Shu kunlarda «Barselona», «Liverpul», «Chelsi», «Arsenal», «MYU», «Yuventus» muxlislari ko‘tarinki kayfiyatda yurishibdi. Lionel Messi ijrosidagi ajib «dubl», Muhammad Saloh qayd etgan surruli «xet-trik» ko‘pchilikning og‘zida. Xullas, o‘yin fusuni muxlislarni maftun aylamoqda. Lekin futbol taraqqiyot jarayonida muammolardan ham xoli yashamaydi. Boshqacha aytganda, muvaffaqiyat maydonida hamisha muammolar hoziru nozir...
Ogohlantirishlar og‘rig‘i
PFL «So‘g‘diyona» va «Buxoro» klublarini rasman ogohlantirdi. Ularning sababi va mazmuni endi barchaga ma’lum. Bizni shu mavzuga daxldor bir savol o‘ylantiradi: har ikki klub mutasaddilari mavjud me’yorlarni bila turib, nima uchun bunday ishlarga, mantiqsiz tavakkalga qo‘l urishmoqda? Nima, ular PFL qay darajada e’tiborli tashkilotga aylanganini sinovdan o‘tkazishyaptimi? Yoki Shuhrat Fayziyev va Sergey Lushan masalasida mutasaddilar o‘zlarini bilib-bilmaslikka olishadi, deb umid qilishdimi? «So‘g‘diyona» va «Buxoro» klublari rahbarlari balki hali ham belgilangan tartib-qoidalarni buzish imkoni bor, deb hisoblashayotgandir. Ehtimol, qaysidir yuqoriroq mansabdagi amaldor ularni shu ishga undab, «Xotirjam bo‘linglar, hammasini o‘zim to‘g‘rilayman, PFLga so‘zim o‘tadi!» qabilida gapirgandir... Ongli ravishda yo‘l qo‘yilgan xato xususida bundan boshqacha mulohaza yuritish mumkinmi?! Agar har ikki klub rahbarlari «Biz bu talab-qoidalardan bexabar edik», deyishsa, futbolimizning asl muammosi, haqiqatan ham, loqaydlik ekanligini tasdiqlagan bo‘lishadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitusiyamizning 26 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda o‘zboshimchalik bilan mansabini suiiste’mol qilgani uchun minglab amaldorlar vazifasidan ozod etilganini ta’kidladi. Yashirishning hojati yo‘q: futbolimizda ham bu kabi qonunga xilof harakatlar, tartib-qoidalarni chetlab o‘tishga urinishlar to‘lib-toshib yotibdi. «Sport» telekanalida efirga uzatilgan bahs-munozarada Dilshodbek To‘xtabekov vaziyatni boshqarmaganda illatlar pardasi ancha-muncha yirtilardi. Mayli, hozircha shunga ham shukr. Erta-indin futbolimizdagi og‘riqli mavzular faktlar asosida aytilishiga ishonchimiz komil! Zero, davlatimiz rahbari jurnalistlarni mavjud muammolarni ayovsiz ochib tashlashga, asosli tanqidiy maqolalarni ko‘proq chop etishga chorladi.
«Oltin to‘p»da tanglik
Ogohlantirishlar og‘rig‘i faqat bizning futbolga taalluqli ekanini ta’kidlash noo‘rin, albatta. FIFA va UYEFA futbol tom ma’noda yangilanishga muhtojligini ancha avval sezib ulgurgandi. Jahon futbolining nufuzli tashkilotlarida ro‘y bergan o‘zgarishlar fikrimiz dalilidir. Boshqaruvdagi yangilanishlar sabab, jahon va Yevropa chempionatini o‘zgacha tartib va tarkibda o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Xususan, UYEFA futbol saviyasidagi notekislikni hisobga olib, Millatlar Ligasini tashkilladi va endi uchinchi darajali yana bir yevromusobaqaga asos solmoqchi. Maqsad - grandlar gegemoniyasini ozmi-ko‘p cheklash va autsayderlar peshonasini silash. Kimlargadir yoqsa-yoqmasa, UYEFA qat’iyat bilan yangilanish sari yuz burmoqda. Milliy chempionatimiz formati va reglamentidagi o‘zgarishlar UYEFA islohotlariga hamohang ekani kishini quvontiradi. Ta’bir joiz bo‘lsa, UYEFAda ham, O‘FAda ham «Avval kuchlilar kuchlilarga, kuchsizlar kuchsizlarga, keyin kuchlilar kuchlilarning kuchlisiga, kuchsizlar kuchlilarning kuchsiziga qarshi!» tamoyili asosiy mezonga aylanmoqda.
Fikrimizcha, «Oltin to‘p» sohibini aniqlash mexanizmi ham shunday islohga muhtoj. Kuzgi o‘yinlar yana bir bor isbotladiki, Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu mahorati hamon yuksak mukofotga munosib. Lekin Luka Modrichning «Real» va Xorvatiya terma jamoasidagi xizmatlarini unutib bo‘ladimi?! Fakt shuki, u YECHLning 3 karra g‘olibi va JCH-2018 vise-chempioni! Xo‘sh, shunday vaziyatda qanday yo‘l tutish kerak? Bu safar 2010 va 2014 yilgi mundiallardan so‘ng amalga oshmagan ish ro‘yobga chiqqani to‘g‘ri bo‘ldimi, haqiqat qaror topdimi? Andres Inyesta va Toni Krossga ravo ko‘rilmagan «Oltin to‘p» Luka Modrichga topshirilishi o‘zini oqladimi? Sovrinlar zalvoriga qarasak, Andreas Inyesta va Toni Kross ham «Oltin to‘p»ga arzirli ish qilishgandi. Mezonni iste’dod va mahorat miqyosida olsak, Luka Modrichni Messi yoki Ronalduga qiyoslash - mantiqsizlik, xolos. «Oltin to‘p» sohibini aniqlash mexanizmi islohga muhtojligi ta’kidlayotganimiz sababi - shu! Ochig‘i, bu yilgi «Oltin to‘p» marosimidan ko‘pchilikning ko‘ngli to‘lmadi. Bizningcha, nufuzli sovrin kimga va qaysi xizmatlari uchun berilishi aniq chegaralab qo‘yilishi lozim. Jahon va Yevropa chempionati, YECHL va YELning eng yaxshi futbolchisi bir turnir doirasida aniqlansa va «Oltin to‘p» so‘roviga ta’sir o‘tkazmasa, maqsadga muvofiq bo‘lar, balki. Negaki, milliy chempionatlar va kubok musobaqalari davomiyligini yuqorida tilga olingan nufuzli turnirlar bilan solishtirib bo‘lmaydi. Ularni bir-biriga aralashtirib yuborish kelishmovchiliklarni keltirib chiqaraveradi.
Kuper o‘ylamoqda
Bugun «Oltin to‘p»ga munosib nomzod borasida yakdil fikr yo‘q. Har kimning o‘z qarashi bor. Shunday ranginlik, nazarimizda, Ektor Kuperni ham qiynamoqda. U bosh jamoamiz chap qanot himoyachilari sifatida Oleg Zoteev va Farrux Sayfiyevni, o‘ng qanot vakillari rolida esa Akmal Shorahmedov va Davron Hoshimovni tanladi. Klublarimizdagi boshqa himoyachilarning ulardan alohida ajralib turadigan ustun tomonlari yo‘qligini nazarda tutsak, Kuperning tanlovi to‘g‘ri. Biroq hammasi o‘ng va chap qanot yarim himoyasi qanday ko‘rinish olishi bilan chambarchas bog‘liqligini o‘ylasak, Kuperga oson emasligi ayonlashadi. Hammasini faqat saviya hal qilganida, tarkib tanlashda muammo tug‘ilmasdi. Holbuki, faqat saviyaning o‘zi bilan ish bitmaydi. Himoyachining fe’l-atvori, bosimga bardoshi qanotdagi yarim himoyachi bilan uyg‘unlashuvi bosh jamoamiz faoliyatida muhim o‘rin tutadi. Deylik, o‘ng tarafda Sardor Rashidov to‘p sursa, Akmal Shorahmedov yoki Davron Hoshimov uning uchun qulay qanotdoshmi? Murabbiy qulaylikni qidiradimi yoki ko‘rsatmasi to‘kis bajarilishini talab qiladi? Qaysi yo‘l terma jamoamiz uchun ma’qul? Ushbu savollarga qay darajada javob topishi himoyaviy uslubga moyil Kuper uchun hayot-mamot masalasidir. Tayanch yarim himoyasi va hujumchi ortida bir necha futbolchi o‘rin almashib to‘p suraveradi. Ektor Kuper bu masalada nolimasa ham bo‘laveradi. Eng asosiysi, yetakchilarning imkoniyatlaridan unumli foydalansa, bas! Ana, Kevin de Bryuyne va Serxio Aguerosiz «Manchester Siti» ham, Xosep Gvardiola ham qiynalmoqda. «Liverpul» esa Muhammad Saloh mahorati tufayli sharaflarga burkanmoqda. Shunday ekan, biz Odil Ahmedov va Sardor Rashidov tandemi Osiyo kubogi-2019da yorqin tarix yaratishiga umid bog‘lab qolamiz!