Kirish Ro'yxatdan o'tish

Umid Ahmadjonov: «Hukumat hech bir sportchini kimdandir kam qilayotgani yo‘q»

Umid Ahmadjonov: «Hukumat hech bir sportchini kimdandir kam qilayotgani yo‘q»

Baho:
+ | -
Bo'lim: SPORT
Rukn: Yangiliklar

2019 yil kirib kelishi bilan Kun.uz O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston futbol assosiasiyasi vise-prezidenti Umid Ahmadjonov bilan intervyu uyushtirdi. U «Bunyodkor» klubi atrofidagi vaziyat va O‘zbekiston Superligasining yangi mavsumdagi formati haqidagi savollarga javob qaytardi.

— Ma’lum muddat mamlakatning eng kuchli jamoasi bo‘lgan, xalqaro maydonlarda mamlakat sharafini himoya qilgan «Bunyodkor» klubi o‘z mavqeini yo‘qotgandan yo‘qotib bormoqda. Avvaliga jamoa jiddiy moliyaviy qiyinchiliklar girdobida qoldi, jamoaning uy stadioni xodimlari ish haqi to‘lanmagani bilan bog‘liq muammo yuzaga chiqdi, keyin stadion nomi o‘zgartirildi. Yaqinda jamoa bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov klubni tark etdi.

Endi klub futbolchilari har tomonga tarqalib ketmoqda, bir necha futbolchisi «Paxtakor»ga borib qo‘shildi, yana bir nechasi sobiq murabbiy ortidan Olmaliqqa borishi kutilmoqda. Voqealar rivoji nimaga olib boradi?

— Savolingizni tushundim. Biroq bu savol aslida «Bunyodkor» rahbariga berilsa, to‘g‘riroq bo‘lardi. Shuncha muammosi bor, ammo na klub muxlislariga va na jamoatchilikka aniq gap aytadi.

Moliyaviy qiyinchiliklarga sababchi ham klub rahbarlari. «Bunyodkor»da avval pul bo‘lmagan deysizmi? Doim bo‘lgan, biroq aql bilan sarf etilmagan. Qanaqadir legionerlar sababli qarzga botib ketdi. Axir bunga O‘FA aybdormasku? Mana shu muammolar avvaldan ham bor edi, o‘tgan mavsum arafasida ham bor edi. Ammo klub yallo qilib Dubayda yurdi, bilganini qildi. Biroq o‘sha qarzlardan qutulish haqida o‘ylab ham ko‘rishmadi. Bunga kim javob berishi kerak?

«Bunyodkor»da hech qachon uy stadioni bo‘lmagan. Ha, stadion jamoa uchun qurilgan. Biroq yillar davomida hech kimga tegishli bo‘lmay yotavergan. Shuncha pulni chet ellik futbolchilarga sochishni bilishdi, biroq boshqa ishlar haqida hech kim o‘ylamagan, hech kim hisob bermagan. Tayyor pulni sovurib, mavsum o‘tkazishni hamma ham eplay olardi.

Mirjalol Qosimovning o‘rnida men ham bunday klubdan ketgan bo‘lardim. Haliyam Qosimov oxirigacha tishini-tishiga qo‘yib, hamma narsa uchun chidab ishladi. Rahbariyat nima qildi? Lushchan bilan masala hal bo‘ldimi? Simonenko masalasi-chi? Shomurodov uchun munosib pul to‘langan deb o‘ylaysizmi? Doston Hamdamov masalasi-chi? Og‘izdagi oshni oldirib o‘tirishibdi. Otabek Shukurov ham ketdi, Aziz Haydarov ham ketdi. Hech bo‘lmaganda Qosimovni ham saqlab qola olishmadi.

So‘nggi vaqtlarda yanada xunukroq gaplarni eshityapman. «Bunyodkor»da non topgan, shu klubda ishlagan ayrimlar endi shu klub futbolchilarini boshqa klublarga nasiya qilayotganlar ham ekan. Ich-ichidan chirib bitayotgan klub haqida nima deyish mumkin? Bu tashqi ta’sir emas, bu xuddi olmani ichidan chiritayotgan qurtdek gap…


— 2018 yilgi mavsumda tajriba ko‘rinishida bo‘lgan Superliga formati ko‘p e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Mavsum davomida hatto klublar murabbiylari ham qoidalarni yaxshi tushunmagani ma’lum bo‘lib qoldi. Tajriba o‘zini oqladimi? Yangi mavsumda ham shu format saqlab qolinadimi?

— Kim chempionat startidan keyin formatga osilgan bo‘lsa, mag‘lubiyatga chidamas ekan. Chunki, chempionatni hamma 0 ochkodan boshladi va hammada imkoniyat teng bo‘ldi. O‘yna, yut va chempion bo‘l, kim xalal beradi senga. Shunday odamlar uchun ham formatni o‘zgartirib beramiz. Qani ko‘raylikchi, endi nima deyisharkin? Hamma muammo formatda deb o‘ylayotgan odam borki, yo futbolni tushunmaydi yoki shunchaki formatdan boshqasiga osilishga aqli yetmaydi.


— O‘zbekiston chempionati o‘yinlari televideniyeda jonli uzatilishi qanday kelishuv bo‘yicha amalga oshiriladi? Bunda qaysi tomonning qanday manfaatlari ko‘zda tutiladi?

— Aslida translyasiyani sotib, pul qilish kerak. Biroq buning uchun talab kuchli bo‘lishi, 2-3 telekanal o‘rtasida raqobat bo‘lishi shart. Biz chempionat o‘yinlari jonli efirda ko‘rsatilishidan manfaatdormiz. Shuning uchun kerak vaqtda «Sport» telekanali uchun moliyaviy yordam bergan vaqtimiz ham bo‘ldi. Va shu o‘rinda MTRK rahbariyatiga ham tarixda bo‘lmagan ishlarni uddalay olishgani uchun minnatdorchilik bildiraman.

Biz o‘zaro hamkorlikni davom ettiramiz. Shu jonli efirlar sabab hakamlar ham Superligada yetti o‘lchab, bir kesishga harakat qildi. Endi sekin-asta Pro-liga «A» uchrashuvlarini ham efirga olib chiqish ustida o‘ylamoqdamiz. Umid qilamanki, «Sport» yanada yeng shimarib ishlay oladi. Bizga jonli efirlar kerak. Bu bu yo‘lda qo‘limizdan kelganicha yordam berishga harakat qilamiz.


— O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo o‘yinlarida kiyadigan libosi muxlislar va jurnalistlar tanqidiga uchradi. Shundan kelib chiqqan holda kelgusida qanday o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin?

— Tanqid bo‘lgani yaxshi. Ammo biz ham terma jamoaga sifatsiz libos kiydirib qo‘ymaymiz. Faqat tashqi ko‘rinishga baho bermay, kelishsin, ushlab ko‘rishsin, kiyib ko‘rishsin va baho berishsin. Avvalgi homiy bilan solishtirish uchun ham imkoniyat bo‘ladi.

Ha, dizayni soddagina. Biroq bundan nega uyalish kerak, agar libosning o‘zi sifatli bo‘lsa?! Mark Sukerberg ham oddiy kiyimlarda yuradi, biroq aqli, puli haqida gap ketganida biz uni yerga ura olamizmi? 1994 yilda terma jamoamiz Osiyo o‘yinlariga bittagina libosda ketib, chempionlikni qo‘lga kiritgandi. Futbolchilar terma libosini kiyishni orzu qiladi, uning har qanday matosida ham jonini berib o‘ynaydi, vatan sha’ni turibdi-ku? Bilmaganlar esa ko‘rganiga ishonib gapiraveradi. Bugunga kelib hukumat hech bir sportchini kimdandir kam qilayotgani yo‘q. Osiyo o‘yinlariga bordik, boshqa musobaqalarda qatnashdik, birortasida ham hech kimdan kam joyimiz bo‘lmadi. Bundan keyin ham bo‘lmaydi. Buning uchun davlatimizga va uning rahbariga alohida tashakkur aytaman.

Kimlardir orzu qilayotgan o‘zgacha dizayn esa albatta bo‘ladi. Shu vaqtgacha aytgan ishlarimizni qilib kelyapmiz, bundan keyin ham shunga harakat qilamiz. Mashhur xorijlik murabbiy kelishiga ishonmaganlar Kuperni kutib olganidek, bugun format yoki formadan norozi bo‘layotganlar o‘sha maxsus dizaynli formani ham ko‘rishadi. Faqat sabr kerak ozgina.

Manba: www.olympic.uz
Kiritildi: 13:26, 06.01.2019.
O'qildi: 2077 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.