jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni tomosha qiladi. 12:4 hisobida yakunlangan o‘sha o‘yinda bo‘yi tengdoshlarinikidan ancha past va shalpangquloq bolakay - Pako Alkaser 9ta gol urgandi. Kempes yakunda doimiy tarzda shunday mahsuldorlik ko‘rsatadigan iqtidor bilan birga suratga tushib, uni yorqin kelajak kutayotganini taxmin qilgandi. 10 yoshli Pako o‘sha uchrashuvdan shunday ta’sirlanadiki, haligacha afsonaviy Mario qo‘lini qanday siqib qo‘yganini to‘lqinlanib gapirib beradi.

* Katta Pako Alkaser, ya’ni futbolchining otasi ham avvaliga millionlar o‘yini bilan shug‘ullangan, lekin keyinchalik qishloq xo‘jaligi o‘tib ketgan. U tuproqshunos mutaxassisligini olib, valensiyaliklar milliy g‘ururi hisoblangan apelsin yetishtirishga qiziqadi. Lekin futbolga nisbatan muhabbatining ikkinchi to‘lqini ta’sirida 5 yoshli to‘ng‘ich o‘g‘lini «Monte-Sion» maktabiga olib boradi. Bo‘yi ancha past bolakay bu dargohda o‘zidan 2 yosh katta tarbiyalanuvchilar guruhida shug‘ullanadi va keyinchalik Oskar Ruben Valdes maktabiga o‘tib, mahalliy «Torrent» jamoasida to‘p suradi. «Valensiya» tizimida esa 12 yoshida paydo bo‘lgandi.

* Qahramonimiz «ko‘rshapalaklar» akademiyasida ayniqsa, Xuan Bernat bilan yaxshi chiqishadi. Ular 2010 yili yozda Lixtenshteynda tashkillashtirilgan U-17 toifasidagi Yevropa chempionatida munosib o‘ynab, Ispaniya termasining kumush medal yutishiga katta hissa qo‘shishadi. Xususan, Pako 6ta gol bilan turnirning eng yaxshi to‘purariga aylangandi.

* Mavsum-2010|2011. «Valensiya» ustozi Unai Emeri «Logronyes»ga qarshi kubok bahsida birdaniga ikki iqtidor - Isko va Pakoga asosiy tarkibda debyut qilish imkonini beradi. 2010 yilning 11 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan o‘sha bahsda «ko‘rshapalaklar» 4:1 hisobida g‘alaba qozonishadi. Andalusiyalik Isko 2ta gol urib, darhol «Mestalya» yoqimtoyiga aylanadi, valensiyalik Pako ham olqishlardan benasib qolmaydi.

* Pako keyinchalik Ruminiyada o‘tkazilgan Yevropa chempionati (U-19)da milliy qahramon darajasiga chiqdi. Zero, chexlarga qarshi kechgan dramatik finalda aynan u hal qiluvchi rolni bajardi - qo‘shimcha bo‘limlarda avvaliga hisobni tenglashtirdi, keyin g‘alaba goliga mualliflik qilib, ispaniyalik yoshlarning «oltin» yutishlarini ta’minladi.

* Katta Pako (Fransisko) Alkaser 44 yoshida infarkt miokardi tufayli hayotdan ko‘z yumdi. Futbolchi U-19 belgisi ostida Estoniyada tashkillashtirilgan keyingi Yevropa birinchiligida qo‘lga kiritilgan yorqin g‘alabani aynan otasiga bag‘ishlagandi. Biroq Esnotiyadagi muvaffaqiyatdan so‘ng Pakoni «Xetafe»ga yuborishdi - ijara. Barcha alamlarini ichiga yutgan yosh hujumchi shu-shu Primerodagi har bir golini qo‘lini ko‘kka ko‘targan holda nishonlashga odatlandi: «Qara, ota, bu senga!»

* 20 yoshida «Valensiya»ga qaytgan Pako 3 mavsum davomida klub g‘ururiga aylandi. Misol uchun, «ko‘rshapalaklar» YEL-2013|2014 chorak finalida «Bazel» bilan to‘qnashib, ilk o‘yinni 0:3 hisobida boy berishdi va o‘z maydonlarida Alkaserning 3ta goli evaziga kerakli natija qayd etishdi - 5:0.

A.ISRILXONOV tayyorladi

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 23:16, 20.10.2018.
O'qildi: 7285 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.