Madridning «Real» klubida vaziyat o‘ta keskinligicha qolmoqda. «Barselona»ga qarshi bo‘lajak «El-Klasiko» oldidan jamoa ichidagi muhit havas qilarli darajada emas — so‘nggi kunlarda futbolchilar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar va hatto mushtlashuvlar haqida xabarlar tinmayapti.
Payshanba kuni Federiko Valverde va Orelyen Tchuameni o‘rtasida yangi mushtlashuv sodir bo‘lgani xabar qilingandi. Ushbu voqeadan so‘ng Valverdega tibbiy yordam kerak bo‘lgan — kuchli zarba natijasida u jarohat olib, shifoxonaga borishga majbur bo‘lgan.
Marca nashrining yangilangan ma’lumotlariga ko‘ra, nizoning yangi to‘lqini ertalabdan boshlangan:
Valverde mashg‘ulot oldidan fransiyalik jamoadoshi bilan qo‘l berib ko‘rishishdan bosh tortgan.
Bu holat kun davomida kuchli taranglikni keltirib chiqargan va mashg‘ulot yakunida jiddiy mushtlashuvga aylanib ketgan.
Ushbu voqeadan so‘ng «Real» rahbariyati va murabbiylar shtabi jamoa ichida zudlik bilan favqulodda yig‘ilish o‘tkazishgan. Hozircha klub 10 may kuni bo‘lib o‘tadigan muhim bahs oldidan futbolchilarni qanday qilib ruhiy jihatdan birlashtirishi noma’lum bo‘lib qolmoqda













